«Nahotki men qaroqchiman?»
Sudanlik do‘stlarimdan biri ajoyib maqola yozdi. Sarlavhasi: «Nahotki men qaroqchiman». Maqolada u o‘zi bilan sodir bo‘lgan ikkita voqeani keltiradi.
Birinchisi:
Irlandiyada tibbiyotdan imtihonlarim bor edi. Imtihonning to‘lovi 309 funt edi. Menda mayda pul yo‘q edi. Shu sabab 310 funt berdim. Muhimi imtihonni topshirdim. Imtihonlar tugagach Sudanga qaytdim. Sal o‘tib Irlandiyadan xat keldi. Unda shunday yozilgan edi: «Siz imtihon to‘lovini to‘lashda xato qilibsiz. To‘lov 309 funt edi. Siz 310 funt to‘labsiz. Sizga bir funtlik chek yubordik. Biz o‘z haqimizdan ortig‘ini olmaymiz». Qizig‘i, maktub bilan markaning narxi bir funtdan qimmatroq edi.
Ikkinchisi:
Men darsga qatnar edim. Uyim bilan fakultet orasida bir ayol u-bu narsa sotar edi. Men undan 18 pensga kakao sotib olar edim. Bir kuni u yerdan o‘tayotsam do‘konning boshqa tokchasida aynan o‘shanday kakaoning narxi 20 pens yozilgan holda turibdi. Men taajjublanib so‘radim:
– Nega birinchi tokchadagi kakaoning narxi 18 pens, ikkinchi tokchada esa 20 pens?
– Yaqinda bizga kakaoni eksport qiladigan davlat Nigeriyada mushkulotlar yuzaga kelib narxlar ko‘tarilibdi. Bu tokchadagi keyin kelgan yukdan. Shuning uchun qimmat. Mana bunisi esa oldingidan. Shuning uchun u arzon.
– Unday bo‘lsa, kishilar oldin arzonini olishadi. U tugasa keyin qimmatini olishadi. Toki arzoni tugamas ekan qimmatni hech kim olmaydi-ku, – dedim.
– Ha, buni bilaman.
– Shunday ekan, ularni aralashtirib arzonlarini ham 20 pensdan sotsangiz bo‘lmaydimi? Buni hech kim bilmaydi-ku!
Shunda u qulog‘imga:
– Sen qaroqchimisan? – dedi.
Uning gapi haligacha qulog‘im ostida jaranglaydi.
Bu qanaqa axloq?! Biz qachon bunaqa darajaga ko‘tarilamiz?!
Qosimjon Razzoqov facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter