Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudanda 600 mingdan ortiq inson ocharchilikdan aziyat chekmoqda

Sudanda 600 mingdan ortiq inson ocharchilikdan aziyat chekmoqda

Foto: BILD

Fuqarolar urushidan aziyat chekayotgan Sudanda ocharchilik hukm surmoqda. BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi va UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Afrika shimoli-sharqida joylashgan ushbu mamlakatda ocharchilikdan azob chekayotganlar soni 638 ming nafarga yetdi. 2025-yilda bu raqam bir milliondan oshishi mumkin.

Ayniqsa, hosil yig‘ib olinadigan mavsumda odamlar ocharchilikka yo‘liqqani xavotirli, hatto ko‘plar ochlikdan o‘lmoqda.

«Odamlar tobora kuchdan qolyapti va nobud bo‘lmoqda, chunki ular oylab oziq-ovqatdan mahrum», — dedi BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi eksperti Jan-Martin Bauer.

Vaziyat o‘ta qaltis. Sudan aholisining qariyb yarmi — 24 mln kishiga oziq-ovqat yetishmayapti.

BMT tasnifiga ko‘ra, ocharchilik — oziq-ovqat inqirozining o‘tkir shakli, uy-xo‘jaliklarining 20 foizi ovqat yetishmasligidan qiynaladi va kuniga har 10 ming kishiga hisoblaganda kamida ikki nafar katta yoshli inson yoki to‘rt nafar bola to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida vafot etadi. Sudan 15 yil davomida ocharchilik e’lon qilingan dunyodagi uchinchi mamlakat (Janubiy Sudan va Somalidan so‘ng).

Sudandagi ocharchilik sababi — fuqarolar urushi. 2023-yil aprelidan buyon hukumat rahbari Abdulfattoh al-Burhon va uning sobiq o‘rinbosari Muhammad Hamdon Daglo o‘rtasida Sudanni qo‘lga kiritish uchun qonli kurash kechmoqda.

Foto: BILD

Garchi so‘nggi 20 oy ichida Sudandagi urush jahondagi eng yirik gumanitar inqirozga aylangan bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat bunga panja ortidan qarayapti. 24 mingdan ziyod sudanlik halok bo‘lgan, 13 million nafari qochoqqa aylandi, shundan 3,2 millioni qo‘shni mamlakatlar — Chad, Misr va Janubiy Sudanga qochib o‘tib jon saqlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring