Muzqaymoq sotgan, ustachilik qilgan yigit ovozi bilan tanildi, tan olindi (video)
Ikki-uch kundan beri Facebook lentasida bir yigitchaning X factor ko‘rsatuvida qo‘shiq aytgani aylanayotgandi. Shunchaki e’tiborsiz o‘tib ketayotgandim. Bugun vaqt topib shu postlardan birini ko‘rdim va insonning taqdiri bir necha daqiqalarda o‘zgarib ketishiga ishondim.
Fazliddin Abduvohidov ismli istarali yosh yigit turk qo‘shiqchisi Ibrohim Tatlisasning qo‘shig‘ini aytayotgandi. Ovoziga shunchaki sehralanasiz...Va ko‘rsatuvning hay’at a’zolari ham hayratini yashirolmaganini ko‘rishiingiz mumkin. Taniqli qo‘shiqchi Munisa Rizayeva uni o‘z guruhiga qo‘shib olgani esa yana bir – bu yigitcha uchun omad, o‘z ustida ishlashi, rivojlanishi uchun imkoniyat.
Instagramdan «X factor» ko‘rsatuvini topdim, undan so‘ng esa obunachilar orasidan Fazliddinni – u «qo‘llab-quvvatlaganlaringiz uchun barchangizga raxmat», deb izoh qoldirgan ekan.
Instagramdagi sahifasi bir yil oldin ochilgan bo‘lib videolar juda kam edi. Ammo har bir chiqishi o‘ziga xos, hatto qurilishda ishlayotganda qo‘shiq aytayotgan videolari ham. Bir yil oldin bor-yo‘g‘i sanoqli obunachilari bo‘lgan Fazliddinning ko‘rsatuvdan keyin obunachilari 100 mingdan oshib ketganini ko‘rish mumkin.
Ko‘pning duosi ko‘l...
Men Fazliddinning ijodi va u bilan yaqindan tanishish maqsadida oz bo‘lsa-da barcha videolarini ko‘rib chiqdim. Va bir narsaga amin bo‘ldimki, unda san’atga yaqinlik, qobiliyat bor. Ya’ni skripkani turli joylarda chalganini, zavq bilan jo‘shib kuylaganini ko‘rishingiz mumkin. Bir yildan oshiq bu musiqalarga birov «layk» qo‘ymagan, ammo qo‘shiqlarini ozmi-ko‘pmi muxlislari eshitishgan – bu izohlar bir yil, olti oy, uch oy va hatto ko‘rsatuvga chiqishidan bir hafta oldin yozilgan:
«Bunday shirali ovozlar boshqa ishlar bilan shug‘ullanib yuribdi, ovozi yo‘qlar eshakdek hangrab mashhur bo‘layapti»
«Nega bu bola bunaqa ishlarda ishlab yuribdi, shundoq ovozi bor ekan... »
«Fazliddin akam legenda»
«Qo‘llab-quvvatlaymiz, deganlar nechtamiz»
«Akajon ovozingiz chiroyli ekan, omadingizni bersin, sizning joyingiz san’atda, sizdan zo‘r xonanda chiqadi, ishonamiz, sizdan boshqa qo‘shiqlar ham kutamiz»
«Mana bizdagi talant qiyinchiliklarda yuribdi, chunki ularni orqasi yo‘qda».
Bir yillar oldin Fazliddin «Qiyomat yaqinmi deymanda» nomli qo‘shiqni ustachilik qilayotgan payti aytgan, shunda muxlislaridan bir yozayapti, «O‘zingdan ketma» degan qo‘shiqniyam ayting va Fazliddin yozayapti, keyingi videoga o‘ting buniyam aytdim. Men ham keyingi sahifasiga o‘tdim – qo‘shiqni shu qadar chiroyli aytganki, go‘yoki qo‘shiqlarda, har bir hatti-harakatlarida, har bir izohlarda uning taqdiri, omadiga, kelajagiga ishora bordek edi:
«To‘rt tanga pul topding endi
Qancha kerilganlar sindi
Ot minganlar devor mindi
O‘zingdan ketma...».
Menga eng ta’sir qilgan izoh bundan yetti oylar Sherali ismli obunachisi tomonidan yozilgan ushbu niyat bo‘ldi:
«Bir kun mashhur bo‘lib, intervyu berganda birinchi muxlislarni ham aytib o‘ting ukam, shu kunlar kelsin»
Ana endi bu izohga shu bugun, shu soatlarda yozilayotgan javoblar:
«Shu kun keldi, X factorni ko‘rdingizmi, «Keldi shu kunlar akaaa», «Keldi shu kun aka, sezgan ekansiz».
Fazliddin shu kunlarda Munisa Rizayevaning guruhida o‘z imkoniyatlarini sinayapti, Instagram sahifasida e’lon qilganidek qo‘shiqchi bilan ilk duetini ham aytib chiqdi. Muxlislari ta’kidlaganidek, omad kelaman desa hech gap emas. Uning obunachilari soat sayin oshib bormoqda. Yana bir talant kashf qilindi va ko‘pchilikning qalbidan joy olishga ulgurdi.
Biz esa Fazliddinga omadlar tilaymiz va ishonamizki u yaxshi niyatlar bildirgan, tilaklar tilagan ilk muxlislarini hech qachon unutmaydi, ya’ni o‘zi kuylaganidek:
Oydan o‘tganda ham bo‘yi, quyoshga yetsa ham qo‘li, milliondan o‘tsada puli, o‘zidan ketmaydi...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter