Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘p xotinlik reklamasi va yuzni to‘sib yurishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi

Ko‘p xotinlik reklamasi va yuzni to‘sib yurishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlik va uning «afzalliklari»ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika bo‘yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitutsiyamizga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy an’analarini inobatga olgan holda «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda, deyiladi Oliy Majlis Senati xabarida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring