Kichik biznesni rivojlantirish uchun besh yillik strategiya ishlab chiqildi

Bugungi uchrashuvda kichik biznesdagi kelgusi qadamlarni belgilab beradigan besh yillik strategiya ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Buni xalqaro moliya tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlab, yangi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha ilg‘or tajriba, innovatsiya, texnologiya va xalqaro standartlarni joriy qilishda ko‘maklashishga, buning uchun hozirni o‘zida 470 million dollar resurs ajratishga tayyor.
Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki «Moliyaviy ommaboplik» dasturi doirasida kichik va o‘rta biznesga 100 million dollar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «yashil» va innovatsion loyihalar uchun 200 million dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi ayollar tadbirkorligi uchun 30 million yevro ajratmoqda.
Uchrashuvda ushbu tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z fikr va takliflarini aytdi.
Davlat rahbari ular vakillik qilayotgan tuzilmalarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi, hamkorlik yanada kengayishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.
Prezidentimiz bugun muhokama qilingan dolzarb masalalar: raqobatbardosh bo‘lish, yangi bozorlarga kirib borish, standart, yangiliklarga o‘qitish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarib, ko‘paytirish uchun Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Kichik biznes bilan ishlashga mahalladagi hokim yordamchisi, mahalla bankiridan tortib, banklar, bandlik vaziri hamda Bosh vazir o‘rinbosarlarigacha juda katta tizim safarbar qilingani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga, viloyat hokimlariga kichik biznes vakillari bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yib, ular ko‘targan tizimli masalalarni tezkor hal qilib borish topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter