Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil askarlari orasida xatarli «epidemiya» tarqalmoqda

Isroil askarlari orasida xatarli «epidemiya» tarqalmoqda

Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon 28 nafar yahudiy harbiy xizmatchisi o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda «The Times of Israel» gazetasi  Isroil armiyasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Urush boshlanganidan keyin Isroil askarlari orasida o‘z joniga qasd qilish «epidemiya»si kuchayganini kuzatish mumkin. 2023 yilda 17 nafar yahudiy askari o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 21 taga yetgan. O‘tgan yilda qayd etilgan o‘lim holatlari so‘nggi 13 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.

2022 yilda 14 nafar, 2021 yilda esa 11 nafar harbiy o‘z joniga qasd qilgan. 

Isroil armiyasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, G‘azo sektorida qonli urush boshlangandan buyon isroillik minglab askarlar ruhiy beqarorlik sabab jang maydonini tark etgan.

Avval xabar berganimizdek, Amnesty International inson huquqlari tashkiloti G‘azo sektoridagi insoniy talafotlar va vayronagarchiliklar, yahudiy davlati rasmiylarining bayonotlarini o‘rganib, Isroil Falastin xalqiga nisbatan genotsid sodir etmoqda degan xulosaga kelgan.

2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlar sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan. Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

2024 yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritgan. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze ayni paytda nafaqat G‘azoda, balki okkupatsiya ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklar Isroilning etnik tozalash va ayirmachilik siyosati qurboni bo‘layotgani haqida bong urgan va yahudiy davlatining BMTdagi a’zoligini vaqtincha to‘xtatishni taklif qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring