Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Haj» va «Umra» ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi

«Haj» va «Umra» ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi

DXX va IIV tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda «Haj» va «Umra» ziyoratlariga noqonuniy yuborish holatlari fosh etildi.

Jumladan, Namangan viloyatida qayd etilgan holatda, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangan shahridagi sayyohlik firmalaridan biri orqali joriy yilgi mavsumda Saudiya Arabistoniga «Haj» ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firmada ish yurituvchi bo‘lib ishlovchi, 1981-yilda tug‘ilgan shaxs 2 nafar fuqaroni ushbu firma orqali joriy yilgi «Haj» mavsumida ezgu amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, lekin tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turistik firma orqali «Umra» ziyoratiga yuborish evaziga 3450 AQSh dollari olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshloq tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan shaxs «Umra» ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasada, viza rasmiylashtirib berish orqali, Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni «Umra» safariga jo‘natish evaziga 2400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Quva tumanida qayd etilgan holatda, 1980-yilda tug‘ilgan shaxs Telegram messenjeridagi profili orqali go‘yoki «Umra» ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanuvchi firmasi borligini aytib, aynan «Umra» vizasi bilan 2 nafar fuqaroni ziyoratga jo‘natish evaziga 3100 AQSh dollari talab qilib, oldindan 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring