«Chiq, cheta chiq, arvachi...» – rulda endi qo‘shiqchi
O‘zining antiqa qiliqlari va «qaynoq ijodi» bilan doim barchaning e’tiborini tortuvchi xonanda Jahongir Otajonov endi yangi yo‘nalishga qo‘l urgan ko‘rinadi. U yaqinda o‘zi va o‘zgalar hayotini xavfga qo‘yib, Toshkent-Samarqand yo‘lining 100 km/soat tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan qismida Zeekr avtomobilini 195 km/soat tezlikda boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini namoyishkorona buzib, o‘sha videoni Instagram’ga joyladi.
Ko‘pchilikning «og‘ziga tushgan» o‘sha videoda u shunday deydi: «Kecha Zeekr tezligi nechaga chiqar ekan, deb so‘rashgandi. Qani, ko‘ramiz… Men 195 km/soatga chiqardim. To‘g‘risi, yana tezroq haydashga qo‘rqdim. Balki 200 km/soat tezlikka ham chiqar, bilmadim». U tezlik bilan bog‘liq qoidabuzarligi uchun 3 mln 375 ming so‘m, yo‘lda telefondan foydalangani uchun esa 1 mln 125 ming so‘m jarimaga tortildi. Ammo bu kabi chiqishlar orqali internetda «porlab» turadigan yulduzlar uchun bu jarimalar qo‘rqitish o‘rnini bosarmikin?
Shu muhokamalar fonida, Otajonovning bu «muvaffaqiyati»dan ilhomlangan yosh xonanda Osman Navro‘zov ham ko‘p kuttirmay, ijtimoiy tarmoqlarda 197 km/soat tezlikda harakatlangan videosini joyladi. YHX xodimlari uning huquqbuzarligiga ham chora ko‘rib, jarimaga tortdi. Shu tarzda san’atkorlarning bu «jasoratli» yurishlari o‘zaro «poyga»ga aylanib ketmasmikin? To‘xtatilmasa, Jahongir Otajonov boshlab bergan bu «qaynoq ijod» yomon fleshmobga aylanishi mumkin.
Albatta, bu kabi «xavfli shou»lar orqali e’tibor qozonish, o‘zini piar qilish qo‘shiq yozish, bastakor bilan hamkorlik qilish, studiyada ovoz yozish, klip tasvirga olish kabi sarflar oldida ancha arzon tushadi. Ammo shunday videolar ortida odamlar hayoti xavf ostida qoladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining 34 foizidan ko‘prog‘i ruxsat etilgan tezlikni oshirish natijasida sodir bo‘ladi.
Qonun barcha uchun barobar, lekin jarimalar-chi?
Jahon amaliyotida bu masalada choralar qat’iy. Masalan, Finlyandiya va Daniyada tezlikni oshirganlik uchun jarima haydovchining yillik daromadiga bog‘liq bo‘ladi. Ba’zi mamlakatlarda esa qoidabuzarlik uchun jarimaning maksimal miqdori cheksiz. Misol uchun, Finlyandiyada 27 yoshli Yussi Salonoya belgilangan tezlikni oshirgani uchun 200 ming dollar jarima to‘ladi, chunki uning yillik daromadi 11,5 mln dollarni tashkil qilgan.
Buyuk Britaniyada ham, bizdagi kabi, tezlik qancha oshirilganiga qarab jarima miqdori oshib boradi. Qoidabuzarlik kameralar orqali qayd etiladi va odatda inglizlar 100 dollarlik jarima bilan qutulib qoladilar. Ammo, agar tezlik belgilangan me’yordan ancha yuqori bo‘lsa, jarima ancha katta bo‘lishi mumkin. Bir safar Porsche 911 haydovchisi qishloq yo‘lida 275 km/soat tezlikda harakatlanganda, Britaniya hokimiyati uni 8000 dollar jarimaga tortgan.
AQShning Virjiniya shtatida ham tezlik qoidalari qat’iy belgilangan: me’yoridan bor-yo‘g‘i 15 km/soatga tezlikni oshirganlik uchun 2500 dollar jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi. Darvoqe, ba’zi shtatlarda tezlikni juda oshirib yuborsa, qamoqqa tushish ham mumkin.
Germaniyada, hatto Shumaxer vatanida ham, tezlik cheklangan joylarda qoidabuzarlar 623 dollarlik jarimaga tortilib, haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishlari mumkin.
Niderlandiyada tezlikni oshirganlik uchun 800 dollar jarima to‘lanadi. Bu yerda jarima politsiyachiga voqea joyida to‘lanadi. Agar qoidabuzarlik ikkinchi marta sodir etilsa, haydovchi qamoqqa olinadi, avtomobili esa musodara etiladi. Balki shuning uchun bu mamlakatda ko‘proq velosipedda yurish urf bo‘lgandir.
O‘zbekistonda tezlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar oddiy odamlar uchun katta chiqim, ammo Jahongir Otajonov kabi serdaromad shaxslar uchun bu «birrov»lik narsa bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun bunday qonunbuzarliklar oldini olish uchun jiddiyroq choralar ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aks holda, yo‘llarda bunday «yulduz»lar ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi.
Shuhrat Normurodov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter