Bookcafesi bor muharrir, musahhih, tahrirchi...

Farg‘onalik 27 yoshli Gulasal Qodirovaning kichkinagina kitobkafe (bookcafe)si bor. Maktab yonida bo‘lgani uchun mijozlari o‘quvchilar. Bolalar u yerga ovqatlanishga kirganida beixtiyor kitoblar bilan to‘qnash keladi. Gulasal tadbirkor turmush o‘rtog‘i kafe ochayotganda «keling shuni (bookcafe) qilamiz, bolalar nafaqat qornini to‘ydiradi, balki ma’naviy ozuqa ham oladi» degan ekan.
Uni ko‘rsangiz shunchaki bufetchi ayol-da, deb o‘ylaysiz. Ammo kitobkafesiga kirsangiz, bufetchi ayolning kitob va daftarlar orasiga sho‘ng‘igancha nimalardir yozayotganini kuzatasiz. Ko‘rganmisiz, qo‘li-qo‘liga tegmay idish-tovoq yuvib, savdo qilib yana orada yozuv-chizuvga uringan odamni.
Qahramonimiz Gulasal pirashki pishirish va sotishdan tashqari muharrir, musahhih, sahifalovchi, tahlilchi jurnalist va kopirayter sifatida onlayn faoliyat yuritadi – jismoniy va aqliy mehnatni birlashtira olgan.
Ko‘pchilikni e’tiboriga tushgan kitoblar «Qo‘rqma», «Yolg‘onlar shahri», «Diqqat», «Ibtido», «Baxt yetkazish» kabi «Asaxiy» kitoblariga musahhih va sahifalovchilik qilgan ham shu mitti jussali ayol. Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TA universitetning filologiya fakultetini tamomlagan Gulasal, o‘zining «Urfon» kitobkafesida bir nechta vazifani birvarakayiga bajarish asnosida intervyu berdi.
– Bookcafe ochish g‘oyasi qayerdan keldi?
– Kitoblarim uyga sig‘may ketgandi. Chunki men ishlagan nashriyotlar haligacha yangi kitoblarni sovg‘a sifatida jo‘natishadi. Kafeni ochishda muammolarga duch kelmadik. Turmush o‘rtog‘im tadbirkor, kafeni bir yil ichida qurib, bitkazdik. U paytlari Qo‘qonga qatnab, nashriyotda muharrir sifatida ishlayotgandim. Kitoblarimni ro‘yxatdan o‘tkazganimda 500 dan ortiq edi, keyin bolalarga sovg‘a qilib yubordim ko‘pini, hozir 300 ta qoldi.
– Odamlarning kitobxonlikka munosabatlari...
– Bu kafega bolalar ko‘proq kiradi. Lekin shunaqa vaziyatlar bo‘lganki, katta yoshli kishilar orasida ham kitobga 200 ming to‘lab o‘qishga olib turishgan. Ya’ni kitobni qaytarishga ishonishim uchun. Menda hozir reklamasi kuchaygan yaxshi kitoblar ko‘p, chunki nashriyotlarda tahrirchiman. Quvontiradigani badiiy asarlardan tashqari shaxsiy rivojlanish mavzusidagi kitoblarga talabning ko‘paygani, masalan «Atom odatlar», «Uchdan keyin kech» asosan ayollar bolalar tarbiyasiga oid, yoshlar motivatsiya beradigan kitobga qiziqadi. Bitta muammo bolalar asarlari, ertak kitoblarning kamligi. Bilasizmi, kitob qishloq odamlarining hayotiga mazmun olib kiradi. Chunki asarni o‘qiyotgan odam uning ichida yashaydi. O‘tgan yili «Yosh kitobxonlar» tanloviga tayyorlanish paytida 50 ta kitob o‘qidim, hayotimning bir yili qanday o‘tganini bilmay qoldim. Uzluksiz kitob o‘qish orqali angladimki, kitob o‘qimasam hayot to‘xtagandek yoki bekor o‘tayotgandek bo‘lib qoldi.
– Bookcafeni rivojlantirish uchun qanday rejalaringiz bor?
– To‘g‘risini aytaman, menimcha, bundan ortiq rivojlantirib bo‘lmaydi. Kelgusida kitobxonlikka oid o‘yinlar – 10 bet kitob o‘qigan odamga 10 foiz chegirma qilmoqchiman....
– Agar hayotingiz haqida kitob yozilsa, u qanday nomlanishi mumkin?
– Hayotim haqidagi kitobni «Tavakkalliklar» deb nomlardim. Men tavakkal qilib Toshkentdan qishloqqa qaytib, tavakkal kafeni ochdim, menga bildirayotgan ish takliflarga yo‘q demayman – eplasam muvaffaqiyat, eplamasam tajriba deyman. Yangi bilimlarni tavakkal bilan o‘rganish yoqadi. Imkon qadar boshlagan ishimni oxirigacha yetkazaman, har bir tavakkalim o‘zini oqlagan.
– Qishloqda ayol bo‘lish qiyinmi?
– Qishloqda ishlaydigan ayolga qiyin. Ham uy ishi – molga qarash, dalaga chiqish, hovli supurish... Shaharlik ayol esa yakshanbasini bo‘lsa-da o‘ziga ajrata oladi, aylanishga chiqadi, qishloq ayoli qayerga aylanishga borishi mumkin? Va qishloqda hammaning bir-biri bilan ishi bo‘ladi, gap-so‘z bosimi bor va ayollar qobiqda yurishga majbur. Asosan vaqti uy ishlariga ketadi. Shaharda o‘zini-o‘zi rivojlantirishga vaqt topsa bo‘ladi. Qishloqda ayollar ko‘proq ikir-chikirlar bilan ovora bo‘lib o‘zi nima istayotganini bilmaydi. Orzularini, istaklarini tahlil qilishni, maqsadlarini esdan chiqarib qo‘yadi. Avvalo ayol ruhan erkin bo‘lishi, mas’uliyat bilan majburiyatni ajratib olishi kerak. Ko‘pchilik ayollar hamma narsaga mas’ulman deb o‘ylaydi. Yo‘q ayol, avvalo farzandini ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom qilib voyaga yetkazishga mas’ul. U nimalargadir o‘zini qurbon qilishga, ortig‘i bilan hammaning ko‘nglini olishga majbur emas. U rivojlanishi uchun, avvalo men nima xohlayman, men kim bo‘lmoqchiman, degan savollarga javob topishi lozim. Biror narsani xohlashning erta-kechi yo‘q. Hozir imkoniyat qishloqda ham yetarlicha. Chunki texnologiya rivojlanmoqda. Har bir kasb egasi o‘z ustida ishlashi shart, zamonaviy dunyoning talabi shu. Kafeda ishim bor, oddiy o‘qituvchi bo‘lsam yetarli demadim, perashki ham pishiraman (aytgancha men pishiriq pishirishni eplay olmasam kerak, deb o‘ylardim, lekin orada kursda ham o‘qib oldim), turk tilini, kopirayterlikni shu kafeda o‘tirib onlayn o‘rgandim.
Hozir turk asarlari tarjimalarini solishtirish bo‘yicha nashriyotlar bilan hamkorlikda ishlayman, bu ham qo‘shimcha daromad. Ko‘ngilda istak bo‘lsa har qanday ayol tillarni, texnologiyani o‘rganishi mumkin. Yana til o‘rganish asnosida o‘zingizda g‘urur paydo bo‘ladi, yana bir ilmni o‘zlashtirayotganingizga.
– Ayol sifatida hayotingizdagi eng katta g‘alabangiz?
– Hayotimdagi g‘alabam, qishloqqa qaytganimdan keyin to‘xtab qolmaganim, orzularimdan kechmaganim, qishloqda yashasam-da vaqtimni «sog‘lom» o‘tkazishga harakat qilganim. Masalan, shaharda kitobxonlik tanloviga qatnashishga qiziqmaganman, qishloqda shu tanlovga tayyorlandim. Asarlarni taqriz qildim: «Kun. uz»da ishladim, kinoga oid sohalardan ish taklifi tushdi, «Jadid» gazetasiga ishga chaqirishdi. Muharrir-musahhih desa ko‘pchilikning xayoliga men kela boshlashim.
– Jamiyat yoki oila tomonidan sizga «buni qilolmaysan» deyilgan, lekin siz uddalagan holatlar bo‘lganmi?
– Sen shaharga qaytolmaysan, qishloqda qolib ketasan, osmondan tush pastga, maktabga ishga kir, ishingni davom ettir, deyishgan. Men odamlarning taslim qiladigan gaplariga e’tibor bermayman. Ruhiy erkinlik degani mana shu. Avvalo qiladigan ishimni hech kimga aytmayman, masalan, turk tilini o‘rganamanmi, kopirayterliknimi sertifikat olganimdan keyin aytdim, yosh kitobxonlar tanloviga qatnashayotganimniyam aytmaganman. Shunda hech kim boshlayotgan ishingizga to‘siq bo‘lmaydi, negativ fikr bildirolmaydi.
– Orzularingizni amalga oshirishda qanday muammolarga duch kelgansiz? Taslim bo‘lishni o‘ylaganmisiz?
– Birinchi muammo – dadam Toshkentga o‘qishimga qarshi bo‘lgan. Ammo bunga mening qizbola ekanligim xalaqit bermagan, kerak bo‘lsa ochlik e’lon qildim. Taslim bo‘lgim kelgan paytlar bo‘lgan. «Nima qilaman boshimni og‘ritib erim boqsa, shuncha kitob o‘qish, ijod qilish kimga kerak o‘zi» deganman, oddiy qishloq ayoli bo‘lgim kelgan. Shu soddaliklarga intilgan paytlarim bo‘lgan. Ishlashga, o‘qishga majburmanmi, to‘xtataman deganman, lekin bir haftadan keyin «sen shu uchun tug‘ilganmisan, shunchaki yashashni xohlaysanmi, shu ikir-chikir, farzandlar to‘yini ko‘rish, hayotda hech narsa ko‘rmagan qaynona bo‘lish... shumi orzuing» deganman. Qishloq sharoiti meni ruhlantirgan – kitob ushlashga, kompyuterda o‘tirib ishlashga majbur qilgan.
– Agar siz o‘zingiz yoshlikda ololmagan bir imkoniyatni boshqa ayollarga berish imkoniga ega bo‘lsangiz, u nimadan iborat bo‘lar edi?
– Men ololmagan motivatsiyalarimni, tajribalarimni kanalim orqali ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga intilayapman. Hech biri shunchaki yozilgan emas, shunchaki tilda aytilgan emas. O‘zim his qilgan narsalar – men ularni his qilib yozaman, tahlil qilaman va qog‘ozga tushiraman. Ayollarga o‘z tajribalarim orqali baliq emas, qarmoq bergim keladi. Menga hech kim motivatsiya bermagan vaqtida, o‘zim urilib-surilib erishganman. 500 ming so‘m oylikka ishlagan paytlarim bo‘ldi, bu menga tajriba edi va shu o‘rganganlarim endi 10-15 million so‘m bo‘lib qaytmoqda. Kecha o‘qishni bitirgan talabaga hech qayerda katta oylikli ish tayyor turmaydi. Yaxshi daromadga tajriba orqali erishiladi, shu yo‘lni bosib o‘tishi kerak.
– Agar siz ayollar haqida kitob yozish imkoniga ega bo‘lsangiz, qanday ayollarning hikoyalarini yozar edingiz?
– Kitob yozish rejam bor. Buvimdan o‘tgan bu xohish. Buvim ko‘chaga chiqib kun sanamagan. Vaqtini ma’rifat bilan zavqli o‘tkazgan. Ilhom, ijod bilan yashagan. Kitob yozsam hayotda qiyinchliklarni yengib porlagan paytlarimni yozardim. Ichida nuri bor ayollarga nurni chaqmoqdek chiqarish uchun motivatsiya, turtki kitob ham yozgan bo‘lardim.
– Ona bo‘ldingiz... va farzand oldidagi burch haqida nimalar deya olasiz?
– Shunday ayollarga duch kelganmanki, ular o‘qishni, o‘rganishni istashmaydi, kitobni yoqtirmaydi. Shunday ayollarga duch kelganmanki, oliy ma’lumotli, ammo ishlashni, o‘sishni istamaydi. Shunday ayollarni ko‘rganmanki, ishtiyoqi boru, sharoiti yo‘q.
Xullas, ayol kishi atrofidagi ayollarni: qo‘shnisi, kelini, ovsini, kelinoyisi, dugonasining qanday uy yumushlarini bajarishi, molga qarash-qaramasligi, tappi qilish-qilmasligi, kirni qanday chayib, nima ekishi, soat nechada uyg‘onib, ko‘chani qachon supurishi, nechta bola katta qilganiga qarab baholamasligi kerak. Faqat shu jihatlar bilan cheklanib qolyaptimi, demak, hayoti shunday yumushlar bilan o‘ralashib o‘tib ketyapti.
Ayollar farzandlari uchun ham o‘z ustida ishlashga majbur. Sababi bolalarimiz aqllilashib boryapti. Avvalo, bizni ideal deb bilishadi. Shu idealligimizni saqlab qolishga, ertaga beradigan savollariga javob berishga, ularni jamiyatga foydali inson qilib yetishtirishga majburmiz.
Qachonki, ayollarimiz kuchini idish-tovoq, kir-chir, mol-holga emas, ta’limga, bilimga yo‘naltirsa, qachonki, ota-onalar qizining sepiga sarflaydigan pulini farzandining ilm olishi uchun xarjlasa, keyingina jamiyatda o‘sish bo‘ladi. Oshxonada o‘nta odam bo‘lsa, hammasiga ish topiladi. Ayol faqat oshxona uchun yaratilmagan. Uning o‘z istaklari va fikrlari bor. Bu fikr va g‘oyalar ko‘rsatkichini qaynona-qaynota yoki er bilan cheklab qo‘yishga, ayolni bu orqali maydalashtirib yuborishga hech kim haqli emas!
Aksar xonadonlara qiz bola tug‘ilganidan onasining ezilganini, fikri inobatga olinmasligini, burchaklarda yig‘laganini va yil o‘n ikki oy oshxonada kuymalanishini ko‘rib katta bo‘ladi. Istaydimi-yo‘qmi shu taqdirni avtomatik ravishda bo‘yniga oladi. Shu orqali idish-tovoqqa kishanlilik avloddan-avlodga ko‘chib o‘taveradi. Kishanlarni parchalash vaqti kelmadimikan? Farzandlarimiz uchun kuchli, o‘z o‘rni va fikriga ega, uddaburon, jamiyatda faol ona bo‘lish davri yetmadimikan?
– O‘zingiz tengilarga, umuman, opa-singillarga qanday motivatsiya bergan bo‘lardingiz?
– Anglab yetganim shu bo‘ldiki, insonda ichki bir ishtiyoq bo‘lsa, xohish kuchaysa, qiziqish ustun kelsa, har qanday vaziyatda o‘zi sevgan, intilgan, rohatlangan mashg‘ulotlariga vaqt, imkon topa oladi. Sakkiz sigir ichida unisini qo‘yib, bunisini sog‘ib, boqib yurib ham «Yosh kitobxon» loyihasida Respublikaga chiqolganman, to‘rt oy turk tilini mukkamdan ketib o‘rganib, B2 sertifikat olganman. Bular o‘zim uchun amaliy dalil bo‘ldi. Shamolni tutib, qamab bo‘lmaganidek, ishtiyoq bilan urgan yurakni, zavqqa to‘lgan ko‘ngilni bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi, bu imkonsiz. Albatta bu faqat o‘zingizga bog‘liq emas, turmush o‘trog‘ingiz va yaqinlaringizning qo‘llovi ham juda muhim. Bu borada men omadliman deya olaman.
Kishi orzu-umidsiz yashamaydi, yasholmaydi. Sizda intilish bormi, sharoitni tashqi tomondan qidirmang. Uni ichkarida yarating, «ichkari»ni eshiting, quloq soling. Sizni harakatga undaydigan, intiltiradigan bu – ichkarida.
Ichkaringiz olovlanib turgan bo‘lsa, o‘chishiga, o‘chirishlariga yo‘l qo‘ymang. Harakatlaringiz, orzularingiz bilan unga o‘tin qalang. Hammasini uddalasa bo‘ladi!
Barno Sultonova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter