Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bemor bolaga nasib qilmagan o‘yinchoq yoxud savobning «narxi» qancha?

Bemor bolaga nasib qilmagan o‘yinchoq yoxud savobning «narxi» qancha?

foto: internet, ochiq manba

Kecha bozorda bir o‘yinchoqni, aniqrog‘i qumtaxtani arzonroq olish uchun sotuvchiga ancha elandim:

– Bemor bolalar uchun edi. Ozgina narxini tushirib bering.

Yuzi yaltillagan sotuvchining ensasi qotdi.

– O‘ttiz ming o‘tib, tekis qilib berdimku singlim. Kasallarga deganingiz uchun hali hech kimga bermagan narxni aytyapman. Ishonmasangiz, ana boring! Boshqa do‘konlardagi narx-navoni surishtirib ko‘ring.

O‘yinchoqdan ko‘zimni uzmay xo‘rsindim.

– Surishtirdim. Qaradim. Bitta sizning do‘koningizda qolibdi.

Sotuvchi yoyilib iljaydi:

– Ana....Otangizga balli! O‘zi noyob o‘yinchoqlarni faqat o‘zim sotaman. Zo‘r narx berdim. Indamay olavering. Oxirgisi qoldi. Xaridori ko‘p buning, yana o‘ylanib tursangiz quruq qolasiz.

– Tushmaysiz-a? – dedim mo‘ltirab, – Katta savob olardingiz. Ramazonku!

Sotuvchi qat’iy bosh chayqadi:

– Singlim, o‘zi arzimagan pul qoladi bundan. Mening ham tirikchiligim, bola-chaqam bor. O‘zimning zararimga sotmaymanku, to‘g‘rimi? Rak bolalar deganingizga savobga sherik bo‘lay deb, foydasini qo‘ymay, o‘z narxiga bervoryapman. Olmasangiz, o‘zingiz bilasiz. Og‘iz ocharga ozgina qoldi. Do‘konni berkitaman. Iftorga yetib olishim kerak.

Boshqa indamadim. Ro‘za og‘iz odam aldamaydi. Balki rostdan ham qumtaxta qimmatroq kelgandir.

Oddiy qumni jonlantiradigan taktil o‘yinchoq zo‘r antisstres-da. Qalam, bo‘yoq kerak emas. Barmoq va kaftlaringiz bilan mazza qilib chizasiz. Tagida yoritkichi ham bor. Natijada taxtada qog‘ozdagidan jonliroq suratlar hosil bo‘ladi.

Ximiya va nur terapiyasi olgan bolalarni surat chizdirib og‘riq va azoblardan chalg‘itamiz. Ba’zi bolajonlarga qog‘oz yoqmay, devorga chizgilari keladi. O‘shanday «rassom»lar uchun qumtaxta «albom» zo‘r yechim.

Chizgan surati yoqmasa qumni sochib yuborib, qayta chizish bolalarga zavq bag‘ishlaydi. Eng muhimi – oz bo‘lsada og‘ir kasallikning mislsiz azoblaridan chalg‘ishadi.

Bir chetga o‘tib qolgan pulni xomcho‘t qildim. Yetmadi. O‘zimda bor yo‘g‘ini qo‘shib, dugonamdan yana ozroq plastik kartaga qarz tushirib, endi og‘iz ochaman degan chog‘, do‘konga bashang kiyingan basavlat odam kirib keldi.

Sotuvchi go‘yo meni ko‘rmay qolganday ikki bukilib, quyuq so‘rashgach «xizmat» deganday mo‘ltiradi.

Bashang odam uning quyuq-suyuq mulozamatlarini pisand ham qilmadi. Ramazon tabriklariga javob ham bermay, qo‘lidagi telefonni uning basharasiga to‘g‘rilab , nimanidir ko‘rsatdi:

– Nevara shundan so‘ragandi, bormi?

Sotuvchi telefon ekraninga bir nazar tashlab, yoyilib iljaydi;

– Bor-da! Nega bo‘lmasin! Xo‘jayin, o‘zi shu kunlarda tushimga kirgandingiz. Do‘konimga kiradilar-ov deb, atayin bittasini qoldirgandim.

Bashang odam yana uning chuchmal mulozamatiga parvo qilmadi, cho‘rt kesdi.

– Qancha? Cho‘ntagidan yuz dollar chiqardi u, – bo‘ladimi?

Xaridor ko‘zi puldayu,  g‘alati jilpanglab irshaydi:

– Bermasangiz ham mayli edi. Mendan nevaraga sovg‘a bo‘lardi.

Xaridor nevaram sening sovg‘angga zor emas deganday, pulni stol ustiga tashladi.

– Mayli, siz bergan pul tabarruk. Baraka kiradi do‘konimga. Qarang, atrof yorishib ketdi-ya. Kirib turing, shunaqa. Yo‘q...Bir og‘iz aytsangiz, o‘zim olib borib beraman zo‘r o‘yinchoqlardan...

Bu sahnani kuzatib, Mayakovskiyning «Pasport» she’ri esimga tushib ketdi. Qaysidir sinfda yodlagan edik. Boyadan beri xaridorlar uzatayotgan milliy valyutamizni bepisand olib, qog‘oz qutiga irg‘itayotgan sotuvchi shoirning she’ridagi pasport tekshirayotgan amaldorga o‘xshab ketdi:

Birovdan olarkan bujmaytar aftin.

Birovga shuni ham etmaydi lozim.

Sher tamg‘ali ingliz pasportin

Olarkan amaldor qiladi ta’zim...

U dollarni ikki qo‘llab stoldan olib, o‘pmadi, ko‘ziga surtmadi, ta’zim qilmadi xolos. Avaylab yon cho‘ntagiga tiqib qo‘lini o‘yinchoq tomon cho‘zdi.

Qarasam, men olmoqchi bo‘lgan va butun bozorda yagona nusxada qolgan – qumni jonlantirib san’at asarlarini yaratish mumkin bo‘lgan taktil qumtaxta.

Asabiylashib, sotuvchiga yuzlandim.

– Axir buni men olmoqchi edim. Mana, pulingiz. Bemor bolalar uchun olyapman buni. Menga soting!

U menga o‘qrayib, o‘zini oqladi;

– Men bilan tortishmay olish kerak edi singlim. Boyadan beri nima qildingiz? Keyin, yugurganniki emas, buyurganniki-da...

Bashang xaridor menga e’tibor ham bermadi. Qumtaxtani olib indamay chiqib ketgach jahlimni jilovlay olmadim.

– Menga o‘ttiz ming o‘tib berayotgandingiz xolos. Bu odamga naqd yuz ming o‘tdingiz. Hatto tekin berib yuborishga tayyor edingiz, uyatingiz yo‘q ekan.

U bo‘g‘riqib, menga bobillab berdi:

– Eeee, boshimni qotirmang! Chiqing do‘konimdan. Kimga qanaqa narxda berishni o‘zim bilaman. Og‘iz ochishim kerak, shoshyapman, dedi-yu, mendan oldin do‘kondan otilib, allaqayerga g‘oyib bo‘ldi.

Tashqarida kuymalanib turgan yordamchisiga ko‘zim tushdi. U menga attang, deya bosh chayqab xo‘jayini qilgan muomaladan uyalganday boshini egdi:

Ichkariga kirib-chiqib voqeadan hijolat bo‘lib turgan xizmatchiga siniq jilmaydim:

– O‘rikzorning xo‘jayinimi?

– Bilmadim, deganday yelka qisdi u. Men oddiy odammanku deganday istihola bilan.

Bozordan chiqishdagi avtoturargohda bashang xaridorga yana ko‘zim tushdi. U deyarli bukilib turgan boyagi sotuvchining qo‘lidan o‘yinchoqni olib, xayr-xo‘shiga e’tibor bermay, qimmatbaho mashinasiga o‘tirdi...

Muazzam Ibrohimova facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring