Nafsni poklash: taomni emas, ochlikni qadrlang

Telegramdagi mahalla guruhida bir necha e’lonlarga ko‘zim tushdi: «ertalab iftorlikka soat 3.30da osh, lag‘mon, sho‘rva, bifshteks...», tabiiyki siz ham bunday reklamalarga tez-tez guvohi bo‘lasiz. Yoki Ramazon boshlanishidan oldingi holatni eslaylik, «ro‘za tutaman, shuning uchun uyga yeguliklarni g‘amlab qo‘yay», «ertalabki og‘iz yopishga somsa yoki osh pishirdim», degan ro‘zadorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Keyingi paytlarda ko‘pchilik ushbu oyni «tansiq taomlar shousi»ga aylantirib yuborishmoqda.
Inson irodasining sinovi...
Viloyatga ketadigan taksida hamrohimiz telefonda gaplashayapti: «Iftorlik qilib bermoqchiman qishloqda, 20-30 odamga qaysi kunni belgilasam bo‘larkan»....
Telefonda gaplashib bo‘lgach hamrohimdan so‘radim: «Iftorlik o‘tkazish uchun ham kun belgilash kerakmi?»...
Hamrohim: «Hozir shunaqa bo‘lib ketgan, kun belgilamasangiz ustma-ust iftorlik qilinsa, odamlar kelmasligi mumkin, ayniqsa, ro‘zaning oxirida navbat ham yetmay qoladi», deb javob berdi.
Albatta, iftorlikka yaqinlarni, qo‘ni-qo‘shnini taklif qilish – bu mehr-oqibatdan darak, mehmondo‘stlik qadriyat va an’analarimiznig bir qismi, ammo uni hashamatga aylantirish, bo‘lib ham aynan nafsni jilovlash kerak bo‘lgan oyda mantiqqa to‘g‘ri keladimi?
Axir Ramazon nafsni jilovlash – inson irodasining sinovi emasmi?
Ertalabdan tansiq va kuchli kaloriyaga ega ovqatni yeyish degani bu kechgacha o‘zini to‘q his qilish degani. Ochlik his qilmasangiz, oshqozoningiz dam olmasa ro‘za tutishdan ma’no bormi? Yoki kechgacha suvsizlikka va taomsizlikka chidab og‘iz ocharga tansiq va quvvatli ovqatlar yeyish orqali oshqozonga battar og‘irlik tushirib qo‘yilmaydimi?
Yana o‘sha savol muallaq: nafsni nazorat qila olayapsizmi?
Sabrmi yoki ruhiy poklanish?
Ko‘pchilik ro‘zani jismoniy sabr deb biladi, lekin u psixologik va ma’naviy nafsni tarbiya qilishning eng kuchli usullaridan biri.
Qur’oni karimda nafs uch xil sifat bilan tafsiflanadi – xotirjam nafs, malomatchi nafs, yomonlikka buyuruvchi nafs. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Ruhiy tarbiya» kitobida ta’kidlanganidek, yomonlikka buyuruvchi nafs (nafsi ammora) o‘z sohibini mudom yomonlikka va ma’siyatga chorlovchi nafsdir. U o‘z sohibini hidoyat yo‘lidan chiqarib, zalolat yo‘liga solishni istaydi! Bu nafs agar sohibi unga beparvo qarasa va muhosaba qilib turishga ahamiyat bermasa, uni dunyo-yu oxiratda halokat va ziyonga yetaklaydi... Insonda nafs to‘zonlari tinchlansa, yomonlik hislari sokin bo‘lsa, buning muqobilida uning qalb to‘ridagi sodiq tuyg‘ular qo‘zg‘aladi. Ana shu holat o‘z egasini Allohga yetaklovchi birinchi qadamlar bo‘ladi.»
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buyuradilar:
«To‘yguncha yeb-ichib, qalblaringizni o‘ldirmang! Qalb bir niholga o‘xshaydi. Niholga oshiqcha suv berilganda qanday sarg‘ayib so‘lsa va o‘sishdan to‘xtasa, xuddi shunday qalb ham ortiqcha suvdan o‘ladi, bunday odamda toza fikr va insoniy fe’l-atvorlar qolmaydi. Ko‘p yegan odamning akli zaif bo‘ladi, ilm o‘rgana olmaydi. Chunki, doimiy to‘qlik va mechkaylik aqlni ko‘r qiladi. Qalblaringizni ochlik bilan nurlantiringiz, nafsingiz bilan jihod qilib, uni tarbiyalay olmoq uchun ochlikni va tashnalikni qurol sifatida ishlating. Nafsni tarbiyalash uchun uning bilan jang kilgan kishining mukofoti janggohda dushman bilan urishganning mukofoti singaridir».
Har bir ro‘za tutayotgan inson o‘ziga savol berishi kerak: mening nafsim qay darajada jilovlangan?
Zefir tajribasi
Nafs haqida nafaqat dinimizda, balki ko‘plab olimlar ham o‘z fikrlarini bildirgan, ilmiy tadqiqotlar olib borishgan.
Psixologiyada insonning nafsi katta yoshda kamayadimi yoki yo‘qmi, bu masala ham tadqiq qilingan. Masalan, «Marshmellou (zefir) eksperimenti» shuni ko‘rsatadiki, sabr qila olish va nafsni nazorat qilish muvaffaqiyatli hayotga olib keladi. Uolter Mishel va uning jamoasi 1960 yillarda yosh bolalar ishtirokida tajriba o‘tkazishgan. Lekin bu faqat bir martalik sinov emas edi – ular shu bolalarni 10, 20, 30 yil davomida kuzatib borishgan.
Eksperiment qanday o‘tkazilgan?
Mutaxassislar 4-5 yoshli bolalarni laboratoriyaga chaqirishadi. Har bir bolaga zefir (marshmellou) shirinligi qo‘yilgan tarelka va ikki tanlov beriladi: Agar bola zefirni darhol yeb qo‘ysa, faqat bitta beriladi, aksincha bola shirinlikni 15 daqiqa sabr qilib yemasa ikkita zefir oladi.
Keyin tadqiqotchilar bolalarni yolg‘iz qoldirishadi va kuzatishni boshlashadi. Natijalar qanday bo‘lgan?
Bolalarning bir qismi shirinlikni yemasdan sabr qilib, 15 daqiqa kutgan. Boshqalar esa sabr qila olmay, darhol zefirni yeb qo‘ygan.
Uolter Mishel va uning jamoasi bu bolalarni katta yoshda ham kuzatgan va quyidagi faktlarni aniqlagan: Sabr qilgan bolalar maktabda yaxshiroq natija ko‘rsatgan, ularda stress va tashvish kamroq bo‘lgan, qarzga kamroq kirgan va pulni tejay olgan, karerada va shaxsiy hayotda muvaffaqiyatliroq bo‘lgan, sog‘lomroq hayot tarzini kechirgan. Zefirni darhol yeb qo‘ygan bolalar – (sabr qila olmaganlar) maktabda, davomatda qiyinchilikka duch kelgan, imtihon natijalari nisbatan past bo‘lgan, ko‘proq stress va moliyaviy muammolarga duch kelgan, ayrimlari salomatligiga e’tibor bermagan. Zefir eksperimenti shuni ko‘rsatdiki, bolalikdagi sabr va o‘zini jilovlay olish qobiliyati katta hayotdagi muvaffaqiyatga ta’sir qiladi.
Ochko‘zlik va tansiq taom haqida rivoyat
Juda boy va ochko‘z bir odamning dardi eng yaxshi taomlardan lazzatlanish edi. Qayerda tansiq taom bo‘lsa o‘sha yerda hoziru nozir edi. Ochko‘z boyning qorni shu qadar kattalashib ketibdi, bu uning sog‘lig‘iga putur yetkaza boshlabdi. Ammo u nafsini tiyish haqida o‘ylamas, qayerda tutun ko‘rinsa o‘sha yerdan qolmas ekan.
Bir kuni bir paytlar mashhur oshpaz bo‘lgan, keyin esa tabiblik sirlarini o‘rgangan odam haqida eshitib qoldi. Ochko‘z boy ham oshpaz va tabib bo‘lgan inson mening sog‘lig‘imga mos shirin va foydali taom tayyorlab bera oladi degan qarorga kelibdi va tabibni chaqirib:
– Menga dunyodagi eng mazali taomni tayyorlab ber! Men har xil noz-ne’matlar yedim, lekin yanada shirin taom yeyishni xohlayman, u shunday taom bo‘lsinki ham lazzatli ham sog‘lig‘imga foydali bo‘lsin! – dedi.
Tabib kulib:
– Mayli, sizga eng ajoyib taomni tayyorlayman, lekin bir shart bilan: uch kun taom yemasdan yurasiz, buning uchun men sizni manavi yerto‘laga qamab qo‘yishim kerak, shunda men beradigan taomning haqiqiy lazzatini his qilasiz, – dedi.
Boy odam bu shartni qabul qildi. U birinchi kuni qiynalmadi, ikkinchi kuni qorni qattiq ochdi, uchinchi kuni esa ovqatdan boshqa hech narsa haqida o‘ylay olmay qoldi.
Uch kundan keyin tabib uning oldiga oddiy non va suv qo‘ydi. Boy odam hayron bo‘lib:
– Bu nima?! Menga eng mazali taom kerak!
Tabib hech narsa demasdan chiqib ketdi. Boy ochligidan nonni paqqos tushirdi. Bu unga dunyodagi eng mazali taomday tuyuldi.
Boy nonni yeb bo‘lgach, tabib kuldi va shunday dedi:
– Hech qanday taom lazzatli emas, agar inson o‘z nafsiga xo‘jayinlik qila olsa. Agar siz haqiqiy lazzatni his qilmoqchi bo‘lsangiz, taomni emas, ochlikni qadrlang. Chunki haqiqiy huzur nafsni emas, tanani to‘ydirishda.
Boy odam bu hikmatni tushundi va o‘sha kundan keyin keragidan ortiq ovqat yeyishni to‘xtatdi.
Bu bir rivoyat, lekin har bir odam uchun ibratli, ya’ni har bir inson o‘z nafsining quli emas xo‘jayini bo‘la olishi mumkinligining isboti.
Ramazon oyi – faqat och qolish emas, balki nafsni tarbiya qilish, iroda va sabrni mustahkamlash oyi hamdir. U nafaqat tanani, balki qalbni ham poklaydi – kimki nafsini yengsa, u haqiqiy ozodlikka erishadi. Chunki haqiqiy erkinlik – bu nafsga tobe bo‘lmaslik!
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter