Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«8 martda sovg‘a olmagan ayol»ga bu bayram quvonchli keldi

«8 martda sovg‘a olmagan ayol»ga bu bayram quvonchli keldi

«O‘tgan yili Xabar.uz saytida «8 martda sovg‘a olmagan ayol», degan hikoya yozgan edingiz, shu opani manzilini bera olasizmi. Bu bayram sovg‘a olsin», ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga yozib qoldi notanish bir kishi.

Rostdanam pastdarg‘omlik Zamira opa haqida kichikroq hikoya yozgan edim. Bu inson eslatmasa, o‘zim ham shu bayram opani bir yo‘qlay demabman, koyiyman o‘zimni ichki ovoz bilan. Dastlab, o‘zini tanishtirishni istamagan savobtalab akamiz, tabriklashga birga borishni taklif etganimdan so‘ng, o‘zini tanishtirdi.

«Bilasizmi, o‘sha hikoya menga judayam qattiq ta’sir qilgandi.Uni o‘qigan paytimda olis safarda edim. Mana bugun ulug‘ kunlarda tabriklash nasib etyapti»,  deydi hamrohim.

Akani mashinasida, bo‘lak-bo‘lak ajratilgan sovg‘alar ko‘pligidan tabriklovchi boshqa manzillar ham borligini  taxmin etdim.

Opa bizni o‘sha tanish — ma’sum va iymanuvchan bir qiyofada, akasining farzandlari bilan qarshi oldi. Hamrohim opa bilan so‘rashib, dastlab bolalar bilan muloqotga kirishdi, ular bilan bo‘layotgan sodda muomalasi, beozor hazillaridan keyin Zamira opaning ham yuzidagi sertashvishlik o‘rniga yengil tabassum yoyilgandek bo‘ldi.

Rejalari haqida so‘rasak, «Qish ortda qoldi, endi nafaqadan yiqqan pulimga qo‘zichoq olmoqchiman, to kuzga qadar katta qilaman-da, keyinchalik imkon bo‘lsa, bir sog‘in sigir olmoqchiman», orziqib gapiradi opa.

Ma’lum bo‘lishicha, opa ikkinchi guruh nogironi, yolg‘iz ayol bo‘lsa-da, biror marta bu imtiyozdan foydalanmagan. Biror «katta»ni qabuliga ilinj bilan bormagan. U tinim bilmay mehnat qiladi. Topganiga shukr qiladi. Hech qachon hech kimga hech nimadan nolimaydi. Uning yuzida cheksiz sabot, hayot sinovlari izlari va shu bilan birga cheksiz toqat, kamtarinlik, bardosh namoyon.

Hamrohim Otabek hoji aka, opani orzulari haqida bekorga so‘ramadi, uning keyingi rejalarini «fosh etgan» bo‘laman keta turib. U hikoyamdagi qahramonimni bugun yuziga qalqigan oniy  baxtiyorlikni, yana bardavom bo‘lishini mendan ko‘proq istab turibdi va bunga astoydil kirishishi aniq. Shularni o‘ylab, ko‘nglim taskin topgandek bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring