Yangi kuyovga — «uxlatmaydigan» dori. Reklamada uyat yo‘qmi?
Bugunga kelib, farmatsevtika tarmog‘i katta tijorat vositasiga aylandi. Bundan esa ko‘pchilik media platformalari ham manfaatdor. Shu sabab telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar, ko‘cha bannerlari-yu, hatto transport vositalari ham dorilar reklamalari bilan to‘la.
Ayniqsa, oila a’zolari dasturxon atrofida jam bo‘lganda, reklamalar namoyishi juda avj oladi. Bu jarayonda ayollar tagliklarining qo‘layliklari, ich qotishining yumshoq yechimiyu, 40 yoshdan oshgan erkaklarning bovul qilish muammosi yechimi batafsil ko‘rsatib beriladi.
«Meditsinada uyat yo‘q» — shifokor bilan bemor o‘rtasidagi muloqotga oid bu atama, reklama beruvchilarning shioriga aylangan va ta’bir joiz bo‘lsa, ularda har qanaqa nozik dardning yechimi ochiqcha ko‘rsatiladi.
Bavosildan tuzalgan filning orqasiga suv purkalishi, yangi kelinga befarq uyquchan kuyovga tajribali otaning «uxlatmaydigan» dori ulashgani, to‘shakdagi juftidan mamnun ayol qiyofasiga ko‘zingiz tushgandir! Bu reklamalarda barcha jumlalar sayqallangan, jarangdor. «Kasallikni tez davolaydi», «ishonchli vosita», «har bir uyda bo‘lishi shart», «ishonchli samara», «eng ma’qul tanlov», «foydali», «aks ta’sirlari yo‘q», «har jihatdan davo», «o‘xshashi yo‘q», «og‘riqni unutasiz», «noyob tarkib»...
Dorilarning bu kabi oddiy iste’mol tovaridek, bo‘rttirib ta’riflanishi orqali reklamalar odamlarga shifokor vazifasini ham o‘tamoqchi bo‘ladi. Va bu reklamalar inson psixologiyasiga ta’sir o‘tkazadigan darajada, qo‘shiq qilib, mashhur shaxslar ishtirokida, rang-barang effektlar bilan boyitilgan tasvirlarda namoyish etiladi. Qonunchilik talablariga ham to‘g‘ri kelmaydigan «noyob» dori vositalarning bunday namoyishi, har qanday odamni dorixonaga yetaklashi aniq edi.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.Unda dunyoda farmatsevtika sanoati kengayib boraytgani, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo‘layotgani va shu bois ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zarurati tug‘ilgani takidlangandi.
Bu borada 23 yanvar kuni «Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatilishi qayd etildi.
Shu bilan birga teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qo‘shimchalarni reklama qilish Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin bo‘lishi belgilandi va davlatimiz rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Albatta, endilikda yuqorida qayd etilgan, reklama bo‘layotgan «noyob» dorilar avval laborotoriyada tekshiriladi va o‘sha «mo‘’jizalar (ta’)siri» ma’lum qilinadi. Shunda ko‘ramiz 100 foiz samarali va bezarar deb ta’riflangan ko‘zga yaqin «najotkor» «hamroh»larimizdan necha foizi o‘z ta’rifiga mos ekan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter