Shou-biznesda «yangi yo‘nalish» — bir deganda tanilasan! Faqat...
Yangi yo‘nalish — qo‘shiq yozmay, klip tasvirga olmay, yangi hajviy nomerlar yaratmay, mashaqqatsiz, osongina «porlash» imkoni. Bugun shou-biznes vakillari orasida o‘zgacha «ijod» namoyishlari urf bo‘lib bormoqda.
Yosh, endi ko‘rina boshlagan artistlar tezroq tanilish uchun ijodga zo‘r bergan bir paytda, qachondir tanilgan va endi esdan chiqayotganlar o‘zlarini bir-bir eslatib turish uchun atay janjal chiqarib, shov-shuv ko‘tarishdan toyishmayapti. Albatta-da, shuncha mehnatu xarajat qilib «yemagan» ijoddan yangicha «ijod» o‘n barobar ko‘proq «prosmotr» bo‘lib tursa. To‘ylarga ko‘proq chaqirishsa, jaraq-jaraq pul kelib tursa, yana nima kerak?! Aytmoqchi bo‘lganim — serdaromad qora piar chellenji.
So‘z (so‘kish) ustasi Halima bu borada ustoz ko‘rganlardan. Muxlislarini ko‘p ham sog‘intirmay yangi-yangi «ijodlardan» tortiq qilib turadigan, ushbu chellenj a’lochilaridan. Uning quyushqondan chiqqan oxirgi chiqishlariga hattoki ko‘p darsi singgan ustozining ham yuzi chidamadi. Holbuki, u «musobaqadoshi» Ahad Qayum bilan tandemda tomosha qo‘yganda ham, boshqa safarlar ham birorta mutasaddi tashkilot biror jiddiy munosabat bildirmadi. Qachonlardir biroz muddatga litsenziyasi bekor qilingani esa unga chivin chaqqanchalik ta’sir ko‘rsatmagan edi. Yaqinda bir shou loyihasidagi qatnashchining chiqishiga «zona» qo‘shig‘ini kuyladi deb e’tiroz bildirgan tanqidchilar Halimaning «zona» usulidagi so‘kinishlariga kelganda jim turishgani qiziq.
Jahongir Otajonov yilda bir qo‘shiq yaratmasa-da, bachkana qiliqlariyu, antiqa kiyimlari bilan internetni «portlatib» turibdi. Uning ba’zi qiliqlarini ko‘rib, beixtiyor Darvin ta’limoti asoslimikan, degan xayolga borasan. Chellenjga bir paytlar do‘st haqida ta’sirli duet kuylashgan Samandar va Ali Niyozimbetovlar ham bosh qo‘shgandi. Rosa aylangan janjalli videosida biri-birining nozik joyiga tepib, keyin «bu piar edi», deb chiqishgandi.
Bu yo‘nalishda jangchi Valijon Shamsiyev ham faol va ba’zan o‘z «san’ati»ini namoyish etib turadi. Hatto ustoz san’atkor, Yulduz Usmonova ham o‘tgan safar sahnadan turib, zaldagi muxlislarini rosa tuzlagan bo‘lsa-da, yaqinda o‘zi «og‘zi polvon» shogirdlarini tartibga chaqirib, ba’zilarini hatto «oq qivorganini» ham ma’lum qildi.
Lekin bu kam, san’at olamida faqatgina yashab qolish uchun, shunaqa san’ati bilan «yorib tashaydiganlar» tartibga kelmasa, «tekinxo‘r yulduz»lar ko‘payib ketishi aniq. Axir san’at — tinchlik timsoli. Uning azaliy ramziga, aynan «tinchlik timsoli» vakillari tomonidan putur yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter