«Er nimaga kerak» yoxud «ko‘cha» usulidagi «dars»lar
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli toifadagi psixologlar-u, treningchilar ancha ko‘payib qoldi. Ularning ko‘pchiligi ayollarimizga oila sirlaridan, hatto er bilan bo‘ladigan nozik munosabatlardan dars beruvchilar bo‘lsa, ba’zilari yosh bolalarni jangovar «mashqlari» bilan go‘yoki jasoratga chorlashmoqda.
Tarmoqlarda tarqalgan bir videotasvirda treningchi ayol avvaliga bolaning jur’atsizligini, kamchiliklarini o‘ziga anglatgan holda, uni bug‘ib olib, «o‘ziga bo‘lgan ishonchini» oshirmoqda.
Jazavali, so‘kinishlarga to‘la bu undashlar, endigina Kolizey maydonida qonli jangga kirishga shay gladiatorlarga bo‘layotgan chorlovlardan kam emas. «O‘ziga bo‘lgan ishonch», bolaning jajji ongida atrofdagilarga nafrat, ruhiy isyonlar bilan amalga oshiriladimi? Yoki yigitlarga chinakkam erkak bo‘lish, tahqiromuz tanbehlar bilan o‘qlov o‘qtalib uqtirilarkanmi? O‘ziga xos to‘pori frazalari bilan bu jaydari psixologlar, bolalarga birinchi navbatda o‘zgadan haqqini ajratib olishni, shu maqsadda hech narsadan tap tortmaslikni o‘rgatib, ular tafakkurida «ko‘cha» obrazlariga simpatiya shakllantirib qo‘ymayaptimikin? An’anaviy psixologiyaning ichki xotirjamlikka chorlovchi birinchi amaliyotiga paradoksal bu yo‘nalish nechog‘lik xavfsiz?
Shu o‘rinda qars ikki qo‘ldan chiqadi deganlaridek, avvalo mijozlar, ota-onalar ham farzandlarining qanaqa metodikada trening o‘tishi, buning oqibatiga keng ahamiyat berishi kerak. Ba’zi yumshoq tabiat o‘smirlarni psixologlarga qancha olib bormasin, foydasi kam. Undan ko‘ra, endokrinolog shifokor ko‘rigida garmonal holatini aniqlash, shu asosda tegishli amaliyot o‘tkazish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.
Ayolga er kerakmi yoki...
Yana bir toifa esa, tarmoqlarda ko‘p reklama bo‘layotgan ayollarga o‘zini anglashida, oilaviy munosabatlar shakllantirishida, go‘yoki «super natija» va’da qilayotgan psixologlarning nazariyasi esa to‘liq g‘arb tendensiyasiga asoslangan.
Tarqalgan videolardan ma’lum bo‘lishicha, ular egoizmga asoslangan ilk darsidanoq tinglovchiga, avvalo, juftidan haqini ajratib olishni va faqat «men»ni, ya’ni o‘zini sevishni o‘rgatmoqda. Ba’zi ma’ruzachilarning chorlovlari sodda tinglovchilar tasavvurida oila va erga nisbatan fobiyani shakllantirib qo‘ymasmikan? Ular andoza olayotgan jamiyatlarda o‘zi oila induksiyasiga qanday yondashiladi? «Nikoh hislar panjarasi», «yoshligingda yashab qol(!)» tamoyillari asosida yashaydigan aksariyat so‘qqaboshlar, oqibat huvillagan uyda yolg‘iz qolishi odatiy hol.
Ajrimlarda oila, farzandlar taqdiridan ko‘ra, mulk taqsimoti muhim o‘rin tutadi. Bularning aksariyati o‘sha ichki «men»ni sevish va «erkinlik»ni davo qiluvchi psixologlarning ko‘rsatmalari oqibati emasmikan? Ba’zilarida oilaga nisbatan shakllangan fobiya shu darajaga borib qoldiki, ayrim «erksevar» erkaklar surrogat ona orqali farzand ko‘rayotgan bo‘lsa, yana shunday ayollar «eko muolaja» orqali farzand ko‘rib, «tinchgina yashash»ni ma’qul ko‘rishmoqda.
Xo‘sh, endi ayting-chi, bizga shunaqa individlar asosidagi jamiyat kerakmi?
Istardikki, ba’zi «internet psixologlari» ham darslarida oilalarimizdagi kelishmovchiliklarni muolaja qilishda, o‘zimizning azaliy sadoqat, matonat, sabr va fidoyilikka asoslangan munosabatlarni targ‘ib qilishsa. Treningni noma’lum resurslar hisobiga emas, mentalitetimizga va e’tiqodimizga begona bo‘lmagan professional ta’lim asnosida tashkil etishsa.
Bu borada oliygohlarimiz ham, psixologiya yo‘nalishlari asosini yaratishda odatiy an’anaviylikdan voz kechib, ixtisoslashuvni yo‘lga qo‘yishi, milliy ta’lim platformalarini yaratishi lozim.
Aks holda diplomli professional mutaxassislar qolib, qaysidir kurslarni o‘tagan «internet yulduzlari» o‘smirlarga «yorvorish»niyu, ayollarimizga «er nimaga kerak» deb, «oilaparvar»likdan saboq berishni davom etaverishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter