Urush, kino va Zelenskiyga berilgan va’da — Umid «Zelenskiy» bilan eksklyuziv intervyu
Hamyurtimiz Umid Isabayevning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan qiyofadosh chiqishi o‘z vaqtida anchayin shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Bugun u qayerda? Nimalar bilan mashg‘ul? Rossiyaning Ukrainaga «harbiy operatsiyasi» uning hayotiga ham ta’sir qildimi?
Ana shu va boshqa savollarimizga javob topish uchun Umidjon bilan bog‘landik.
Ma’lumot uchun: Umidjon Isabayev 1981 yilning 26 oktyabrida Namanganda tug‘ilgan. Namanganda u avtomobil bo‘yoqchiligi bilan shug‘ullangan. Mehnat muhojiri sifatida Moskvaga borganida ham avtoservisda uzoq yillar shu kasbini davom ettirgan.
Yulduzli onlari esa 2019 yildan boshlangan. Metroda mizg‘ib qolgan Umidjonni kimdir suratga olgan (baraka topsin!) va ijtimoiy tarmoqqa Zelenskiy surati bilan yonma-yon qo‘ygan. Shundan so‘ng, turli teleshoular, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarning «guli bo‘lgan» va Zelenskiy obrazini talqin qilishi aytilgan Isaboyev o‘tgan yili birdaniga ko‘zga tashlanmay qoldi.
— O‘zbekistonda o‘zimning ota kasbimni qilganman, avtobo‘yoqchilik bilan shug‘ullanganman. Vatanda hech qachon to‘ylarda boshlovchi bo‘lmaganman. Bir hazil ko‘rsatuvda, tayyor ssenariy bo‘yicha Tom Kruzni taklif qilaman deb aytganman, shundan paydo bo‘lgandir bu gaplar.
Lekin aktyorlik sohasiga yoshlikdan qiziqishim bo‘lgani bor gap. Bir vaqtlar, shu desangiz, Chortoqda ko‘pchilik tanigan bobom Murodulla Ubaydullayevni ham aktyorlikka chaqirishgan ekan. Lekin u kishi men Toshkentga ketsam, bolalarim o‘zi qoladi, deb rad qilgan ekanlar. Bobom rahmatli tirik vaqtlari hamma amakilarim yig‘ilsa, uyimiz juda katta askiyaxona bo‘lar edi, — deydi Umidjon.
— Siz bosh rolni o‘ynashingiz ko‘p marta aytilgan Rossiya seriali nima bo‘ldi?
— Rossiyadagi paytimda ko‘plab hazil-mutoyiba ko‘rsatuvlariga rol ijro etishga taklif qilishdi. Qiyofadoshligim ma’lum bo‘lgach, bu hayotimni qanchalik o‘zgartirgani haqida ko‘rsatuvlarga chaqirishdi. Lekin eng katta loyiha bu — serialda Zelenskiy qiyofasini olib chiqishim haqidagi taklif edi. Men bilan shartnoma tuzgan kinostudiya prodyusseri ssenariy bilan tanishtirdi. Bu filmda Ukraina hukumati siyosatiga qattiq zarba bo‘ladigan, Zelenskiy shaxsini kamsitadigan, hayotdagi Zelenskiy shaxsidan tamoman yiroq obraz gavdalantirilishi ko‘zda tutilgan ekan. «Toza haqoratli» narsa edi u. Bu ishni o‘zim rad qilganman. Munosabatimni bildirmay, ta’til vaqtim kelgani uchun tezda O‘zbekistonga qaytdim.
— Bilishimizcha, Vatanda qaysidir ishlarni boshlab qo‘yib, kutilmaganda yana ketib qolibsiz...
— O‘zbekistonda kichkina bir tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldim. Namangan viloyati va Chortoq tumani hokimlariga alohida minnnatdorlik bildiraman, yer so‘radim, chet eldan noyob pista ko‘chatlarini olib kelib ekishim uchun yer berishdi. Bir hamkor bilan qoramol fermasi ham ochayotgan edik. Chetdan zotdor qoramol olib kelib, yurtimizda go‘sht, sut mahsulotlarini ko‘paytirish maqsadi bilan ish boshladik. Shu kunlarning birida Ukrainadan xabar kelib qoldi. Moskvadaligimda ham xuddi shunday taklif bo‘lgandi. Valeriy Koshevoy «Kvartal 95» studiyasida hamkorlikka chaqirgandi. Qizig‘i, shu kunlarda hamkorim bilan Ukrainadan zotdor qoramol olib kelishimiz kerak edi. Xabarga avvaliga jiddiy qaramadim. Ukrainaga borib o‘z ishlarimiz bilan bo‘ldik. O‘zbekistonga ikkita furada yuk jo‘natdik. Sheriklar bilan qaytishimiz kerak paytda yana telefonimga xabar keldi. «Sluga naroda» partiyasi a’zosi uchrashishni so‘ragandi. Shunday qilib, Ukrainada qoldim.
— Ukrainadagi qariyb bir yillik hayotingiz haqida ko‘pchilik bilmaydi hisob...
— Bu yerda yo‘lim ochilib ketdi, O‘zbekistondagi biznesimga, qoramol jo‘natishimga imkoniyatlarim kengaydi. O‘zimning sohamda, avtobo‘yoqchilik uchun kichik bir garaj so‘ragan edim, Kiyevning markazidan katta bir avtotexmarkazni o‘zimga berib qo‘yishdi. Ishim zo‘r ketayotgan edi. Faqat ikkilanib oilam, bolalarimni olib kelmay turgandim. Yaxshiyam, olib kelmagan ekanman. Urush boshlanib ketdi.
— Urush manzaralari prezident qiyofadoshi ko‘zi bilan qaralganda qanaqa edi?
— Men urush qaynab turgan vaqtda ham Kiyevda edim. Men turgan joyda, 2-qavatda yashar edim, bombalar, avtomatlar ovozi kundan kunga bizga yaqinlashib kelayotgan edi. Har bir raketami, bombami tushgan paytda uning ovozi nafaqat eshitilar, balki uy zirillab ketardi, qimirlaganini sezar edim. Keyin u yoqdan meni xavfsiz joyga, bunkerga olib o‘tishdi. U yerda ishonchli, judayam kuchli qo‘riqlanar edim. Lekin televizordan bo‘lsa ham yuzlab begunoh odamlar, bolalar o‘layotganligini og‘riqsiz kuzatolmasdim.
— Ukrainadan chiqishingiz ham xafvsizlik nuqtai nazaridanmi?
— Shu kunlarning birida Holluvudda urush haqida film olinishi va unda ishtirok etish uchun taklif bo‘ldi. Tushuntirishdi — Polshadan Germaniyaga o‘tib, hamma hujjatlar o‘sha yerda tayyorlanadi, keyin Hollivudga ucharkanmiz. «Sluga naroda» partiyasi Polsha chegarasigacha sog‘-omon yetkazishni ta’minladi. Kiyevdan Jitomirga keldim. Bunda mikroavtobusda edim, bilishimcha, mikroavtobusdagi boshqa yo‘lovchilar ham maxsus qo‘riqlanadigan kishilar edi. Jitomirda bir xonadonda to‘rt kun qoldim. Aytishlaricha, menga Polsha chegarasidan qanaqadir mashina kelishi kerak edi. Kutdim, keldi. Chegarada odam juda ko‘p edi. Tiqilinch, odamlar sumkalarining ustida uxlashyapti. Lolman. Bu yerdan qanday chiqaman deb o‘ylardim. Meni kutib olgan odamlar ratsiyalar orqali kimlar bilandir bog‘lanishdi, keyin askarlar bilan navbatsiz, hammadan avval olib kirib ketishdi.
— Polshaga kiraverishda sizni Putinning qiyofadoshi kutib olgani lavhasi ijtimoiy tarmoqda aylandi. Vikipediyada Hovard Iks sahifasida nomingiz paydo bo‘ldi...
— Prodyuser, ayni vaqtda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning qiyofadoshi Hovard Iks Amerikadan turib tashkiliy ishlarni boshqaryapti. Putinning qiyofadoshi meni Polshaning chegarasida kutib olib, belgilangan manzilga yetkazdi. Bu uchala shaxs qanchalik qarama-qarshi bo‘lishmasin, ularning qiyofadoshlari – biz uchalamiz mutanosib jamoa ekanimiz ayon bo‘ldi.
Polshada mehmonxonada bir haftacha dam oldim. Aylantirishdi, ko‘rsatishdi. Qandaydir studiyadan iltimos qilishdi – intervyu berdik. Keyin Germaniyaga o‘tdik. Bu yerda biz ishtirok etadigan serial tasvirga olinishida Amerika bilan hamkorlik qilayotgan kompaniyalar, rejissyor bilan ko‘rishdik. Hujjatlarni tayyorlashyapti. Hozircha Amsterdamda, Niderlandiyadamiz. Repetitsiya ketyapti. Matnlarni, Ukraina madhiyasini yodlashda sal qiyinchilik bo‘lyapti, boshqa muammo yo‘q.
Kino urush haqida. Aynan hozirda bo‘layotgan voqealar qamrab olinadi. Film necha seriya bo‘lishi menga qorong‘u. Boshida serial juda ko‘p seriyali bo‘lishi rejalashtirilgan. Serialning nomi ikki-uch xil variantda, hali aniq shakli bo‘lmagani uchun bir narsa aytolmayman.
— Shunday qilib, oddiy avtobo‘yoqchi hamyurtimiz katta siyosatga kirib keldi, desak to‘g‘ri bo‘ladimi?
— Men umuman siyosatni tushunmaganman, hozir ham tushunmayman. Lekin kuzataman. Hali ko‘p bo‘lmadi, Mirkomil Mirhaydarov degan tog‘am olamdan o‘tdilar. Borolmaganim armonim. «Siyosat bu judayam chuqur bir daryo. Chanqagan bo‘lsang, shuning chetidan suv ichib turgin. Qirg‘og‘idan turib kuzat, qo‘l-betingni yuvib ol istasang. Lekin o‘rtasiga borganing sayin cho‘kib ketishing mumkin» — rahmatli tog‘amning shu gaplari hech esimdan chiqmaydi. To‘g‘ri, men shu siyosatchilarning qo‘l ostida, siyosatchilarning himoyasida bo‘lib qoldim. Qolaversa, siyosatchining rolini ijro etyapman. Endi siyosatdan qo‘rqmayman, chunki, bilaman, men siyosiy bir xato qilmayapman. Qonun doirasidan chiqadigan biror nojo‘ya qadam qo‘ymayapman. Menga tayyorlangan hujjatlarda faqat aktyor, artist ekanligim ta’kidlangan.
— Vladimir Zelenskiydan gapiring, Ukrainada uni qahramon sifatida ko‘rishadi, Rossiyada masxaraboz deyishadi...
—Zelenskiy prezident bo‘lib, o‘z yurti, xalqining tayanchi bo‘lib, Ukraina uchun nimalar qilayotganini ko‘zim bilan ko‘rdim, suhbatini oldim, majlisida ham qatnashdim. Men uni hech qachon masxaraboz deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, u o‘tmishida aktyor bo‘lgan. Xo‘sh, nima qilibdi, kasb bu. Chuqur yondashib qaraydigan bo‘lsak, Vladimir Zelenskiy juda aqlli, chuqur mulohazali inson ekan. Gohida nimanidir e’tibordan chetda qoldirayotgandek yoki kulguga olayotgandek ko‘rinish bersa-da, ichida chuqur fikrlaydi, ruhan baquvvat inson u. Siyosat olamidagi buyuk yetakchi deb aytish mumkin Zelenskiyni. Jurnalistlar qiyofadoshim bo‘lgan prezident shaxsi haqida savollar berishadi. Lekin kelishuvga ko‘ra, aytishim mumkin bo‘lmagan holatlar bo‘yicha so‘ramaslikni iltimos qilaman. Zelenskiy xavfsizligi va boshqa tamoyillarga qarshi borishga yo‘naltirmaslikni so‘rayman.
— Katta bir mamlakat, kamiga ustiga qo‘shin tortilayotgan mamlakat rahbari qiyofadoshi bo‘lishning yuki og‘irmi?
— Og‘ir. Zelenskiyga qiyofadosh bo‘lish mas’uliyatini ko‘tarib yurish juda qiyin ekan. Men avval avtobo‘yoqchilik qilib yurgan vaqtim, o‘zimga xon, o‘zimga bek, xohlagan joyimga xohlaganimda ketardim. Bunda mas’uliyatli taraflari ko‘p ekan. Deylik, hatto oddiy do‘kondan istagan mahsulotni o‘zingiz sotib olib yeyishingiz mumkin emas. Lekin aytgan narsangizni o‘zlari olib kelib berishadi, olib kelingan barcha mahsulotlarda tibbiy muhri bo‘ladi. Ko‘chada, ko‘pchilik bo‘lgan davra, metro, bozor, odamlar gavjum joyga kirish mumkin emas. O‘zim yakka shaharga aylanishga chiqadigan bo‘lsam, selfiga tushishni iltimos qilishadi. Yo‘q deyolmayman. Ammo aktyorlik sohasidagi shartnoma bo‘yicha bu taqiqlangan. Har bir harakating nazoratda. Menga berilgan «Ukraina vatanparvari» medali ham mas’uliyat yuklaydi. Zelenskiyga qo‘l berib, ko‘ziga qarab va’da berganman, inoshoolloh, men uni hech qachon sharmanda qilmayman.
— Holluvud sizni yana O‘zbekistondagi yaqinlaringizdan uzoqlashtiradimi?
—Ota-onam bilan har kuni gaplashaman. Ularning xursandchilik tarafi bordek. Lekin ichlari to‘la xavotirni sezaman. «Bir yurtning Prezidentiga o‘xshagan insonsan. Har xil nojo‘ya gaplarni gapirmagin, jon bolam. Sen biz uchun yakkasan. Go‘rimizga qo‘yadigan sen, sendan boshqa hech kimimiz yo‘q», deyishadi.
Hozircha oilam, ikki farzandim O‘zbekistonda, ko‘nglim to‘q, ota-onam bilan birga. Lekin bolalarimni juda sog‘inganman. Hozir asosiy propiskamiz Germaniyada bo‘lyapti. Endi Hollivudga borib, bir joyda doimiy qo‘nim topsam, oilamni chaqirish niyatim bor. Ota-onam pensioner. Oilamni, bolalarimni birga olib kelishadi. Nasib bo‘lsa, mana shu hafta oxirida Hollivudga uchamiz. Eng muhim gapim – men ko‘zim bilan ko‘rgan dahshatli voqealarni mening O‘zbekistonim ko‘rmasin. Vatanimdagilar ko‘rmasin, yaqinlarim, oilam, bolalarim, hech kim ko‘rmasin. Ukrainada esa urush tezroq tugasin.
P.S. Umidjon Isabayev Hollivud bilan 4 yillik shartnomasi bitgach, O‘zbekistonga qaytishni niyat qilgan. Bu yillar davomida serialda bo‘lsin, kichik lavhada bo‘lsin, qanday rol ijro etmasin, mehnati orqali topgan pulining hammasini O‘zbekistonga olib kirmoqchi. U Rossiyada ham, Ukrainada ham fuqarolik borasidagi taklifni rad etgan.
Mustahkam TANGRIYoROVA suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter