Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Qahramon va jasoratli hamyurtim Sabo yoxud Germaniyadagi oshpaz ayol

Qahramon va jasoratli hamyurtim Sabo yoxud Germaniyadagi oshpaz ayol

«Sizni hokimiyatdagilar majburlab Turkiyaga jo‘natishganmidi?»

«Zilziladan omon qolgan yurtdoshlarimizni turli manzillarga joylashtirganmiz. Istanbulning to‘rt tarafiga bir martadan borib kelsam qorong‘u tushib qoladi. Uydagilarga vaqt ajratishning imkoni yo‘q. Muazzam opaning quloq miyasini yeyman. To‘xtamay qo‘ng‘iroq qilaman:

– Opa, menikilarga ham bilet gaplashdingizmi? Tezroq jo‘nataylik. Ayniqsa, chaqaloqlarimiz qiynalib ketishdi.

– Obbo, Sabo. Seniki menikisi bormi? Hammasiga olamiz. Viloyat hokimligi bilan gaplashayapmiz. Yordam berishadi.Sabr qiling. Biroz sabr. Vanihoyat qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Muazzam opa men kutgan yangilikni aytdi.

– Sabo, tayyor bo‘lishsin. Ertaga va indinga uchib ketishadi.

Muazzam opa menga dunyolarni sovg‘a qilgandek bo‘ldi. Hamma ketadiganlarga xushxabarni yetkazdim. Faqat bitta opa qolgan edi. Ikki kun avval shifoxonaga olib borgandim buyragini tekshirtirgani. Opaxafa bo‘lmasin,qatordan qolib ketmasin, dedim. Shoshilib aviakassaga bordim. Qo‘limdagi bor pulga, yetmaganiga qarz havola qilib bilet oldim.

Bugun hammadan avval aeroportga yetib bordim. Ikki-uch kishini pasport nazorati tomon kuzatib qo‘ydim. Xuddi o‘zim vatanga qaytayotgandek hayajonlanaman. Uzoqdan o‘sha opa ko‘rindi. Aeroportning katta aravasiga oltita chemodan, ikkita katta sumkalar joylangan. Hayron bo‘ldim:

– Bular kimniki?

– Meniki.

Kechagina buyragi og‘rib,belini ko‘tara olmayotgan opamiz og‘ir chemodanlarni hech qiynalmay yerga tushirdi. Yuklarni tortib ko‘rdik – sakson yetti kilo.

– Opa, o‘ttiz besh kilo haqqingiz bor. Sakkiz kiloni qo‘lingizga olasiz. Qolganini nima qilamiz?

– Amallayman. Tashlab ketolmayman.

Endi opaga qo‘shilib men ham yuki kamroq odamlarni qidira boshladik. Yalinib yolvordik. U aytgandek amalladik. Yigirma kilo yuk qoldi.

– O‘n kilo qo‘lingizga olsangiz, yana o‘n kilo qoldi.

– Ichkariga olib kirib ketaman. Qo‘lida yuki yo‘q odamni topib olarman.

– Eh, opayey. Bir o‘limdan qoldingiz. Sizga zarurmi shuncha qiynalib.

– Uyga borsam kim menga bir so‘m berardi. Ha, aytgancha, hokimiyatga tayinladinglarmi? Borsak bizga yordam berishadimi?

Tilimni tutib turolmadim.

– Sizni hokimiyatdagilar majburlab Turkiyaga yuborishganmidi?

Opa pinagini ham buzmadi. Pasport nazorati oldida hamyurtlarimkutib turishgan ekan, hammalari xursand. Raxmat aytib charchashmaydi. Opa yonimga keldi:

– Ichkarida ancha kutib qolamiz. Bilasizku, buyragim kasal. Ko‘p suv ichishim kerak. Pulim bo‘lsa hech kimga yalinmasdim. Hali bu o‘n kilo uchun ham harakat qilishim kerak.

Cho‘ntagimdan mayda-chuyda pullarni chiqardim:

– Samolyot uchishiga bir soat bor. Suvga pul kerak bo‘lishi mumkin. Ichkarida suv juda qimmat. Olinglar.

Opadan boshqa hech kim pul olmadi.Kerak emas, samolyotda hamma narsa beradi, deyishdi. Opa pulni bo‘yniga osib olgan sumkasiga solmoqchi bo‘ldi. Og‘zi ochiq sumka ag‘darilib ketdi. Ellik va yuz kupyuralik dollarlar yerga sochildi. Pul miqdori anchagina edi. Bir,ikki donasi, biz biroz avval insonlarga yalinib-yolvorib bergan yuklarga to‘lashga yetardi. Opa shoshilib pullarini yig‘ishtirdi. G‘ijimlab sumkasiga soldi. Xayrlashmadi ham. Ikkita chemodanini dast ko‘tardi-da, nazoratchi tarafga yurib ketdi. Birpas o‘zimga kela olmadim. Yonimdagi ayollarga qaradim. Qotib qolgan bitta men emas ekanman.Ular ham menga qarashdi...

– Yaxshi yetib olinglar. Vatanimizga salomimni yetkazinglar. Men uchun ham bir qoshiq sumalak yenglar.

Tezroq tashqariga chiqqim keldi. Oyoqlarim menga bo‘ysunmayapti. Eshikdan chiqishim bilan yuzimga muzdek xavo urildi. Biroz o‘zimga keldim. Qo‘llarim qaltirab Muazzam opaga qo‘ng‘iroq qildim. Salomlashdik...

– Opa,meni hikoyam shu yerda bitdi. Chaqalog‘imiz Abutolibning hujjatlari chiqishi bilan Yevropaga qaytaman. Ishimni sog‘indim. Omon bo‘ling».

Sabo bilan tanishganim

Asqar Mahkamning bir iborasi bor: «Yozganiga o‘xshamagan shoir shoir emas». Amali boshqa so‘zi boshqa odamning gapi nechog‘lik shirali bo‘lmasin yurakka yetib kelmaydi, chunki u yurakdan gapirmagan bo‘ladi shu gapni. Saboni Facebook orqali taniganman. U o‘zining boshidan o‘tgan hayotiy voqealarni «Sabo va uning do‘stlari» degan guruhga qo‘yib boradi. Ilk marta oshxonaning katta muzlatgichida qolib ketgani, mo‘’jiza yuz berib qorovul bilib qolgani, o‘shanda ilk bor o‘lim bilan tik kelgani haqida ibratli hikoyasi menda juda katta taassurot qoldirgandi. Yaqinda Turkiyadagi zilziladan keyin uni o‘sha yerdagi yurtdoshlarimizga yordam uchun birinchilardan yetib borganlar qatorida ko‘rdim. Turkiya bilan bo‘lgan kulfatni, odamlarning iztiroblarini hech qaysi OAV u kabi qalbi bilan yetkazib berolgani yo‘q. Shu bahona men u bilan to‘liqroq tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim. 45 yoshlinamanganlik oq sariqdan kelgan bu ayolning yozganlarini kuzatarkanman uni g‘oyibdan hurmat qildim.

«Umrimning asosiy qismi Toshkentda o‘tgan. Taqdir taqozosi bilan yetti yil Turkiyaning Istanbul shahrida ishladim. Oddiygina idish yuvuvchilikdan bosh oshpaz darajasiga ko‘tarildim, – deydi Sabo Marufjonova. – Hozirda Germaniyaning Shtutgart shahrida, «Garden Turk» restoranining mohir oshpazlaridan biriman. Yolg‘iz ayolman. Farzandlarim bor.

Oshxonada ovqatlari, internetda esa yozgan hikoyalari bilan mehr qozongan Sabo bolaligi haqida shunday eslaydi:

«Bolaligimdan she’r va hikoyalar yozaman. «G‘uncha», «Tong yulduzi», «Gulxan» kabi bolalar gazeta va jurnalida yozganlarim ko‘p marotaba bosilgan, ijodkor bo‘lishni orzu qilardim. Saraton kasaligiga chalingan onamga qarash uchun orzularimdan voz kechganman. Yozuvchilikka da’vo qilmayman. Chevar yozuvchilardek yozish uchun menda bilim yetishmaydi. Asarlarim qahramonlarining hammasi hayotiy. Ular biz bilan bir davrda yashashadi».

Sabo kasbini yaxshi ko‘radi. Qiyinchiligi – kunda o‘n soat tik oyoqda turib ovqat pishiradi. Bilamizki, dunyo oshxonasi tizimida ishlaydigan restoranlarda, har bir mijoz uchun alohida taom pishiriladi.

«Taomni pishirib mijozga go‘zal shaklda yetkazib berish ham san’atdir. Men bundan zavq olaman», deydi u.

«Sabo, – deyman yozishmalarimizning birida –Germaniyada ishlaysiz, Turkiyada yashagansiz aytingchi, odamlarni yaxshi yomon bo‘lishida millat nechog‘lik ahamiyatli?»

«Yomon millat, yomon davlat, yomon xalq bo‘lmaydi. Aslida bu fikrni men doimo ilgari suraman. Yaxshi va yomon odamlar bo‘ladi», – deb javob yozadi u.

Uni kuzatarkanman, zilzilaning ilk kunida Turkiyaga, Adiyamanga yetib borganini, hamma narsa video va rasmlarda ko‘ringanidek emas, balki yer yutib ketgan shaharlar dahshatning o‘zi ekanliginiyozgan hikoyalari orqali bilib bordim. Minglab jasadlar, minglab yaradorlar, yordamga muhtoj turk halqi hech kimni bee’tibor qoldirmadi, jabr ko‘rganlar orasida ko‘plab o‘zbeklar ham bor edi. Saboning boshlig‘i ham insoniyligi baland ekan, Turkiyada bir muddat qolishga ruxsat berdi. «Sabo uning do‘stlari» guruhidagi adabiyot ixlosmandlariham yordamga qo‘l cho‘zishdi. Zilziladan omon qolgan vatandoshlarimizni shifoxonaga olib bordi, yotar joy bilan ta’minladi, oziq-ovqatlarini yetkazib berdi. Ba’zilarini vatanimizga jo‘natib yubordi. Qolganlarini ham oilalarining bag‘riga qaytarish uchun harakat qildi. Anqaradagi ijtimoiy yordam markazidan, hamyurtlarimiz Muazzam Ibrohimova va Fazliddin akadan katta dastak oldi.

«Aytingchi, Turkiya xalqi bu musibatdan qanday xulosa chiqardi deb o‘ylaysiz?»

«Zilziladan keyin turk halqi yapon usulida uylar qurishga ko‘proq e’tibor qaratsa kerak. Chunki, Turkiya zilzilalar o‘lkasi. Har doim bu holatga tayyor bo‘lishi kerak. Mening oilam Istanbulda yashaydi. Ular tinch. Hamkasblarim orasida oilasini yo‘qotganlar ko‘p bo‘ldi. Men hech kimni yo‘qotmadim, deya olmayman. Vafot etgan Sevinch mening qizim. Og‘ir yarador Akramjon va Asliddin mening ukalarim. Gulnora opa mening opam, Dilshoda mening dugonam. Ikki oylik Abutolib nabiramdek. Biz bir din, bir davlat bir millat, qisqa qilib aytganda o‘zbek farzandlarimiz. Ofatni boshidan kechirganlar bilan gaplashdim. Ularni ko‘ziga qarash uchun esa temirdek iroda kerak bo‘lyapti. Ular haqida yozdim va yozishda davom etaman.»

 «Men donorman!»

«Bir singlimizni Qonuniy Sulton Sulayman shifoxonasiga olib bordim. Zilziladan omon qolgan yaradorlar ko‘pchilikni tashkil qilibdi. Navbat kutib turdik. Doktorlar tahlil qildirishimizni aytishdi. Tahlil javoblari chiqquncha og‘riq qoldiruvchi muolajalarni boshlashdi. Yo‘lakda kutib turibman. Ro‘paradagi xonadan erkak kishining hamshiraga baqirayotgani eshitilib turardi. Qiziqib eshikdan mo‘raladim. Hamshira aravachasini yetaklab chiqib ketdi. Birdaniga yigitni yo‘tal tutdi. Bir zumda qizarib ketdi. Shoshilib kirib suv ichirdim. Nimagadir yigitning qo‘llari va oyoqlari karovatga bog‘lab qo‘yilgan edi. Hayron bo‘lib qoldim. Yigit ko‘zlarini menga tikdi. Qandaydir g‘ayritabiiy ovozda so‘radi:

– Men donorman. Kimga organ kerak bo‘lsa tekinga beraman. Xavotir olma, sog‘lomman. Yuragim, jigarim, buyraklarim hammasi sopp- sog‘.

Tikilib turaverdim. Aqli joyida emas, shekilli.

– Yana suv beraymi?

– Koshki, shu suvning o‘rniga zahar bersang.

Jinnimi desam, o‘xshamaydi. Lekin, gaplari g‘alati. Bog‘lab qo‘yilgan qo‘l, oyoqlari qizarib ko‘karib ketibdi. Rahmim keldi. Unga qanday tasalli bersam ekan deb o‘yladim. Stulni surib yoniga o‘tirdim.

– Kimnidir yo‘qotganga o‘xshaysan. Boshing sog‘ bo‘lsin. Lekin, o‘lganni orqasidan o‘lib bo‘lmaydi. Sinovlariga sabr qilishimiz kerak.

– O‘lganni orqasidan o‘lsa bo‘ladi. Baribir o‘laman. Hech kim to‘sqinlik qila olmaydi. Yusufimning yoniga ketaman. O‘g‘lim sovuq tuproqda yotarkan, men issiq yotoqda uxlolmayman.

– Oilangda boshqa hech kim yo‘qmi?

– Qizim, ayolim bor. Ular qutilishdi. Yusufimni qutqarib qola olmadim. Bir yarim yoshda edi. Uni eng yaxshi inson qilib yetishtirmoqchi edim.

– Ular gunohsiz farishtalar. To‘g‘ri jannatga ketishdi.

Yigit ko‘zlarimga tikilib turdi.

– Sen boshqacha ekansan. Negadir sen bilan gaplashgim kelyapti. Qizimni ham yaxshi ko‘raman. Lekin, Yusuf boshqacha edi. Ismini vujudida tashirdi. Hazrati Yusufdek chiroyli edi. Mensiz uxlamas edi. To‘polon qilardi. Yolg‘ondan po‘pisa qilishsa qanotlarini keng ochib menga qochardi. Qo‘llarini yuqori ko‘tarib, meni ko‘tar deb imo qilardi. Ishdan kelishimni poylab turardi. Yana o‘sha holat. Qo‘llarini ko‘targancha menga qarab yugurardi. Boshimizga tom ag‘darildi. Ko‘zimni ochganimda hamma joyim qon edi. Belimni og‘ir tosh bosib qolgandi. Qimirlay olmadim. Uch metr uzoqlikda Yusufning yig‘lagan ovozi eshitildi. Belidan pasti tuproqqa ko‘milgan edi. Qo‘llarini uzatib meni ko‘tar deb yig‘lardi. Men notovon joyimdan qimirlay olmasdim. Avvaliga yaxshi gapirib, yupatib ko‘rdim. Tinchlantirishga harakat qildim. Yusuf yig‘lashda davom etdi. Chiday olmadim. Bor kuchim bilan oldinga siljishga harakat qildim. Belimni bosib turgan beton ham, men bilan birlikda harakat qilardi. Unga ancha yaqinlashdim. Bir metr ham masofa qolmagan edi. Yusufga qaradim.

– Keldim, bolam. Keldim, Yusufim. Oz qoldi. Hozir seni ko‘taraman.

Yusuf jilmaydi. Qo‘llarini oldinga cho‘zdi. Yana bir qattiq harakat qildim. Ustimga beton tushganini ko‘rdim. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Ko‘zimni ochganimda deyarli tuproqqa ko‘milib qolgandim. Shoshilib o‘g‘limga qaradim. Yusuf qo‘llarini men tarafga cho‘zgancha yotardi. Ko‘zlari katta ochilgan, qorachiqlari qotib qolgandi. Bu holatni tasvirlab berolmayman, bu yuk bilan qanday yashayman. Yusufning ko‘zlarini qanday unutaman?

Yigit lablarini qattiq tishladi. Negadir yig‘lamadi. Yig‘lasa yengil tortadi, deb qo‘ydim ichimda.

– Jon bizga Allohning omonati. Unga xiyonat qilish, o‘z joniga qasd qilish do‘zaxga tayyor chipta degani. Qizingni hech o‘ylayapsanmi? Ertaga katta bo‘ladi. Ko‘zga ko‘ringan vaqtda bitta suyanadigan toqqa muhtoj bo‘ladi. U tog‘, albatta, otadir. Bu dunyoda otasiz gulg‘unchalar ko‘proq xo‘rlanadi. Himoyachisi bo‘lmagani uchun...

Biz ancha gaplashdik, yigit tinchlandi... Yigitning ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. Yig‘idan nafasi tiqildi. Stol ustida turgan qaychini oldim. Avval qo‘llarini keyin oyoqlarini bog‘ichdan xalos qildim. Yigit qo‘llari bilan ko‘zini berkitgancha uvvos solib yig‘lardi. To‘yib yig‘lab olsin, unga xalaqit bermay deb orqamga qayrildim. Eshikka suyanib turgan hamshira ham unsiz yig‘lardi. Indamay chiqib ketdim. Orqamdan hamshira keldi.

– Sen psixologmisan?

– Yo‘q. Oshpazman. Kecha o‘n ikki yoshida qirq yoshli odamga aylanib qolgan bolani ko‘rdim. Bu ofat hammamizni boshqa-boshqa odamlarga aylantirib qo‘ydi.

Tahlil natijalari yaxshi chiqqan singlimizni taksigacha kuzatib qo‘ydim. O‘zim uyga qanday kelganimni bilmayman. Uzoqdan meni ko‘rib yugurib kelayotgan kichkintoyim Xarunni ko‘rdim. Qo‘llarini keng ochgancha pildirab kelardi. Bu safar uni ko‘tarib olmadim. Tiz cho‘kib quchoqladim.

– Endi seni ko‘tarmayman. Katta bo‘lib qolding. O‘zingni o‘zing himoya qilishing kerak. Seni yordamga muhtoj zaif hilqat emas, aksincha millatga yordami tegadigan kuchli inson bo‘lishingni xohlayman. Buni unutma, ho‘pmi?

Munchoqdek, qopqora ko‘zlarini tikib turgan jannat kalitim, meni nima deganimni tushunmasa ham jilmayib qo‘ydi. Bugun biroz vaqtim bo‘lib qolgani uchun yozib qo‘ya qoldim. Bugun yozmoqchi emas edim. Shundoq ham qancha qalblar parchalanib ketdi. Ko‘zimiz yoshlardan ko‘rmay qoldi.»

Qalblarni birlashtirgan Sabo

«O‘g‘lim bor Yusuf, bir yarim yosh. Uni uxlatayotib bu hikoyani yig‘lab o‘qidim, hamma qiliqlari o‘sha Yusufnikiga o‘xshaydi, jajji farishta...», deb yozadi muxlislaridan biri izohida.

«Ajoyibsiz Sabo, azizim! Kundan-kunga mehrim oshib borayapti sizga, bu ko‘ngilchanligingizni, mehribon yaxshi insonligingizni ko‘rib. Yoshim 62 dan oshgan bo‘lsada yoningizda bo‘lib Siz qilayotgan ezgu ishlarda birgalashgim kelayapti ...»

«Sabo xola. Ayamning telefonidan yozyapman. Telefon olaman deb, pul yig‘ayotgan edim. Ikki yuz o‘n besh ming so‘m bo‘libdi. Uni sizga yuboryapmiz. Turkiyadagi o‘rtoqlarimga shapka olib bering. Sovqotib qolishmasin.»

«Ajoyib insonsiz, Sabo!Bir insonninghayotini saqladingiz, unga umid bag‘ishladingiz. Rahmat sizga, do‘stim».

«Saboxonim, nihoyat men yordam berishni iltimos qilgan qizimizni ham vatanga qaytarayotganingiz uchun chuqur minnatdorman. Uning 5 nafar bolasi bor, eri ekstremistik guruhlarga qo‘shilib, oilasini tashlab ketgan. Natijada u bolalarini boqish uchun ketgandi. Rahmat, sizga. Sizni Alloh asrasin. Siz hali ming-minglab odamlarga keraksiz».

Izohlarni o‘qirkanman, dunyo faqat negativlardan iborat emasey, degim keldi. Ana shunday olijanob qalbli Sabo haqida aytmoqchi bo‘lganlarimiz shular edi. U o‘zi bilmagan holda qanchadan-qancha odamlarni adabiyotga oshufta qilayapti, o‘zining ezgu ishlari orqali odamlarga yaxshilik qilishni o‘rgatayapti. Uning har bir hikoyasi tagida yozib qoldiradigan so‘ngi so‘zi bor, so‘ngi so‘zki qalblarni birlashtiradi: «Hayot juda qisqa. Qalblarni parchalash bizga yarashmaydi. Sizlarni yaxshi ko‘raman, Sabo». Biz ham sizni yaxshi ko‘ramiz qahramon va jasoratli Sabo!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring