Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ta’til puli 3 kun muddat ichida to‘lab berilmadi: qanday yo‘l tutiladi?

Ta’til puli 3 kun muddat ichida to‘lab berilmadi: qanday yo‘l tutiladi?

Savol: ta’til puli 3 kun muddat ichida to‘lab berilmadi: qanday yo‘l tutiladi?

MK 233-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.

Har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq ta’til boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Demak, e’tibor bering, ta’til puli ta’til boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Masalan, siz 13 oktyabr kuni ta’tilga chiqsangiz, 12 oktyabr kuniga qadar (shu kuni ham) ta’til puli tushishi shart ekan.

Agar ta’til puli o‘z vaqtida tushmasa, ish beruvchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, MK 333-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart

Savol: Ish kunim haftada 6 kun. Ish vaqtim ham 8 soat. Biroq, men soat 17:00 dan 20:30 ga qadar ham majburan kechki ishga qoldirilyapman. Bu holatga qarshi qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri bo‘ladi?

MK 182-moddasiga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

MK 185-moddasiga ko‘ra, har kungi ishning (smenaning) davomiyligi:

a) o‘ziga nisbatan ish vaqtining normal davomiyligi belgilangan xodimlar uchun:

olti kunlik ish haftasida — yetti soatdan;

besh kunlik ish haftasida — sakkiz soatdan;

b) o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun — ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan davomiylikdan;

v) nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun — ushbu Kodeks 427-moddasining ikkinchi qismida belgilangan davomiylikdan;

g) noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun — ushbu Kodeksning 478-moddasida belgilangan davomiylikdan oshishi mumkin emas.

MK 189-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish esa xodimning roziligi bilan amalga oshiriladi, moddaning 6-qismidagi holatlar bundan mustasno.

MK 190-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak.

MK 5-moddasiga ko‘ra, Majburiy mehnat taqiqlanadi.

Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta’sir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.

Savol: Dehqonoboddagi kaliy zavodida Tog‘-kon yerosti majmuasining navbatchi elektr mantyori bo‘lib ishlayman. Yer ostida mazam bo‘lmay yotgan joyimda texnika xavfsizligi xodimlari meni suratga tushirib ketgan edi. Tegishli buyruq bilan menga «Hayfsan» berildi. Men o‘z tushuntirish xatimda ham sog‘ligim bilan bog‘liq muammo bo‘lganini yozganman. Yuqoridagi vaziyatda menga intizomiy jazo berilishi qonuniymi?

MK 301-moddasiga ko‘ra, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.

Agar xodimning o‘z mehnat (lavozim) majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuz bergan bo‘lsa (xodimning o‘z mehnat vazifalarini bajarish uchun ish beruvchi tomonidan zarur shart-sharoitlar ta’minlanmaganligi, fors-major holatlari va hokazolarda), xodimni intizomiy javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yilmaydi.

MK 313-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, agar haqiqatdan ham mazangiz bo‘lmay o‘z xizmat vazifalaringizni bajarmagan bo‘lsangiz, Sizga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo g‘ayriqonuniy hisoblanadi, agar aksincha bo‘lsa Sizga nisbatan jazo to‘g‘ri qo‘llanilgan hisoblanadi.

Agar intizomiy jazo g‘ayriqonuniy qo‘llanilgan deb hisoblasangiz, MK 560-moddasiga ko‘ra, huquqingiz buzilganligini bilgan yoki bilishingiz kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oy ichida sudga murojaat qilishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring