O‘zbekiston BAA tomoni bilan sarmoyaviy hamkorlikka doir 15 ta kelishuvga erishdi
13-yanvar, dushanba kuni Prezident Sh.Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi arafasida Abu Dabi shahrida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatlar delegatsiyalari (O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda BAA tomonidan ushbu davlatning energetika va infratuzilma vaziri Suhail Mohamed Al Mazrui) ishtirok etishdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida oliy darajada o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, 2021-yildan buyon BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi yiliga o‘rtacha 20 foizdan ko‘proqqa oshib bormoqda va 2024-yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 650 millionga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 114 tasi qo‘shma korxona va 223 tasi 100 foiz xorijiy korxonalardir. 2023-yilda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga 1,08 milliard dollar, 2024 yilda esa 1,5 milliard dollardan ortiq BAA investitsiyalari o‘zlashtirildi.
Birgalikda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar an’anaviy va muqobil energiya, infratuzilma, kimyo sanoati, geologiya, IT, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarini qamrab oladi.
«O‘zbekiston-BAA» investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Uning investitsiya portfeli bugunga kelib tibbiyot, geologiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida umumiy qiymati 192,5 million dollar bo‘lgan 7 ta loyihani tashkil etmoqda. 140 million dollarlik 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Biroq erishilgan natijalar ikki davlatning iqtisodiy salohiyatini umuman aks ettirmaydi, shu bois hamkorlik hajmini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks choralar ko‘rilmoqda.
Kecha tadbirda imzolangan hujjatlarning ana shunday qadamlardan biri ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu 15 ta kelishuv vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar tomonidan birgalikda olib borilgan sa’y-harakatlarning mevasi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik tarixida yangi sahifa ochayotgani aytib o‘tildi. Marosimda «AMEA Power», «Masdar», «Solar Power Shine», «M42», «Burjeel Holdings», «IFFCO Group», «TWS», «Alserkal Group», «Metito», «AD Ports», «Jetex», «Emirates Group» va boshqa kompaniyalar bilan energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv ta’minoti, transport, logistika sohalarida investitsiya bitimlari va shartnomalar imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter