Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Aslida aybdor kim? Uchinchi erdan «baxt» izlagan onami?

Aslida aybdor kim? Uchinchi erdan «baxt» izlagan onami?

O‘z baxti yo‘lida dilbandining jonini olgan inson baxtga erisha oladimi? Ammo siz-u biz anglab turgan hayot haqiqatiga ishonmagan bekobodlik Sayyora, o‘zganing quchog‘idan «baxt» izlab, mudhish ishga qo‘l urdi. Voqea bunday bo‘lgan edi.

Sayyora qo‘shni qishloqdagi yigitga turmushga chiqdi. Turmush o‘rtog‘i Sayyorani ardoqlab, e’zozlar edi. Sayyora ham bu insonga muhabbat qo‘ydi. Ammo bu baxtli lahzalar uzoq davom etmadi.

Kutilmaganda xastalik tufayli eri omonatni topshirdi. Tushkunlikka tushib qolgan Sayyora erining ortidan o‘zi ham narigi dunyoga jo‘namoqchi bo‘ldi. Ammo qornida yangi bir hayotning borligi uni bu shashtidan qaytardi. Sayyoraning ilk muhabbatidan faqatgina qizalog‘i yodgor bo‘lib qoldi.

Beva holida homilador bo‘lib qolgani ortidan mahallada har xil gaplar bolaladi. Bu gaplarga chiday olmagan qaynona va qaynota Sayyorani uydan quvishdi. Ya’ni, erining ota-onasi kelinining qadami to‘g‘riligidan shubhalanishdi.

Sayyora yolg‘iz qizalog‘i bilan ota-onasining uyiga emas, balki tog‘asinikiga bordi. Chunki ota-ona ham ko‘chadagi gaplarga ishonib qolgan edi-da!

Oradan 3 yil o‘tib, qarindoshlarning bosimi ostida Sayyora o‘zidan 20 yosh katta erkak bilan shar’iy nikohdan o‘tib, bir yostiqqa bosh qo‘ydi. Qarindoshlar topgan erkak pedofil ekanligi, 4 yoshli Sabinaga tajovuz qilganidan keyin oshkor bo‘ldi. O‘gay ota panjara ortiga ravona bo‘ldi. Xo‘rlangan ona va bola esa yana ko‘chada qolishdi.

Bir muncha vaqt o‘tib, Sayyora vaqtincha birinchi erining uyida yashay boshladi. Bir tuzukkina ish ham topdi. Ammo qishloqda yana gap bolaladi. Bu gaplar jon-jonidan o‘tib ketgach, zora erga tegsam halovat toparman, deya uchinchi bor erga tegishga rozilik berdi.

Kuyov ham darrov topildi. Sayyora erlikka nomzodlar orasida olti bor ajrashgan, bepusht erkakni tanladi. Chunki u «tirnoqqa zor erkak yakka-yagona qizimga otalik mehrini bera oladi», deb o‘ylagan edi. Biroq chuchvarani xom sanagan ekan.

Yangi uyda qaynona va kelin o‘rtasida ko‘p gap qochdi. Er «bolani ko‘chadan orttirib olgansan, haromini uyimdan yo‘qot», deya shart qo‘ydi. Sayyora o‘z dilbandini haromiga chiqargan uydan bosh olib ketdi. Biroq oraga mahalla tushib, er-xotinni yarashtirib qo‘ydi. Sayyora erining uyiga qaytib bordi, lekin ahvol o‘nglanmadi.

Davomli oilaviy janjallardan depressiyaga tushib qolgan Sayyora, o‘zining baxtsizligida qizini ayblay boshlaydi. Ona 8 yoshli qizidan qutulish rejasini tuzdi va bir kuni Sabinani sholi poyasiga olib borib...

Bir necha kundan so‘ng ona 8 yoshli qizini yo‘qotib qo‘yganini aytib, uni qidirishga tushadi. «Yo‘qolib qolgan» qizaloqning jasadi ko‘p o‘tmay, 2021 yilning 6 avgustida sholi maydonidan topiladi. Jasadni onaning o‘zi topadi va avvaliga buni kutilmagan falokatdek qabul qiladi.

8 yoshli Sabinaning jasadi sud ekspertizasi tomonidan o‘rganilganda, qizaloq suvda cho‘kib emas, balki bo‘g‘ish oqibatida o‘lgani ma’lum bo‘ladi. Tergov jarayonida vijdon azobi tinchilik bermagan ona yagona farzandini o‘ldirganiga iqror bo‘ldi.

Shuningdek, tergov vaqtida 8 yoshli Sabina onasining uchinchi eri – o‘gay otasi tomonidan ham muntazam ravishda jinsiy zo‘rlab kelingani aniqlandi.

Sabina sakkiz yilgina yashadi, ammo kun ko‘rmadi. Kattalarning o‘ylamay qadam bosishlari va jirkanch nafslarining qurboniga aylandi. Onasining ham aynan qarindoshlari, yaqinlari  ko‘kragidan itargan, yordam uchun qo‘l cho‘zmagan va natijada ayol bag‘ritosh qotilga aylangan.

Savollar qalashib ketadi. Nega otalar, onalar qotilga aylanmoqda. Vaqtida mehr ko‘rmagani, loqaydlik qurboni bo‘lishgani uchunmi? Axir Sabina va uning onasining hayotidan mahalla-ko‘yning xabari bo‘lmaganmi? Nega vaqtida yordam qo‘li cho‘zilmay tashlab qo‘yildi. Bizda ijtimoiy yordam markazlari mavjudmi, bor bo‘lsa nega qotilliklar, ajrimlar ko‘paymoqda. Va buning jabrini nega yosh go‘daklar tortmoqda, bolalar badalini to‘lamoqda? Va yana biz bilganlarimiz shular, bilmaganlarimiz qancha?

Sardor Ali

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring