Voyaga yetmagan bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
Buxoroda voyaga yetmagan bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi qamaldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, 30 yoshli fuqaro O.Ya. o‘z boshqaruvida bo‘lgan «Nexia» rusumli avtomashinasini Qorako‘l tuman hududidan o‘tuvchi 4K198-sonli avtomobil yo‘lidan «Qorako‘l-Kamolot» mahalla fuqarolar yig‘ini yo‘nalishida boshqarib borgan.
Mazkur yo‘lning «Chovli»mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan 11-kilometriga yetganda, amaldagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. Avtomashinasini 70-80 km/soat tezlikda boshqarib borishi jarayonida yo‘l transport hodisasini sodir qilgan.
U velosipedda harakatlanib kelayotgan voyaga yetmagan 16 yoshli K.Q.ni urib yuborgan. Kuchli zarbdan velosiped yo‘l chetiga chiqib ketgan. Bola mashinaning old kapoti ustiga uchib tushgan. Avtomashina taxminan 20 metrcha tormozlab borib to‘xtagan. Shunda velosiped haydovchisi sidirilib yerga tushib ketgan. Qishloq odamlari to‘planib, birinchi yordam ko‘rsatilguniga qadar og‘ir tan jarohati olgan voyaga yetmagan bola hodisa joyida vafot etgan.
Avtomashina haydovchisi o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Yosh bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi marhumning ta’ziyasida uning oilasiga 40.000.000 so‘m pul yordam qilib, velosiped olib bergan.
«Aybdorman. Holat kutilmaganda sodir bo‘ldi. O‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmadim. Qonun doirasida tegishli jazoni ham tayinlashdi. Yosh bolaning uvoliga qoldim. Vaqt-ku, o‘tadi. Ammo, bu azob meni bir umr vijdon azobidan qiynalib o‘tishim tayin»,-degan aybdor sudda.
O.Ya. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga shu modda bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Aybdor o‘z jazosini manzil tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter