O‘zbekiston va Xitoy olimlari Orol dengizi tubini hamkorlikda o‘rganishga kirishdi
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida («Green University») Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Shinjon ekologiya va geografiya instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Orol dengizi qurigan tubining ekologiyasi va atrof-muhitiga oid kompleks ilmiy ekspeditsiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Orolbo‘yida ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini tushunish va yumshatishda ekspeditsiyaning roli muhim ekanligini ta’kidladi.
«Bugun boshlangan ekspeditsiya Orolbo‘yi tabiatini ilmiy yondashuv va izlanishlar asosida chuqurroq o‘rganish yo‘lidagi yana bir katta qadamdir. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlar va ilmiy hamkorlik yuksak samaralar berib, kelajakda mintaqada yangi ekologik loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi», — dedi vazir.
Ta’kidlash joizki, mazkur ekspeditsiya Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz hukumatining mintaqa ekotizimini tiklash, Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish borasidagi izchil siyosatiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ekspeditsiya doirasida ekotizim, tuproq, shuningdek, mintaqa bioxilma-xilligi holatidagi o‘zgarishlarni o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
«Ekspeditsiya davomida bir qancha ilmiy maqsadlarni ko‘zlaganmiz. Bu mikroorganizmlarning biologik xilma-xilligini, tuproq tarkibini va foydali qazilma konlarini o‘rganishdir. Chunki hozir Orol dengizi tubidan to‘plangan tuz nafaqat eng yaqin hududlarga, balki Xitoy, G‘arb va boshqa olis hududlarga ham tarqalayotganini ko‘rib turibmiz. Ishonchimiz komilki, ekspeditsiya davomida to‘planadigan ma’lumotlar ekologik vaziyatni barqarorlashtirish masalalarida mamlakatlar hukumatlari tomonidan qarorlar qabul qilishda qo‘l keladi», — dedi Shahlo Turdiqulova.
Tadbir davomida tashkilotchilar, jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Shinjon Ekologiya va geografiya instituti vakillariga ekspeditsiyaning rasmiy boshlanishi ramzi bo‘lgan bayroqlar topshirildi.
Tadbir guruh a’zolariga norasmiy muzokaralar o‘tkazish va bo‘lajak ekspeditsiya bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun asos yaratish imkonini beruvchi sessiya bilan yakunlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter