Ekologiyaga oid yangi tanlov shartlari ma’lum qilindi

Joriy yildan boshlab yanvar-mart oylari davomida respublikamizning barcha umumta’lim maktablarining yuqori sinf hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?» respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyatida respublika bosqichiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, viloyat ekologiya boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Dilshod Xushvaqov, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Muhammadiyev, tanlov ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida «Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?» respublika ko‘rik-tanlovining maqsadi va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tanlov shartlari tushuntirildi.
Ma’lumot uchun, mazkur tanlov tajriba sifatida 2024 yil 8-13 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi «Lochin» oromgohida o‘tkazilgan «Yoshlar kelajak bunyodkorlari!» III xalqaro ekologiya va turizm qurultoyi doirasida ilk marotaba tashkil etilib, unda 14 ta jamoa, jami 112 nafar yoshlar qatnashgan edi.
2025 yildan boshlab, mazkur tanlov ommalashtirilib, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etildi.
Tanlov 4 shart bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
I shart – «Bu bizning hudud» - ushbu shartda ishtirokchi jamoalar o‘z hududlarining ekologik holati, ekomadaniyati, piknik madaniyatlari, hudud ekologiyasini yaxshilashga doir amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarining ekologiyaga bo‘lgan munosabati ochib berilishi lozim.
II shart – «Intellektual ring» - ushbu shartda jamoa a’zolari 3 daqiqa ichida ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi 10 ta savolga javob berishlari lozim.
III shart – «Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!» - ushbu shartda ishtirokchi jamoalar respublikamiz ekologiyasini asrab-avaylashga qaratilgan yoshlar orasida ekomadaniyatni targ‘ib qilishni ko‘zda tutgan, plogging, iqlim o‘zgarishlar, daraxt ekish va kesish hamda suv muammolari bo‘yicha loyihasining mazmun-mohiyatini ochib beradigan ibratli sahna ko‘rinish tayyorlashlari lozim.
IV shart – «Eng yaxshi ekologik loyiha» - ushbu shartda ishtirokchi jamoalar respublika miqyosida ekologiya sohasini rivojlantirish, yosh ekologlar sonini ko‘paytirishga erishish, ekologiya yo‘nalishidagi investitsiyalarni jalb qilish, ekologiya salohiyatini kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va loyihalarini namoyish etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter