Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘tgan qishning uch oyida ham yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatildi

O‘tgan qishning uch oyida ham yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatildi

Foto: Xabar.uz

O‘tgan qish oylari bo‘yicha ob-havo ma’lumoti tahlil qilindi. O‘zbekiston hududi bo‘yicha o‘tgan qish mavsumining harorat tartibi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga mos bo‘ldi

O‘tgan qishning eng sovuq oyi dekabr oyi bo‘lib, bunda me’yordan 1-2,5 darajaga sovuqroq, respublika shimolida va cho‘l hududlarida me’yor atrofida bo‘ldi. 

Ushbu yilda yanvar oyi qish mavsumining eng sovuq oyi degan nomga mos kelmadi, deyarli respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yanvar oyi dekabr oyiga nisbatan iliqroq bo‘ldi. Yanvar oyida o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 0,5-1 darajaga, shimolda 2-3 darajaga yuqori bo‘ldi. 

Fevral oyining harorat tartibi iqlim me’yoriga yaqin bo‘ldi. Faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida fevral oyining o‘rtacha harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 1,5-2 darajaga yuqori bo‘ldi. 

2024-2025-yillardagi qish mavsumi davomida iliq to‘lqinlar va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashinishi kuzatildi – ko‘pincha O‘zbekistonda shunday qish mavsumlari qayd etiladi. 

Respublika hududining katta qismida eng kuchli sovuqlar dekabr oyida, shimolda esa fevral oyida ham kuzatildi. Sovuq eng kuchli bo‘lgan kunlarda havo harorati 8-13 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Navoiy viloyatining shimolida 15-18 daraja sovuqqacha, janubda 3-8 daraja sovuqqacha pasaydi. 

Qish mavsumi oylarida kuzatilgan iliq davrlarda kunduz kunlari havo harorati 12-17 daraja iliqqacha, fevral oyi uchinchi o‘n kunligining boshida esa 18-21 daraja iliqqacha, janubda 23-24 daraja iliqqacha ko‘tarildi. 

Bunday harorat qiymatlari O‘zbekistonda deyarli har qish mavsumida kuzatiladi. 

O‘tgan qishning o‘ziga xos xususiyati, bu qish faslining uch oyida ham yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatilganligidir. 

O‘zbekiston hududining katta qismida qish davrida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 40-70% ni tashkil etdi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida me’yordan 40% kam bo‘ldi. Faqat yog‘ingarchilik me’yori juda kam bo‘lgan eng qurg‘oqchil hududlarda mavsumiy yog‘ingarchilik miqdori me’yorga yaqin bo‘ldi. 

O‘tgan qish mavsumida yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida qayd etildi, ayrim kunlarda qorga aylanishi kuzatildi. 

Qish oylarida yog‘ingarchilik taqchilligi O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor to‘planishiga ta’sir qildi. 

Qish oxiriga kelib, tog‘lardagi qor qoplami balandligi me’yordan faqat 40-60% ni tashkil etdi. 

O‘tgan qishning harorat tartibi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishiga qaramay, qish fasllarining isishi bo‘yicha uzoq muddatli tendensiya davom etmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring