Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eksportchi korxonalar soni ortmoqda

Eksportchi korxonalar soni ortmoqda

Yurtimizda eksportchi korxonalarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar joriy qilingan.

Masalan, transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, xalqaro standart sertifikatlarini joriy etganda to‘lovlar davlat tomonidan qoplanadi. Shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlashda ham xarajatlarning ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, eksportchi korxonalar eksportga chiqarayotgan mahsulotlar uchun yagona soliq va foyda solig‘idan ozod etilgan. Deylik, agar bir korxona o‘z mahsulotining 30 foizini eksport qilsa, ushbu 30 foiz mahsulot uchun foyda solig‘i va yagona soliqdan ozod qilinadi. Shuningdek, eksportchi korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarib olish imkoniyatiga ega.

Eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash

«Mikrokreditbank» ATB tomonidan ham eksportchi korxonalar, xususan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Birgina 2024 yilda 150 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi tadbirkorlik sub’yektlarining 804,7 milliard so‘mlik loyihalari moliyalashtirilib, 1,97 million AQSh dollari miqdorida eksport tushumi amalga oshirildi. Joriy yilda esa 330 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlarining 1,2 trln. so‘mlik loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Muvaffaqiyatli eksportchi

Masalan, 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Xojeli un mahsulotlari» korxonasiga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va bug‘doy sotib olish uchun 12 oy muddatga 600 000 AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Natijada, 2024 yil davomida 1,8 million AQSh dollari miqdorida un mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Quvonarlisi, ushbu korxonada 65 nafar doimiy ishchi band qilingan.

Ma’lumot uchun, «Xojeli un mahsulotlari» korxonasi «Mikrokreditbank» moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, 2022-2024 yillarda 2,2 million AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratilgan. Hozirda korxona Qozog‘iston Respublikasidan olib kelingan bug‘doyni qayta ishlab, yuqori navli un mahsulotlarini nafaqat mahalliy bozorga, balki xorijga ham eksport qilmoqda. Korxona kuniga 200 tonna un mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bank qo‘llab-quvvatlovi davom etmoqda

«Mikrokreditbank» tomonidan eksport bilan shug‘ullanib, milliy mahsulotlarimizni jahon bozorlariga olib chiqayotgan, shu orqali davlatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarni imtiyozli shartlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring