«Hududgaz Surxondaryo» filiali tadbirkorning bo‘yniga 1 mlrd so‘m «ilib qo‘ydi»
Raqobat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga joriy yilning oktyabr oyidagi «Sherobod sement zavodi» MChJning murojaati kelib tushgan.
Ushbu murojaatda «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali tomonidan «Sherobod sement zavodi» MChJga tarif rejalarini hisoblashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi hamda oldindan to‘langan mablag‘lar inobatga olinmaganligi, shu sababli asossiz qarzdorlik hisoblanganligi keltirib o‘tilgan.
O‘rganish jarayonida, «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali tomonidan 2022 yil iyul va avgust oylarida gaz uchun qo‘llanilgan tarif (narx)lar noto‘g‘ri hisoblanganligi aniqlandi.
«Sherobod sement zavodi» MChJ 2022 yil 3 avgustgacha «Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJ tarkibiga kirgan. Ushbu vaqtda gaz ta’minotiga oldindan to‘lov qilinganligi hamda «Sherobod sement zavodi» 2022 yilda MChJ sifatida ajralib chiqqandan so‘ng 2022 yil avgust oyi uchun eski tarif rejasi bo‘yicha bir metr kub uchun 1300 so‘m yechib olinganligi aniqlandi. Aslida esa MChJ uchun bir metr kub gaz 1000 so‘m etib belgilangan. Shu sababli tadbirkorlik sub’yektiga ortiqcha 1 mlrd so‘mga yaqin qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Natijada, mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz hisoblangan mablag‘ni «Sherobod sement zavodi» MChJ foydasiga qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida qaror va ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter