Raqobat qo‘mitasi «Texnomart» MChJga jarima qo‘lladi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Texnomart» MChJ telegram kanalida joylashtirilgan «Eng zo‘r taklif» mazmunidagi mobil telefonlar reklamalarida mahsulot narxi va to‘lov shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilganligi aniqlandi. Bu esa reklama qonunchiligining buzilish holati hisoblanadi.
Jumladan, VIVO Y03 telefoni uchun 213 167 so‘m oylik to‘lov, HONOR X7b telefoni uchun esa 274 167 so‘m etib ko‘rsatilgan. Ammo qo‘mita tomonidan boshqa savdo do‘konlaridagi ushbu markali mobil telefonlar narxlari solishtirilganda, «Texnomart» MChJ savdo do‘konlaridagi muddatli to‘lov narxlari nisbatan yuqoriligi kuzatilgan. Bundan tashqari, reklamada «eng», «eng yaxshi» kabi orttiruvchi nisbatlar ishlatilgan, lekin bu da’volarni tasdiqlaydigan aniq dalillar taqdim etilmagan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan «Texnomart» MChJga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi hamda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlarining tegishli moddalari talablari buzilishi bilan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter