Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxorolik cho‘ponni kuyovi «uxlatib» ketdi

Buxorolik cho‘ponni kuyovi «uxlatib» ketdi

Foto: «Xabar.uz»

G‘ijduvon tumanidagi Ko‘krabot qishlog‘i fuqarosi Qurbon Toshev qaynakasi Shokir Xayriyevning Rossiya Federatsiyasiga ketganidan foydalanib, uning qaramog‘idagi hamqishloqlariga tegishli qo‘y, echkilarni 36 million 600 ming so‘mga pullab yuborgan. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Boborahim Ochilov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

G‘ijduvon tumanidagi «Paxtaobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shokir Xayriyev ancha yillardan buyon cho‘l massividagi dalalarda odamlarning 200-250 boshga yaqin qo‘y, echkilarini boqib kelgan. O‘z do‘stlari va tanish-bilishlarining qo‘y-qo‘zilarini boqishi evaziga har bir bosh uchun oyida 10 000 so‘mdan pul olishga kelishgan. Qo‘y-qo‘zilarni boqishda ukasi Fozil Xayriyev ham yordamlashib kelgan. Biroq cho‘ponchilik qilib kelayotgan Shokir turmush taqazosi bilan Rossiya Federatsiyasiga jo‘nab ketishiga to‘g‘ri kelgan. Qaramog‘idagi hamqishloqlariga tegishli bo‘lgan qo‘y-qo‘zilarni Ko‘krabot qishlog‘ida yashovchi kuyovi Qurbon Toshevga ishonib, har birini xatlov bilan unga topshirib ketgan.

Ishonchga kirib, o‘zgalarning qo‘y-qo‘zisini «xatlab» olgan Qurbon Toshev oradan ko‘p o‘tmay, firibgarlik yo‘liga o‘tgan. Mahalladoshi Ozoda Abdullayevaga tegishli va har birining bahosi o‘rtacha 1 000 000 so‘m bo‘lgan 35 bosh hisori va duraga qo‘ylarni hamda har birining bahosi o‘rtacha 400 000 so‘m bo‘lgan 4 bosh echkilarni sotib, pullarni o‘z manfaati yo‘lida sarflagan.

Shokir Rossiya Federatsiyasiga ketgach, ukasi Fozil qo‘ylardan xabar olish uchun kelgan vaqtda Qurbon unga: «Ozoda Abdullayevaning qo‘ylari boshqa otarning qo‘ylariga qo‘shilib ketgan» deb aldab kelgan. Bir necha marotaba takrorlangan bu holat Fozilda shubha uyg‘otgan. Aniqlik kiritishga urinishlari zoye ketgan. Oradan ancha vaqt o‘tgandan so‘ng Fozil va Shokirning onasi Muhabbat Botirova hamda Ozoda Abdullayeva G‘ijduvon tuman IIBga ariza bilan murojaat etishga majbur bo‘lishgan.

Kuyovimning o‘zimizga yaqinroq hudud — «Quchchi» cho‘l massividan  ancha uzoqda joylashgan «Sho‘rko‘l» yer maydonlariga o‘g‘illarim qaramog‘idagi qo‘ylarni boqishga olib ketgani bizni tashvishga solgan edi. «Kuyovimiz-ku, chuv tushirmas», degan xayolga borganimiz ham rost. O‘zi tirikchiligimizni bir navi qilib, shuni ortidan sudrab turgan bo‘lsak. Shubhalarimiz to‘g‘ri chiqdi. Na iloj, kuyovim ustidan arz qilishga majbur bo‘ldim. Axir u atarda 250 boshga yaqin boshqa hamqishloqlarimizga ham tegishli qo‘y-qo‘zilar bor,—  dedi sudda so‘z olgan onaxon.

Sud sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini eshitib, ish bo‘yicha to‘plangan dalillarni tekshirgan. Taraflarning muzokara nutqlari va sudlanuvchining oxirgi so‘zini tinglagan.

Sudda Qurbon Toshev o‘zining shaxsiy muammolarini hal qilish maqsadida fuqarolardan olgan qarzlarini to‘lash uchun qo‘y-qo‘zilarni sotishga majbur bo‘lganini  tan olgan. Jumladan, 35 bosh qo‘y va 4 bosh echkilarni sotib yuborib, hozirgi kunda 36.600.000 so‘m yetkazilgan zarardan 6.600.000 so‘mini qaytara olganini, 30.000.000 so‘mni ham qaytarishini bildirgan.

Qurbon Toshev O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismining «a» bandi bilan aybdor deb topilgan va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan. 2 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring