Turkiyada Germesning marmar haykali topildi

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Aspendos qadimiy shahridagi arxeologik qazishmalar paytida Germesning marmar haykali topilganini ma’lum qildi.
«Aspendos qadimiy shahrida «Kelajak uchun meros» loyihasi doirasida davom etayotgan arxeologik qazishmalarda Rim imperatorlik davriga oid Germes haykali topildi. Afrodita va Erosning boshlari, Artemida va Nemesisga tegishli haykallarning parchalari ham xuddi shu hududdan topildi», – dedi Mehmet Nuri Ersoy.
Ersoy qaytadan dunyo yuzini ko‘rayotgan tarixiy topilmalarning mamlakatga, madaniyat va turizm sohasiga foydali bo‘lishini ta’kidlab, loyihaga hissa qo‘shgan Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi xodimlariga minnatdorchilik bildirgan.
Zevsning xabarchisi Germes tasvirlangan haykal
Vazirlik tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, Aspendosda qazish ishlari 2024-yil boshlangan bo‘lib, qazish ishlari jarayonida Teatr ko‘chasining sharqida joylashgan kirish darvozasining janubiy qanotidagi monumental favvora xarobalari orasidan Germesning marmar haykali topilgan.
Topilmada Olimpning bosh xudosi Zevsning xabarchisi va xudolarning eng «chaqqoni» bo‘lgan Germesning haykali tasvirlangan. Germes yunon mifologiyasida yo‘llar, savdo, mehmondo‘stlik, diplomatiya, musobaqalar va astronomiya xudosi bo‘lish bilan birga o‘g‘rilar va savdogarlar, suruvlar va cho‘ponlarning himoyachisi sifatida ham tanilgan.
Haykal o‘ng qo‘lida hamyon, chap qo‘lida esa yelkasidan pastga osilgan ridosi bilan tayoq ushlab turgan holda tasvirlangan. Uning chap oyog‘i yonida boshi Germes tomon qaratilgan qo‘chqor haykalchasi bo‘lgan.
Qazishmalar davomida parcha-parcha topilgan haykalnıng deyarli barcha qismi qazib olingan va haykal qazilmalar omborida birlashtirilib, butun holatga keltiriladi.
Poydevorini hisobga olgan holda umumiy balandligi 1,65 metrga yetadigan haykal o‘zining uslubiy xususiyatlariga ko‘ra Rim imperiyasi davriga (milodiy II asr oxiri — III asr boshi) tegishli.
Xuddi shu hududda Afrodita va Erosning ham boshlari topilgan
Germes haykali topilgan hududda sevgi va go‘zallik ma’budasi Afrodita va sevgi xudosi Erosga tegishli deb taxmin qilingan boshlar ham topilgan. Haykallar hududga xos badiiy uslubda ishlanganligi va davrning estetik tushunchasini aks ettirgani kuzatilgan.
2024-yilda «Kelajak uchun meros» loyihasi doirasida olib borilgan qazishmalarda xuddi shu hududda ov, yovvoyi tabiat, hayvonlar va tabiat ma’budasi Artemida bilan adolat, taqdir va qasos ramzi bo‘lgan Nemesisga tegishli ekanligi taxmin qilingan tana a’zolari ham topilgan.
Aspendos qadimiy shahrida olib borilgan qazishmalar mintaqaning madaniy merosiga oydinlik kiritishda davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter