Qirg‘iz-tojik chegarasidagi aholi punktlari ko‘chiriladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Kabar» nashriga bergan intervyusida Tojikiston tomoni bilan chegara masalasi amalda hal etilgani, hozirda hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shni davlat rahbari ushbu ishlar yakunlanganidan so‘ng tegishli hujjatlar hukumatlararo komissiyalar, so‘ngra tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolanishini aytgan.
«Bu barcha tartiblardan so‘ng bitim ikki davlat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Keyin biz, ikki davlat prezidentlari hujjatni imzolaymiz. Keyin notalar almashinuvi bo‘ladi.
Va shundan keyingina, yana 1-2 yil davomida demarkatsiya ishlari olib boriladi. Shundan keyingina jarayon to‘liq yakunlanadi», – deydi Japarov.
U, shuningdek, jurnalistning chegara borasidagi kelishuvlar qaysi tomonning foydasiga hal bo‘lgani haqidagi savollariga ham javob bergan.
Sadir Japarovning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi chegara nizolarini hal qilishda faqat bir tomonlama manfaatlarni hisobga olib bo‘lmaydi. Har ikki tomonning manfaatlari hisobga olingan taqdirdagina qaror qabul qilinadi.
«Bizning ming kilometrga yaqin umumiy chegaralarimiz bor. Ko‘pgina joylarda bahsli hududlar mavjud edi. Ba’zi hollarda bu sohalar teng ravishda hal qilindi.
Qolaversa, bizda shaxmat taxtasidek tartiblangan, uylari aralashgan chegaradosh qishloqlarimiz bor. Biz bu masalani ham hal qildik. Aks holda chegara qo‘riqlash har ikki tomon uchun ham katta noqulaylik tug‘dirardi», – deydi u.
Qayd etilishicha, agar Qirg‘iziston tomonida Tojikiston fuqarolariga tegishli uylar bo‘lsa, Tojikiston tomoni ularni ko‘chiradi. Yoki aksincha bo‘lsa, qirg‘iz fuqarolari ichkariga ko‘chiriladi.
«Ular uchun yer maydonlarining kattaligini hisobga olgan holda boshqa joyda uylar quramiz», – deydi Qirg‘iziston rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter