Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin Aliyevdan boshqa yana kimlardan uzr so‘ragan?..

Putin Aliyevdan boshqa yana kimlardan uzr so‘ragan?..

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-dekabr kuni Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotda Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida yuz bergan samolyot halokati sabab uzrxohlik qildi. Putin fojia Rossiya havo hududida yuz bergani sababli kechirim so‘ragan va qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr tongida Oqtov yaqinida qulab tushganidan keyinoq o‘nlab insonlar o‘limiga olib kelgan aviahalokat Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining xatosi tufayli ro‘y bergani haqida taxmin o‘rtaga chiqqandi.

Rossiya prezidentining uzr so‘rashi Moskva rasmiy idoralari rad etishga uringan versiya haqqoniy ekaniga ishora qiladi.

Salkam chorak asrdan beri Rossiyaga rahbarlik qilib kelayotgan Vladimir Putin o‘z siyosiy faoliyati mobaynida bir necha bor xorijiy davlatlar yetakchilari hamda odamlardan uzr so‘ragan. Quyida ularning ayrimlarini eslab o‘tamiz.

2024-yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi bilan borgan Putin Moskva va Pekin o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 75 yilligiga atalgan konsertda nutq so‘zlagan. U nutqi davomida o‘z fikrlarini xitoychaga o‘girishiga imkon bermagani uchun mahalliy tarjimondan uzr so‘ragan.

«Uzoq gapirganim uchun ma’zur tutasiz... O‘zimni xuddi uyimdagidek his qilib, bu yerda hamma ruscha gapiradi deb o‘ylabman», – degan Putin. 

Rossiya rahbarining Chin yurtiga ushbu tashrifi yana bir uzrxohlik bilan yodda qolgan. Ertasi kuni Putin Xarbin shahri aholisidan uning tashrifi munosabati bilan ko‘rilgan kuchli xavfsizlik choralari uchun kechirim so‘ragan.

«Biz yaqinda qaytib ketamiz va hayotingiz yana risoladagi o‘zanda davom etadi», – degan u.

2023-yil dekabr oyida Putin Rossiya xalqidan tuxum narxi qimmatlab ketgani uchun kechirim so‘ragan.

«Bu masalada taassuf va uzrimni izhor etaman. Bu hukumat ishidagi kamchilik» degan siyosatchi yaqin muddatda muammo hal etilishiga va’da bergan.

2022-yil may oyida Kreml xo‘jayini mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Adolf Hitlerning yahudiy nasabi xususidagi fikri uchun Isroil bosh vaziri Naftali Bennetdan kechirim so‘ragan. Lavrov o‘sha yilning 1 may kuni Italiyaning Mediaset telekanaliga bergan intervyusida Hitlerning tomirida ham yahudiy qoni oqqani haqidagi taxminni ilgari surgan, bu fikr Tel-Avivning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

2020-yil sentyabr oyida Putin Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichdan kechirim so‘rashiga to‘g‘ri kelgan. Bunga esa Rossiya tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning kinoyali posti sabab bo‘lgan.

Gap shundaki, Serbiya prezidenti o‘shanda Vashington shahrida prezident Donald Tramp vositachiligida Kosovo yetakchisi bilan muzokaralar olib borgan. Serb ommaviy axborot vositalari prezident Vuchichning Oq uyda Tramp qarshisida o‘tirgan suratini e’lon qilgan. Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarova Feysbukdagi sahifasida Serbiya prezidentining ushbu suratini «Asosiy instinkt» filmidagi bepardaroq sahna bilan muqoyasa etgan holda post qoldirgan. Bu esa rasmiy Belgradning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

2018-yil fevral oyida Putin Rossiya olimpiya terma jamoasidan uzr so‘ragan. Rossiya terma jamoasi o‘sha yili Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiada o‘yinlaridan doping mojarolari sabab chetlatilgan. Putin sportchilarni bu vaziyatdan himoya qila olmagani uchun o‘zini aybdordek his etgan.

2017-yil fevral oyida Putin turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘ondan kechirim so‘ragan. Rossiya aviatsiyasi Suriyaning Halab shahridagi «jangovar vazifa»ni bajarish payti xato tufayli Turkiya harbiylarini o‘qqa tutgani va oqibatda uch askar halok bo‘lgani Putinni rasman uzr so‘rashga majbur etgan.

Erdo‘g‘on Putin ikki marta uzr so‘rashiga to‘g‘ri kelgan yagona prezident bo‘lsa ajab emas. 2015-yil oktyabr oyida Rossiya samolyoti Turkiya havo sarhadini ruxsatsiz kesib o‘tgani ortidan Putin Erdo‘g‘onga uzrxohlik bildirgan.

2013-yil aprel oyida Putin Ikkinchi jahon urushi veteranlaridan urushga doir yodgorliklar vayron qilingani vajidan kechirim so‘ragan. Yodgorliklarga ziyon yetkazgan vandallarni qoralagan siyosatchi bu hammaning umumiy aybi ekanini qayd etgan.

Germaniya kansleri Angela Merkelning 2007-yil yanvar oyida Sochiga tashrifi payti mojaroli hodisa ro‘y bergan. Merkel va Putin suhbatlashayotgan xonaga Rossiya prezidentining «Koni» laqabli iti kirib kelgan. Merkel keyinroq o‘z xotiralarida o‘shanda it qopib olmasmikan deya yuragi taka-puka bo‘lganini yozgan. Germaniya kansleriga ko‘ra, Putin u itdan qo‘rqishini bilaturib muzokara xonasiga ko‘ppagi kirishiga atayin ruxsat bergan. Chunki Berlin bu haqda Moskvani avvaldan ogohlantirgan bo‘lgan. Putin esa Merkelning itdan qo‘rqishidan bexabar bo‘lganini aytgan. 

«Angela, iltimos, kechir meni. Qalbingga ozor yetkazmoqchi emas edim. Aksincha, suhbatimiz iliq muhitda o‘tsin degandim. Ma’zur tutgaysan», – degan Putin keyinroq. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring