Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron AQShga «qaqshatqich javob» va’da qildi

Eron AQShga «qaqshatqich javob» va’da qildi

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanai AQShning har qanday tashqi bosqiniga qarshi qaqshatqich javob qaytarilishini ma’lum qildi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Eronni bombardirovka qilish tahdidiga javoban yangradi.

Tehronda Iyd al-Fitr munosabati bilan mamlakat ahliga murojaat qilgan oyatulloh Ali Xomanai tashqi bosqin ehtimoli kamligi, ammo Eron voqealarning bunday rivojiga ham tayyor ekanini ta’kidladi.

«Biz tashqi agressiya ro‘y berishiga katta ehtimol bermaymiz, ammo biror bir agressiya akti sodir etilgan taqdirda ham, ularga (AQSh nazarda tutimoqda – tahr.) qat’iy javob beriladi. Agar ular mamlakat ichida fitna chiqarishni ko‘zlayotgan bo‘lsalar – avvalgi yillarda ham shunday qilishgan edi – ularga Eron xalqi munosib javob beradi», – degan Eron oliy rahnamosi.  

Ali Xomanai «zolim va qonxo‘r to‘da» Falastin tuprog‘idan haydab chiqarilishini ham ta’kidlagan.

Oyatulloh Ali Xomanaining keskin ohangdagi bayonoti AQSh prezidenti Trampning Tehronga qarshi tahdidlari ortidan berilgani diqqatga molikdir.

Yakshanba kuni Tramp NBC telekanali efirida Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni rad etsa, mamlakat bombardirovka qilinishi va unga qarshi bojlar joriy etilishini aytgandi.

«Agar ular bitimni rad etishsa, misli ko‘rilmagan bombardirovkalar uyushtiriladi... Shuningdek, to‘rt yil avval qilganimdek, ularga nisbatan ikkilamchi tariflar joriy etaman», – degan AQSh rahbari.

Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ham Trampning bombardirovka haqidagi tahdidini qoralagan. Rasmiy Tehronga ko‘ra, davlat rahbari tomonidan bunday tahdid qilinishi «xalqaro tinchlik va xavfsizlikning ochiq poymol etilishi» sanaladi.

«Zo‘ravonlik zo‘ravonlikni, tinchlik esa tinchlikni tug‘diradi. AQSh esa ulardan birini tanlashi va oqibatlarga tayyor bo‘lish zarur», – deyiladi Eron TIV bayonotida.

Joriy yil mart oyida prezident Tramp Eron rahbariyatiga maktub yo‘llab, yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazishni taklif qilgan edi. Maktubda Tehronga qarshi tahdidlar ham o‘rin olgan.

Eron rahbariyati Tramp ma’muriyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokarani rad etgan, ammo boshqa diplomatik kanallar, ya’ni vositachilar orqali muloqotni istisno etmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring