Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ekspert: Moldova Moskva qarshisida tiz cho‘kmadi

Ekspert: Moldova Moskva qarshisida tiz cho‘kmadi

Moldovaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 80 foiz qoplovchi Dnestrbo‘yidagi GRES joriy 1- yanvardan elektr uzatishni to‘xtatishi haqida xabar bergandik.

Ushbu holat GRES bilan shartnomani uzaytirishning imkoni bo‘lmagani, chunki elektr ishlab chiqarish uchun gaz yetkazib berilishiga to‘liq ishonch yo‘qligi bilan izohlangandi. Buning ortidan Moldovaga elektr inqirozi xavf solayotgani aytilgandi.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Dnestrbo‘yi hududining Rossiya gazidan uzilganini postsovet makonida haftaning eng e’tiborli jarayonlaridan biri deb atagan.

“Lekin Moldovaga nisbatan energoshantaj ish bermadi, mamlakat energotizimi kutilganidan ko‘ra ancha barqaror qoldi. Bugun 5-yanvar holatiga Moldova nazoratidagi hududlar bo‘ylab energiya ta’minoti 100 foiz tiklangan. Moldova o‘zi uchun (ya’ni o‘z nazoratidagi hududlar uchun) gazni Yevropa bozoridan olayotganiga ancha bo‘lgan. Shimol gazini bosib olingan Dnestrbo‘yi bevosita iste’mol qilgan (Moldova faqat Dnestr IES ishlab chiqargan elektr energiyasidan foydalangan). Ya’ni, boshqacha aytganda, gazni qurol deb biluvchilar energoshantaji bilan aslida o‘zlari bosib olgan Dnestrbo‘yini jazolagan. Qishning qoq o‘rtasida rus dunyosiga aldangan Dnestrbo‘yi gazsiz, elektrsiz va suvsiz qolgan (xuddi shunday ahvol Abxaziyada ham)”, – deb yozdi Otabek Bakirov.

Moldova navbatdagi shantaj oldida tiz cho‘kmaganini urg‘ulagan ekspert Kishinyov hukumati energetikani tovar emas, qurol deb biladigan Moskvaning keyingi harakatlarini oldindan ko‘ra bilgani, shunga yarasha favqulodda choralar ko‘rgani, bozorini diversifikatsiyalashni boshlaganini qayd etgan.

“Energoshantaj modeli 30 yildan buyon o‘zgarmagan. Avvaliga aldov uchun arzon va hatto tekinga gaz beriladi, gaz ignasiga o‘tkazib qaram qilinadi, keyin sizlarni biz boqyapmiz, deyishga o‘tishadi, bir muddat o‘tib bozordan karrasiga qimmat o‘lchovlarda korrupsion hisob beriladi: yo hozir to‘laysan yo yeringni, boyligingni, demakki, suverenitetingni bizga berasan qabilida. Shuning uchun ham energoxavfsizlik milliy davlatchilik va mustaqillik uchun haddan ziyod muhim masala. Energoxavfsizlikni autsorsingga topshirib bo‘lmaydi. Energoxavfsizlikni xatar yaratuvchilar qo‘liga qoldirib bo‘lmaydi”, – deya xulosa qiladi O.Bakirov.

Tahlilchilarga ko‘ra, Moldova Rossiya qutbidan chiqib, erkin dunyo sari intilmoqda. Moskvadan uzoqlashuv siyosatini yuritayotgan Moldova 2024- yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tarkibidan chiqish istagini bildirgandi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu Kreml mamlakatda davlat to‘ntarishi va qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bayonot bergani ma’lum.

Rossiya Moldovada 2024-yil 20-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovga turli yo‘llar bilan aralashish hamda fuqarolarning suveren huquqidan foydalanishga to‘sqinlik qilishda ham ayblangan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Mayya Sandu saylov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng jinoiy to‘dalar xorijdagi kuchlarning o‘nlab mln yevro ko‘magi bilan Moldovada boshboshdoqlik va tartibsizlikni yuzaga keltirishga uringani haqida bayonot bergandi.

AQSh ham 2023-yili Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgandi. Vashingtonga ko‘ra, Kreml YeI bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilayotgan Sandu hukumatini zaiflashtirishga urinmoqda.

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring