5 nafar o‘zbekistonlik yonib ketgan ferma egasi uy qamog‘iga olindi
Tataristonning Yelabuga viloyati Malorechenskoye qishlog‘ida joylashgan chorvachilik fermasidagi muhojirlar joylashgan yotoqxona yonib ketgani va yong‘inda 6 kishi halok bo‘lgani ortidan Udmurtiya sobiq qishloq xo‘jaligi vazirining qizi Yelena Sobina 2025-yilning 24-fevraliga qadar uy qamog‘iga jo‘natildi. U uy qamog‘ini Naberejne Chelnidagi ijaraga olingan kvartirada o‘taydi.
«Umid qilamanki, tergov xolis va adolatli bo‘lib, ishning barcha holatlari ko‘rib chiqiladi. Biz jabrlanganlarga yordam ko‘rsatdik va tergovdan yashirish niyatimiz yo‘q», – degan Sobina.
Mazkur yong‘inda halok bo‘lganlarning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani avvalroq aytilgan edi.
Sobinaning advokati bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in qurbonlarining uch nafar qarindoshiga 1,5 million rubl miqdorida tovon puli to‘langan Qolganlari esa bank o‘tkazmalari bo‘yicha G‘arb sanksiyalari tufayli haligacha tovon pulini ololmagan.
Bundan tashqari, advokat Sobina o‘z ixtiyori bilan tergovchilarga kelganini, biroq aybini tan olmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24-dekabr kuni sodir bo‘lgan ushbu yong‘in paytida yotoqxonada 39 kishi bo‘lgan, biroq ulardan atigi 33 nafari tashqariga chiqa olgan, xolos.
Halok bo‘lganlarning besh nafari O‘zbekiston, bir nafar esa Udmurtiya fuqarosi bo‘lgan.
Holat yuzasidan RF Jinoyat kodeksining ehtiyotsizlik tufayli o‘limga sabab bo‘lish, noqonuniy migratsiyani tashkil etish va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish kabi jami 5 ta modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yelena Sobinadan tashqari «Mir» MChJ bosh direktori Vladimir Chayka ham hibsga olingan. Bugun Naberejne Chelni sudi unga nisbatan ham ehtiyot chorasini tanlaydi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, dehqon xo‘jaligi rahbari 2023-yilda «Mir» MChJdan qishloqdagi noturar joy binosini fermer xo‘jaligi ishchilarini joylashtirish uchun ijaraga olgan. Shu bilan birga, MChJ bosh direktori uning normal ishlashini ta’minlashi, dehqon xo‘jaligi rahbari esa yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishi kerak bo‘lgan. Ammo ular yong‘in xavfsizligiga doir bu talablarni bajarishmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter