12 ballik jarima tizimi: «prava»sidan kimlar mahrum bo‘ladi?

Yo‘l harakati qoidalarini muntazam ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan jarima ballari tizimi joriy etildi. Bir yil davomida 12 ball to‘plaganlar sud qarori bilan kamida olti oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Ushbu tartib haqida e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalar kelib chiqdi. Kimdir buni oqladi, kimdir qarshi chiqdi.
Odatda, aksar e’tirozlar ma’lumotlarning yetarli bo‘lmasligi yoki tushunmovchiliklar ortidan ham kelib chiqadi. Quyida ushbu tizim haqida ko‘pchilikni o‘ylantiradigan savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Jarima ballari qanday hisoblanadi?
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach, transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Ya’ni, bir yil davomida 12 ball to‘plamasangiz, sizga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lish xavfi tushmaydi. Bir yil davomida 12 ball to‘plash esa, ishonavering, «oson emas». Negaligini quyiroqda tushuntiramiz.
Bunday jazolash shartmidi?
«Radarlarga, kameralarga tushganimiz uchun jarima to‘layotganimiz kammidi, nega endi qo‘shimchasiga jarima ballari ham to‘lashimiz kerak», degan savol ko‘pchilikda tug‘ildi. Bir qarashda ikki tomonlama jazo — adolatsizdek. Lekin yo‘llarimizga qarang: avtomobil boshqaruvida asabiylashmagan kuningiz bormi? Kimdir siqib o‘tadi, kimdir bo‘lar-bo‘lmas «signal» chaladi, qaysidir biri qizildan, boshqasi qarama-qarshingizdan chiqib keladi, noto‘g‘ri quvib o‘tadiganlar qancha...
OAVlarda kunda, kunora mudhish xabarlarga ko‘zimiz tushadi:
- Namanganda Lacetti katta tezlikda 11 yoshli qizni urib yubordi, qizaloq vafot etdi.
- Samarqandda qizil chiroqqa to‘xtamagan Gentra avariya sodir etib, yo‘l chetida turgan ikki piyodani urib yubordi.
- Poytaxtda yuz bergan YTH oqibatida 18 yoshli haydovchi vafot etdi.
- KIA haydovchisi poyga o‘ynab, piyodani urib yubordi, 27 yoshli yigit halok bo‘ldi.
- Drift oqibati. Ikki nafar 19 yoshli yigitning umri xazon bo‘ldi.
- Boysundagi mudhish YTHda 6 kishi halok bo‘ldi.
- Toshkent shahridagi YTHlarda bir yilda 91 kishi vafot etgan...
Statistikaga ko‘ra, qoidabuzarlikni «odat» qilib olgan haydovchilarning og‘ir oqibatlarga olib kelgan YTHlar sodir etayotgani ko‘p uchramoqda.
Misol uchun, 2024 yil 6 dekabr kuni Yangihayot tumanida 1 fuqaroning o‘limiga va 3 nafarining og‘ir tan jarohat olishiga sabab bo‘lgan «Mercedes Benz» haydovchisi bir yil davomida 26 ta qoidabuzarlik sodir etgani aniqlangan.
12 ball to‘plash osonmi?
Agar «qip-qizil» qoidabuzar bo‘lmasangiz, bir yil davomida 12 ball to‘plash oson emas!
Birinchidan, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima turlari soni jami 70dan ortiq bo‘lsa, shundan faqat 12ta modda bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etilganda haydovchiga jarima ballari yoziladi. Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima ballarining eng yuqori miqdori ikki balldan oshmasligi qayd etilgan. Qolaversa, bitta qoidabuzarlik uchun maksimal ball soni ikkitadan oshmasligi ham belgilangan.
Ya’ni, jarima ballari asosan insonlar hayotiga xavf tug‘diradigan huquqbuzarliklar — harakat tezligini oshirish (0.5 balldan 2 ballgacha), svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish (2 ball), qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomonga chiqish (2 ball), transport vositasida quvib o‘tish qoidasini buzish (1.5 ball), YTH qatnashchilarining hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi (2 ball) kabi holatlarda yoziladi. Qolgan holatlarda pastroq ballar berilishi (masalan, to‘xtash yoki to‘xtab turish, odam tashish qoidalarini buzish kabi huquqbuzarliklarga 0,5 ball) ko‘zda tutilgan.
Misol uchun: haydovchilar eng ko‘p tushadigan holat — harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirish uchun 0,5 jarima balli beriladi. Bir yilda 12 ball to‘plash uchun 24 marta radarga tushishingiz kerak! Yo‘llarda «uchar haydovchi» bo‘lmasangiz, sizda bunday «natija» qayd etish xavfi yo‘q. «Uchar» bo‘lsangiz, demak yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavflisiz!
Ikkinchidan, hozircha faqat yo‘l patrul xizmati inspektori tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma asosida ballik tizimga o‘tiladi.
YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovning qayd etishicha, qoidabuzarliklarni bazada hisoblash IIV YHXX tomonidan elektron tarzda amalga oshiradi. Bu yerda inson omili bo‘lmaydi.
Ya’ni, hozircha kamera va radarlarga tushganda yoziladigan jarimalar 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblanmaydi. Kamera va radarlarni keyinchalik qo‘shish rejalashtirilgan.
Demak, yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan haydovchilar jarimaga ham tushishmaydi, jarima ballari ham yig‘ishmaydi. Jumladan, jarima ballarini hisoblash tartibi yuzasidan Hukumat qarori loyihasida qoida buzmaydigan haydovchilarga rag‘batlantiruvchi normalar ham kiritilmoqda.
Masalan, 6 oy davomida huquqbuzarlik sodir etmagan haydovchidan 2 jarima balli ayirib tashlanadi yoki 12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilariga rag‘batlantirish tariqasida, keyingi davrda yo‘l harakati qoidalarini birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi.
Faqat YPX inspektori bayonnomasi asosida jarima ballari yozilishi korrupsion holatlarga yo‘l ochmaydimi?
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, jarima ballari faqat 12ta modda bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etilganda, ya’ni asosan insonlar hayotiga xavf tug‘diradigan holatlar uchun yoziladi.
Misol uchun, xavfsizlik kamari taqmaganingiz, «aptechka» yo‘qligi, «polosa» bosganingiz uchun jarima to‘lashingiz mumkin, lekin YPX inspektorlari buning uchun jarima ballari yozish bilan ham qo‘rqita olishmaydi. Chunki bunday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari yo‘q!
Bu tizim faqat O‘zbekistonga xosmi?
Yo‘q! Bunday tizim allaqachon xorijiy davlatlarda yuqori samara ko‘rsatmoqda.
Germaniyada: mashina boshqaruvida telefondan foydalanish, tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmasdan o‘tish kabi qoidabuzarliklarga 1 dan 3 gacha jarima ballari belgilanadi. 8 jarima ball qayd etilganda haydovchi mashina boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Germaniyada ball tizimi joriy etilishi YTH bilan bog‘liq o‘limlar sonini 24 foizga kamaytirdi.
Finlyandiya: Qoidabuzarliklar uchun 2 dan 6 gacha jarima ballari belgilanadi. 12 ball qayd etilgan taqdirda, haydovchilar mashina boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Finlyandiyada jarima ballar joriy etilishi haydovchilar tomonidan takroran qoidabuzarliklarni sodir etishning oldini olishga xizmat qilgan.
Jarima ballar qayd etish tizimi Belgiya, Italiya, Irlandiya, Fransiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlarida, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi Osiyo davlatlarida ham joriy qilingan.
Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilganlar qayta imtihon topshirishlari shartmi?
Jarima ballari sabab «prava»sidan mahrum bo‘lgan haydovchi qayta imtihon topshirishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, huquqbuzarlar yana mashina boshqarishga ruxsat olishdan oldin o‘z malakasini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Xitoyda ham shunday tajriba mavjud. Agar haydovchi qoidabuzarligi 1 yil davomida 12 jarima balli to‘plasa, uning guvohnomasi vaqtincha bekor qilinadi va uni tiklash uchun qayta tayyorgarlikdan o‘tib test topshirishi talab qilinadi. Agar bu holat 3 marta takrorlansa, guvohnoma to‘liq bekor qilinadi.
Kanada yoki AQShda ta’sir choralari bundan ham og‘ir. Ularda haydovchilarni qonunsevar va tartibli qilayotgan sug‘urta tizimi bor.
Kanadada yashaydigan hamyurtimizning yozishicha, 2017 yili u mashinasini urib olgan, ayb o‘zida bo‘lgan.
«Ta’miriga sarflagan pulim holva bo‘ldi, sug‘urtam oshganiga solishtirganda. Bitta avariya sabab 6 yil davomida sug‘urta uchun ikki baravar ko‘p pul to‘ladim. Hisoblab chiqsam, bu muddat ichida avariya sababli qo‘shimcha qariyb 13 ming AQSh dollari to‘labman.
Mashina ta’miriyam, jarima ham mayli. Lekin 6 yil davomida xavfli haydovchilar ro‘yxatiga tushib qolganim juda katta summaga aylangan», deydi u.
Yana qanday javobgarliklar belgilandi?
Jinoyat kodeksiga ko‘ra:
- Transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda (2611-modda. 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).
Birgina 2024 yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan.
- Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lgan shaxsning ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin transport vositasini boshqarganligi uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda (2612-modda. 37,5 mln so‘mgacha jarima, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).
- 5 ta yo‘l-transporti sohasidagi yangi jinoyatlar uchun javobgarlik kiritilmoqda (davlat raqam belgilarini qonunga xilof tayyorlash yoki foydalanish; haydovchilarni tayyorlash, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzish va boshqa.)
Shuningdek, transport harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra:
- 4 turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda (svetoforning taqiqlovchi signaliga bo‘ysunmaslik; quvib o‘tish qoidalarini buzish; transportni mast holda boshqarish; yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish va boshqa.)
- 5 ta yo‘l-transporti sohasidagi yangi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda (jumladan «yo‘l bezoriligi», drift uchun jazo — 2 yilgacha transportni boshqarish huquqidan mahrum qilib, 9,3 mln so‘mgacha jarima);
- huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto yoki videotasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib va boshqacha ko‘rinishda o‘zgartirgan holda tarqatishga javobgarlik belgilanmoqda (1952-modda. 18,7 mln so‘mgacha jarima yoki 10 sutkagacha qamoq).
Qonun ishlashi uchun nima qilish kerak?
Kiritilgan o‘zgarishlar ish berishi uchun qonun hamma uchun barobar bo‘lishi kerak. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, huquqbuzarga jazo muqarrar bo‘lishi lozim.
Kelgusida 12 ballik jarima qoidasi yanada kuchaytirilar balki (hozircha, xorijdagi muqobillariga qaraganda ancha liberal), balki Kanada va AQShdagi kabi o‘zgaruvchan sug‘urta to‘lash orqali haydovchilarni madaniyatli, tiyib turadigan qat’iy tizim qilinar.
Fikrimizcha, jarima ballarining ta’sirchanligi tezroq sezilishi, «o‘pkasi yo‘q»larning sal bosilishi uchun ham, kamera va radarlar qayd etilgan qoidabuzarliklarni jarima ballari tizimiga qo‘shishni ko‘p kechiktirmaslik zarur.
2024 yilda 9 364 ta YTH oqibatida 2 203 kishi halok bo‘lgan, yana 8 901 nafari tan jarohati olgan, majruh bo‘lgan. 2 203 nafar qurbon — tinch zamonda juda katta raqam! Axir ular kimningdir boquvchisi, kimningdir jigarbandi edi.
Jarimalarni to‘lash mashaqqati, yig‘iladigan jarima ballarining oqibati, boringki, haydovchilik guvohnomasidan ayrilish — bularning birortasi yo‘llarda berilgan jon, norasidasining qabri ustida to‘kilgan bir tomchi ko‘z yoshga arzimaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter