O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birini tabriklashdi
30 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bir-birini va qardosh xalqlarimizni kirib kelayotgan 2025 yil bilan samimiy qutlab, sihat-salomatlik, baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zaro tovar ayirboshlashning jadal sur’atlar bilan o‘sib, energetika, transport, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani, idoralararo va hududlararo aloqalar, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bu yil shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan yuksak saviyada o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarga alohida to‘xtaldi. O‘zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan badiiy film suratga olingani, bir qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter