Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari boshlandi

Turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga oid o‘quv seminari boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari, tuman (shahar) sektorlari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminar boshlandi. Tadbir davlat rahbarining 2024 yil 18–20 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqlari, shuningdek, 2025 yil «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan rahbarlar oldida turgan vazifalarni chuqur o‘rganishga yo‘naltirildi.

Seminarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ochib berdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Ekologiya vazirligi va Turizm qo‘mitasi xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

O‘quv seminarida bioxilma-xillikni asrash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyati, ekoturizmni rivojlantirish hamda zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan bo‘lishildi, mavzuga doir qator taqdimotlar o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yangi zamonaviy xizmat turlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrifi doirasida «Chorvoq darvozasi» va «Ugam River» turizm majmualarida bergan topshiriqlariga muvofiq sektor rahbarlariga taqdimot o‘tkazdi hamda ularning o‘z hududlarida shunga doir olib borishi mumkin bo‘lgan ishlarini muhokama qildi. Shu bilan birga, Bo‘stonliqda tashkil etilayotgan kapsula uylardan iborat zamonaviy dam olish maskaniga alohida to‘xtalib o‘tildi, zero bunday maskanlar ekologik nuqtai nazardan ayni muddaodir. Sektor rahbarlari ham o‘z hududlari doirasida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirish mumkin bo‘lgan ishlar bilan bo‘lishishdi.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev esa davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, shu jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, rekreatsiya zonalarini tashkil etish va sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtaldi. Shuningdek, joylashtirish vositalari va modulli mehmonxonalar uchun ajratilayotgan subsidiyalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Bu subsidiyalar turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining muhim bir qismi bo‘lib, sohadagi infratuzilmaning yaxshilanishiga va yangi investitsiyalar tartibini tashkil etishga yordam beradi.

Bundan tashqari, seminarda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirishdagi yangi tendensiyalar muhokama qilindi. Turizmning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlardan barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun kompleks choralar ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari Toshkent viloyatining turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish uchun Bo‘stonliq tumaniga borishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, seminar natijalari O‘zbekiston turizm sohasining global bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va ekoturizm, etnoturizm, ekstremal turizm kabi yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish hamda mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring