Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Trampning tashabbusi “xomxayol” deb baholandi

Trampning tashabbusi “xomxayol” deb baholandi

AQSh prezidenti Donald Tramp harbiylarga butun mamlakatni raketa hujumlaridan himoya qiluvchi “Oltin gumbaz” tizimini yaratishni topshirgan edi. Oq uy ushbu tashabbus uchun mablag‘ ayamasligini bildirgan. Ammo ekspertlar bu g‘oyaning amalga oshishiga shubha bildirmoqda, deb xabar berdi CNN.

Tramp fikricha, Qo‘shma Shtatlarni ballistik va gipertovushli raketalar hamlasidan himoya qiluvchi mukammal tizim yaratilishi kerak. Bunga ayni paytda Isroil foydalanayotgan “Temir gumbaz” tizimini misol qilish mumkin. Ammo ekspertlar Isroil hududi ixcham ekani, AQSh kabi ulkan hududli mamlakatni raketa hujumidan butunlay himoya qilish esa xomxayol ekanini aytmoqda.

“Isroil kaftdek davlat. Shu bois uni radarlar, mobil va statsionar tutib qoluvchi qurilmalar yordamida 100 foiz ihotalash mumkin. Xo‘sh, bu tizimni Qo‘shma Shtatlarda qanday qilib joriy etish mumkin? Chegara va sohil chiziqlari bo‘ylab bunday tizimni o‘rnatgan taqdiringizda ham qit’alararo ballistik raketalar Kanzas uzra atmosferaga kirib kelishi mumkin”, – deydi SNN suhbatlashgan mutaxassis.

Qurollanish ustidan nazorat va qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha markaz direktori Jon Tirni ham Trampning tashabbusini strategik, texnologiya va iqtisodiy jihatdan ma’nisiz deb hisoblaydi.

AQSh harbiy dengiz kuchlarining iste’fodagi admirali Mark Montgomeriga ko‘ra, raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish uchun 7-10 yil vaqt kerak bo‘ladi, ammo o‘shanda ham tizim cheklangan holda faqat muhim federal markazlarni himoya qilishi mumkin.

Tramp mudofaa vaziri Pit Hegsetga 28 martga qadar raketaga qarshi qalqon tizimini yaratish bo‘yicha reja tayyorlash va taqdim etishni topshirgan.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Stiven Morani bu borada tegishli ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. “Oltin gumbaz” tizimiga oid 360 dan ziyod maxfiy va maxfiy bo‘lmagan taklif kelib tushgani aytilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring