Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijdagi yurtdoshimiz: Kichik startaplar tezroq harakat qiladi, qaror qabul qiladi va moslashadi

Xorijdagi yurtdoshimiz: Kichik startaplar tezroq harakat qiladi, qaror qabul qiladi va moslashadi

Ancha vaqtlardan buyon «Xorijdagi yurtdoshimiz» ruknini sizlar bilan bo‘lisholmay kelayotgandik. Ammo, o‘z loyihalari bilan birmuncha muvaffaqiyatlarga erishgan va xorijda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yoshlarimiz talaygina. Shu kabi yoshlarimizdan biri Mahammadyusuf Abdurahimov bilan onlayn suhbat uyushtirdik.

Qahramonimiz O‘zbekistonda bir nechta start-up loyihalarini muvaffaqiyatli ko‘targan, jumladan, 2020 yili pandemiya sharoitida ta’lim tizimi bo‘yicha onlayn platforma yaratgan. Shuningdek, Epam Systems kompaniyasida faoliyat yuritayotgan vaqtida bir nechta yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga erishgan.
Hozirda AQShda Dasturiy muhandislik va biznes administratsiya sohasida tahsil olmoqda.

– Dasturlash sohasiga qiziqishingiz erta boshlanganini yozgan ekansiz, buni aynan nima bilan bog‘laysiz, batafsilroq aytib bersangiz?

– Dasturlashga qiziqishim bir nechta muhim omillar tufayli erta boshlangan. Olti yoshimdan oilamizda kuchli NVIDIA video kartali kompyuter bo‘lgan – o‘sha davrda bunday qurilmalar juda kamyob edi. Aniq fanlarga, ayniqsa, matematikaga qiziqardim va ota-onam 3-sinfdan boshlab ingliz tili kurslariga berishgan.

Ammo eng muhim omil – menda paydo bo‘lgan savollar edi: «Butun dunyo ishlatayotgan dasturlarni kimlar yaratyapti?» yoki «Qanday qilib millionlab odamlar bir platformani muloqot uchun ishlata oladi?». Bularning barchasi men uchun ajoyib mo‘jiza edi.

7-sinfda informatika o‘qituvchimiz aytgan bir fikr hayotimni o‘zgartirib yubordi: «Har bir foydalanuvchidan $1 olish mumkin. Agar minglab insonlar muammosini yecha olsang – minglab dollarlar, millionlab insonlar muammosiga yechim bera olsang – millionlar ishlab topishing mumkin». O‘sha kundan boshlab qanday bo‘lmasin dasturchi bo‘lib, insonlar muammolariga yechim berishni maqsad qildim.

– Ilk muvaffaqiyatli start-up loyihangiz va nega aynan shu yo‘nalishni tanladingiz?

– Birinchi haqiqiy startapimizni do‘stlarim Azizbek Ergashev va Habibullo Xatamov bilan birga 17 yoshimizda boshlaganmiz. Biz Westminster xalqaro universiteti akademik litseyida birga o‘qigandik. Pandemiya tufayli so‘nggi semestrni onlayn o‘tkazishga majbur bo‘ldik va bu bizda g‘oya tug‘ilishiga sabab bo‘ldi – O‘zbekistonda onlayn ta’lim platformalari juda kam edi, shuning uchun onlayn kurslar marketpleysini yaratishga qaror qildik.

2020 yil avgust oyida loyihani ommaga taqdim etdik. Hammamiz o‘z uyimizdan turib, dasturning turli qismlarini ishlab chiqardik. Har kuni ertalab soat 4-5larda onlayn ucharshuv qilib olardik. Dastur ishga tushgan birinchi haftadayoq, kichik marketing harakatlardan so‘ng, andijonlik bir investor 50 ming AQSh dollari miqdoridagi sarmoya taklifi bilan aloqaga chiqdi. Dastur yangi edi va uni kengaytirish uchun mablag‘ zarur edi, lekin biz qiyinroq yo‘ldan yurishni va birinchi kundan katta ulushni berishni istamagandik.

Qattiq mehnat natijasida dastur avvaliga 1000, keyinchalik 5000 foydalanuvchiga yetdi. 2021-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining  Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Yoshlar ishlar agentligi tomonidan o‘tkazilgan «Just Start» startaplar akselerasiyasida 137 startap ichidan 30 ta eng yaxshi startaplar qatoriga saralanib, ular orasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik va 5000 AQSh dollari miqdorida grantni qo‘lga kiritdik.

Bu startapni moliyaviy jihatdan foydaga ko‘tarilgan deb bo‘lmasa-da, 2 yil davomida minglab insonlarning foydali kurslarda ilm olishlariga sababchi bo‘lganimizni chinakam muvaffaqiyat deb hisoblasa arziydi.

– Digital Generation Uzbekistan’dagi faoliyatingiz haqida, qaysi loyihalaringizni davlat rahbariga taqdim qilgansiz?

– Digital Generation Uzbekistan jamoasiga dastlab dasturchi mentor asistent sifatida qo‘shilganman, keyinchalik esa dasturchi va loyiha menejeri sifatida ham faoliyat olib borganman. Jamoada ochiq ko‘ngilli insonlar birlashgan bo‘lib, O‘zbekistonda minglab insonlarga dasturlash, media va marketing hamda robototexnika yo‘nalishlarida ilm ulashish maqsadini qo‘yishgandi. Digital Generation jamoasi a’zosi sifatida 2 yil ichida umumiy 30 000 dan ortiq insonlarga IT, marketing va robototexnika sohalarida bilim berishda o‘z hissamni qo‘shdim.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining IT-parklardan biriga tashrifi doirasida, eshitish imkoniyati cheklangan insonlar uchun mo‘ljallangan Zamin Education loyihasini taqdim etish sharafiga muvaffaq bo‘lgandim. Zamin Education loyihasiga qo‘shgan hissalarimdan biri bu mobil ilovalar interfeysi mavzusida 2 ta kursda umumiy 43 ta darslarni yozganim edi. Hozirda ushbu loyiha eshitish imkoniyati cheklangan minglab yoshlarmizga o‘zlarining IT bilimlarini oshirishda katta ko‘mak bo‘lib kelmoqda. Zamin Education loyihasi doirasida nafaqat onlayn tartibda, balkim jamoa bilan respublika bo‘ylab maktablarda offlayn tartibda ham darslar olib bordik.

– Epam Systems’dagi faoliyatingiz haqida va qaysi yirik brendlar bilan ishlagansiz?

– Epam Systems’da ishlagan yirik brendlar nomlari shartnomadagi maxfiylik bitimi (NDA) tufayli ularning nomlarini ochiq ayta olmayman. Epam Systems doirasida katta miqyosdagi foydalanuvchilarga ega bo‘lgan loyihalar bilan ishlash, ularni optimizatsiya qilish orqali ko‘plab dasturlash ko‘nikmalarimni oshirdim. Bulardan biri osha vaqtda oyiga 21 million tashrif buyuruvchilarga ega yangiliklar platformasi bo‘lsa, ikkinchisi jahon miqyosida taniqli fashion brendlardan biri edi.

– Qaysi yo‘nalish bo‘yicha ta’limni davom ettiryapsiz?

– Hozirda AQShda dasturiy muhandislik hamda biznes administratsiyasi yo‘nalishlarida tahsilimni davom ettiryapman.

– Hozirgi loyihalaringiz haqida?

– AQShga ketishimdan avvaroq boshlangan optochka.com loyihasi hozirgi kundan yuzlab restoranlarga yetkazib berish va restoranlarni tizimlashtirish hamda marketingni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda yordam berib kelmqoda. Loyihada men asoschi texnologik dirketor sifatida faoliyat yuritganman va asoschi Abdulazizbek Sharipov bilan birgalikda 10-12 kishidan iborat jamoa qurib, loyihani boshlagandik. Loyiha restoranlarga o‘z restoranini turli sotuv platformlariga, xususan uzum tezkor, yandex eats va telegramdagi o‘z sotuv ilovasini yo‘lga qoyishga yordam beribgina qolmay biznesning o‘sishiga zarur bo‘lgan analitik imkoniyatlarni taqdim etadi.

AQShda amalga oshirgan loyihalarim ichida KHMApp.org loyihasi alohida o‘rin tutadi. Bu platforma minglab insonlarga ish, uy, mashina va boshqa kundalik hayotdagi kerakli e’lonlarni topishda yordam beryapti. Dasturni do‘stim Hojiakbar Mo‘minov bilan birgalikda 2023 yil avgust oyida ishga tushirdik. Loyiha faoliyatining birinchi 3 oyi ichida 100 mingdan ziyod tashriflar va 10 mingdan ortiq foydalanuvchilarni jalb etdik. Hozirda Ventur investorlar bilan muzokara ishlarini olib bormoqdamiz.

Bundan tashqari, 2023 yil noyabr oyida Azimjon Pulatov va Muhammadyusuf Abdullayevlar bilan birga 42.uz loyihasiga asos soldik. Hozirda bu platformada jahon miqyosidagi yirik IT kompaniyalarda ishlayotgan mutaxassislar ta’lim berib kelmoqda. Bugungi kunga kelib 12 mingdan ziyod o‘quvchi platformadan faol foydalanmoqda.

Umuman olganda, juda ko‘p loyihalar bilan aloqador va asoschi bo‘lganim uchun ijtimoiy tarmoqlarda 10xstartuper (10 karra startupchi) tahallusi ostida startaplardan olgan bilimlarimni ulashib boraman.

– Qo‘shma Shtatlardagi qaysi platformalarni O‘zbekistonda ko‘rishni xohlardingiz?

– Umuman olganda, Visa va MasterCard’ning O‘zbekistonda faoliyati boshlangani bilan, AQShdagi deyarli barcha platformalarni O‘zbekistonda ham ko‘rish mumkin. Masalan, hozirda hech kim Telegramga raqobatchi dastur yaratib, uni «O‘zbekistonga kirib keldi» deya olmaydi, chunki tez sur’atda globallashayotgan virtual dunyo endilikda dunyoning istalgan nuqtasidan turib ishlash imkonini bermoqda.

– O‘zbekistonda IT sohasining aynan qaysi yo‘nalishlari oqsaydi deb o‘ylaysiz va nimalarga e’tibor berish kerak?

– IT juda keng soha bo‘lgani uchun uning barcha yo‘nalishlarida bir kishi mutaxassis bo‘la olmaydi, shuning uchun qaysi yo‘nalishlar «oqsayotgani» haqida aniq fikr bildira olmayman. Ammo, menimcha, insonlarimizdagi o‘z-o‘ziga cheklov qo‘yish, savol bermaslik va global emas, faqat lokal fikrlash bizni har qanday sohada ortga tortadi.

Rossiyada yaratilgan dasturlar Markaziy Osiyo mintaqasida faol ishlatilayotgan bir vaqtda, biz hali-hanuz faqat O‘zbekiston bozori uchun dasturlar yaratmoqdamiz. Albatta, mahalliy darajada boshlangan loyihalarni global miqyosga olib chiqishimiz, lokal fikrlarni global fikrlarga aylantira olishimiz kerak.

– O‘zbekistonni IT bilan yaqin besh yilda qanday tasavvur qilasiz?

– So‘nggi 2-3 yil davomida ko‘proq AQSh sanoati va bu yerdagi bozor iqtisodiyotini o‘rganishga sho‘ng‘ib ketganim sababli, O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlardan xabardor bo‘lmasligim mumkin. Ammo O‘zbekistonda IT sohasidagi o‘zgarishlar juda tez sur’atda amalga oshirilmoqda.

Bu qisman O‘zbekistonning nisbatan kichikroq davlat ekanligiga ham bog‘liq. Buni kichik startaplar katta korporatsiyalarni yengishi mumkin degan qoidaga qiyoslash mumkin – kichik startaplar tezroq harakat qiladi, tezroq qaror qabul qiladi va moslashadi.

O‘zbekistonning keyingi 5 yil ichida yirik IT habga aylanishi uchun yoki har qanday sohada muvaffaqiyat qozonishi uchun, tezlik juda katta ahamiyatga ega. Tezkor qarorlar va amaliy harakatlar O‘zbekistonni IT sohasida oldinga siljishning kalit omili bo‘ladi.

Mahfuza Ruyiddinova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring