2-martdan buyon «osmon uzoq, yer qattiq»

Isroil ma’muriyati G‘azo sektorida vayronkor urushni qayta boshlagan bir vaqtda hududning ikki milliondan ziyod aholisi yana ochlik xatariga ro‘baro‘ keldi. Joriy yil 2 martdan buyon G‘azoga oziq-ovqat va dori-darmon kelishi butunlay to‘xtagan.
Xalqaro tashkilotlar hudud aholisi boshiga misli ko‘rilmagan gumanitar falokat soya solib turgani haqida bong urmoqda.
Isroil armiyasi 18 martdan e’tiboran AQShning «oq fotihasi» bilan G‘azo sektoriga yana bomba yog‘dira boshladi. 19 yanvardan kuchga kirgan sulh bitimi doirasida biroz tin olgan g‘azoliklar yana urush domida qoldi.
HAMAS Isroilni G‘azo bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini bekor qilish uchun qamalda qolgan va himoyasiz tinch aholiga «xiyonatkor» hujum uyushtirganlik va o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni «qasddan sabotaj qilish»da ayblagan.
18 martdan buyon Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda kamida 710 kishi halok bo‘lgan. YuNISEFga ko‘ra, ularning 200 nafari bolalardir. Isroilning havo hujumlari tobora kuchayib borayotgan bir paytda qurbonlar soni yanada oshishi aniq bo‘lib qoldi.
Hududda ming bir mashaqqat bilan faoliyat yuritayotgan tibbiy xodimlarning qayd etishicha, sog‘liqni saqlash tizimi butkul izdan chiqqani va dori-darmon yo‘llari yopilgani sabab jarohatlanganlarning hayotini saqlab qolish imkoni yo‘q.
Qutqaruv xizmati xodimlari ham kerakli uskuna va jihozlar yo‘qligi bois vayronalar ostida qolayotganlarni olib chiqa olmayotir.
G‘azo fuqaro mudofaasi boshqarmasi vakili Mahmud Basal Isroil harbiy uchoqlari tinch aholi yashiringan uy va chodirlarga bomba yog‘dirayotganini aytgan.
Isroilning tanlovsiz bomba yog‘dirishi oqibatida G‘azodagi BMTga tegishli muassasa ham vayron etilgan, bir xodim halok bo‘lgan, besh kishi jarohatlangan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro tashkilotga tegishli binoga hujum uyushtirilganini qoralab, tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda 280 dan ziyod BMT xodimi o‘ldirilgan.
BMT bosh kotibi o‘t ochishni to‘xtatish bitimini tiklashni ham talab qilgan.
Isroil so‘nggi 18 yil mobaynida G‘azo sektorini havo, dengiz va quruqlik yo‘li orqali blokada qilib kelmoqda. Harbiy harakatlar sharoitida esa qamal shartlari yanada qattiqlashgan.
Yuz minglab aholi, jumladan, bolalar va ayollar ochlikdan aziyat chekmoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi ham 2 martdan buyon hududga oziq-ovqat yetkazilishi to‘xtagani og‘ir oqibatlarga olib kelayotganidan ogohlantirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter