Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda jamoat transportlarini kunu tun ishlash tartibiga o‘tkazish taklifi berildi

Toshkentda jamoat transportlarini kunu tun ishlash tartibiga o‘tkazish taklifi berildi

Strategik islohotlar agentligi tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar (Buyuk Britaniya, AQSh, BAA va Avstraliya) tajribasini o‘rganib, iqtisodiyotning ushbu turi rivojlangan shaharlarida yillik tushumlar miqdori sezilarli darajada yuqori ekanini aniqladi.

Agentlikning bildirishicha, xususan, 2023 yilgi ma’lumotlarda Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik tushumlar miqdori – 44 mlrd dollarni, Bangkokda – 10 mlrd dollarni, Nyu-Yorkda – 35 mlrd dollarni, Dubayda – 29 mlrd dollarni hamda Sidneyda – 3,8 mlrd dollarni tashkil etishi aytiladi.

Bundan tashqari, ushbu shaharlarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida alohida hududlar ajratilgan hamda qo‘shimcha ish joylari tashkil etilgan. Shuningdek, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish orqali yuqoridagi shaharlarda mahalliy va xorijiy turistlar soni ham ortib bormoqda.

Yuqorida keltirilgan shaharlarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qator islohotlar amalga oshirilgan.

Xususan:

  • ko‘ngilochar maskanlari va restoranlar 24 soat faoliyat yuritish huquqini beradigan litsenziyaga ega, qonunchilikka ularning ish vaqtini uzaytirish imkonini beruvchi normalar kiritilgan;
  • tunda faoliyat olib boruvchi tashkilotlar va aholi manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash hamda tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tungi mer (tungi hokim) lavozimi joriy etilgan;
  • London va Nyu-Yorkda tungi mer shahar hukumati, tadbirkorlar va jamoat o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini bajaradi;
  • tungi hayot faol hududlarda aholi va turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida politsiya patrullari soni ko‘paytirilgan hamda 24 soat davomida xizmat ko‘rsatadigan jamoat transportlari yo‘nalishlari yaratilgan;
  • Sidney shahrining tungi vaqtda xavfsizlik, tartib va tozalikni ta’minlash maqsadida pretsinkt elchilari (Precinct Ambassadors) joriy etilgan hamda London, Dubay va Nyu-York shaharlarda tungi avtobus va metro yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan;
  • tunda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari keng amalga oshirilib kelinadi;
  • Nyu-York va Sidneyda ko‘ngilochar maskanlar va tungi faoliyatni olib boruvchi tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar joriy etilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida bir qancha ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Misol uchun, Toshkent shahrida hozirga qadar 2 ta 24 soat faoliyat olib boradigan gastronomik ko‘chalar (Sultonali Mashhadi va Taras Shevchenko) mavjud bo‘lib, yana 8 ta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, viloyat rahbarlariga turistlar uchun dam olish dasturlarini tasdiqlash orqali savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan zonalarni aniqlash vakolati berilgan.

Shunga qaramasdan, Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

  1. 2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish.
  2. Tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini ta’minlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish.
  3. Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish.
  4. Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini 24 soatlik rejimga o‘tkazish.
  5. «Tungi Toshkent» elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yo‘nalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot olish imkonini yaratish.
  6. Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, ko‘chalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.

Agentlik, shuningdek, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Prezidentning «O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring