Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirbozlik: ziyofat kulti (madaniyati) kuchaymoqda...

Tadbirbozlik: ziyofat kulti (madaniyati) kuchaymoqda...

foto: internet, ochiq manba

Keyingi paytlarda qayerga qarasam tadbir, ma’raka, gap-gashtak. Kuni kecha qishloqqa borsam u yerda ham shu gap. Iftorlikka «birrovga kirdim, bu yerdan chiqib ovsinlarning «gap»iga borishimiz kerak», deydi biri, yana biri ikki kundan keyin akasi iftorlik qilmoqchi ekanini aytadi. Turli «...dosh»lar guruhida ham shu mavzu – falon joyga mehmonga bordim, iftorlik qilayapman, bir yig‘ilmaymizmi yoki gapimiz bor. Hozircha to‘ylar to‘xtab turibdi, hali to‘y to‘yga ulanadigan oylar oldinda. Tadbir, gap-gashtak, choyxonama-choyxona yurishdan boshqa ishi qolmagandek hammaning. Go‘yoki yashash degani – hayoting tadbirlar, ma’rakalar, mehmondorchilik atrofida aylanishi demak. «Topganimiz to‘ylarga buyursin», degan niyat aslida yaxshi ma’nodagi «qarg‘ishdek» nafaqat «naqd»imizni balki vaqtimizni tadbirma tadbir, to‘yma to‘y yurishga sarflab yuborayotgandekmiz. Birinchi eshitganimda, ko‘pchilikning bir vaqtning o‘zida bayram, tadbir, gap-gashtak qilishidan xursand bo‘ldim. Ammo keyin o‘ylab qoldim: bu an’ana haqiqatdan ham samimiy mehmondo‘stlikmi yoki «dasturxon dabdabasi kulti» degan yangi madaniyatning bir qismiga aylanib ulgurdimi? («Kult» – ma’lum bir odat, an’ana yoki urf-odatning haddan tashqari ideallashtirilishi, hatto maqsadga aylanishi.) 

Bizning mehmondo‘stligimiz tarixiy qadriyat, lekin bu qadriyat hozir qanday shakl oldi?  Ilgari gashtaklar va iftorlar tor doirada o‘tar edi, hozir esa ular ommaviylashdi.  Ko‘pchilik uchun bunday tadbirlar ijtimoiy maqom ko‘rsatish vositasiga aylanyapti. «Qaysi restoranda iftor o‘tkazding?», «Falon odam uchun iftorlik qildim», «Bugun choyxonam bor»,

«shu oy uchta «gap»im bor», ijtimoiy tarmoqlarga kirsang ham: «falon joyda «pati», ya’ni bazmda mazza qildim», degan fikrlar...

Haqiqiy mehmondo‘stlikmi yoki ko‘z-ko‘zlash

Bu mehmonnovozliklarning bir uchi ijtimoiy bosimga borib taqaladi. Ya’ni bunday ziyofatlar «hashamga qarab odam qadrlanadi» degan tushunchani kuchaytirib yubormayaptimi? Kimning dasturxoni to‘kin, kimning taomlari xil-xil – shu narsalar inson qadrini belgilaydimi? Ochig‘i, bu qadimdan mehmondo‘stlikka katta e’tibor bergan jamiyatimiz uchun jiddiy savol. Nazarimda oddiylik, samimiylik o‘rniga hashamat va isrof madaniyati kuchayayotgandek. 

Masalan, iftor – ibodat uchun ajratilgan vaqt, ruhiy poklanish davri. Ammo u shunchaki katta yig‘ilish va hashamatli ovqatlanish tadbiriga aylansa, ma’naviyat nuqtai nazaridan qanchalik ahamiyatli? 

Bir qaraganda, bu yig‘inlar yaxshi – odamlar bir-biri bilan ko‘rishadi, muloqot qiladi, uyda o‘tirib qolmaydi. Ammo bu an’ana ayrim hollarda formal majburiyatga aylanib borayotgani ko‘zga tashlanadi. To‘yga borsangiz, kamida uch soat o‘tirishingiz shart.  Qolmasangiz, «hurmat qilmadi» degan gap chiqadi.

Tadbirlarda ovqat masalasi

Ilgari yig‘inlarda taomlarning xili sanoqli edi. Hozir esa ovqatning turi ko‘paymoqda. Saxovat va isrof o‘rtasidagi farqni yo‘qotib qo‘ydik. Katta dasturxon yozish va ko‘p odamni chaqirishni saxovat deb o‘ylaymiz, ammo haqiqiy saxovat muhtojlarga yordam berish emasmi? 

Qolaversa oila budjetiga og‘irlikni aytmaysizmi. Har bir gashtak, tug‘ilgan kun, choyxona – bu katta xarajat. Agar bunday tadbirlar haddan tashqari ko‘paysa, inson o‘z moliyaviy barqarorligiga zarar yetkazishi mumkin. 

Buning ortidan balki kimlardir dam olar, ammo kimlargadir stress va charchoq keltirib chiqarishimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Ayniqsa katta tadbirlar ko‘pincha uy bekalari uchun og‘ir yukka aylanadi. Har doim mehmon kutish, katta dasturxon yozish va ideal ko‘rinishga intilish orqali charchoq va asabiylik kuchayadi. 

Tabiiylik o‘rniga sun’iylik

Avvalari kamtar dasturxon va samimiylik eng muhimi edi. Hozir esa hashamkorlik, restoranlarda qilinadigan tantanalar va sun’iy bezaklar muhim bo‘lib qoldi. 

Odatiy va bir xil ssenariylar-chi?

Barcha tadbirlar bir-birini takrorlayapti: bezaklar ham, ovqatlar ham, hatto so‘zlashiladigan gaplar ham.

Umuman bu tadbirlarda qanaqa samimiy suhbat bo‘lishi mumkin. Hamma boshini dasturxondan ko‘tarmasa, odamlar bir-birini eshitish uchun sharoit bo‘lmasa, shovqin-suron va qoshiq, kosalarning taraqlashi, qolaversa vaqt masalasi. 

Parhezning foydasi yo‘q

Ziyofatlar odamlarni birlashtirishi bilan birga, ularga ortiqcha vazn ham qo‘shishi mumkin. Ko‘pchilik to‘y yoki gap-gashtakka borganda «Yoqmasa, yeyish shart emas» deb o‘ylamaydi, chunki bu mehmondorchilik madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydi. Hech kim «mazam yo‘q» yoki «parhezdaman» deyishga jur’at qilmaydi. Qolaversa, ayrim tadbirlarda yog‘li va shirin taomlar shu qadar ko‘p bo‘ladiki, hatto parhez qilmoqchi bo‘lgan odam ham o‘zini tiya olmaydi.

Bundan tashqari, tadbirlarda ko‘p o‘tirish, kam harakat qilish ham semizlikka olib keladi. Mehmon bo‘lib borgan joyda aylanib yurish, sal yugurish yoki mashq qilish mumkin emas-da.

Ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan ma’rakalar

Avvallari odamlar birovning uyiga mehmonga borayotganini aytib qo‘yishning imkoni bo‘lmagan. Shu bois mehmondorchilik kam bo‘lgan. Ilgari to‘ylar, yubileylar, turli yig‘ilishlar faqat oila va mahallaning ichida muhokama qilinardi hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali ular keng yoyilmoqda. Bugungi kunda kimdir biror tadbir o‘tkazmasa, u «kamchilik»dek qabul qilinadi. Aksincha, o‘z tadbiri yoki bayrami haqida ijtimoiy tarmoqlarda gapirmagan odam «unchalik ham muhim emas»dek ko‘rilishi mumkin. Shu sababli ko‘plab odamlar nafaqat o‘zlari xohlagani uchun, balki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish berish uchun ham tadbirlar uyushtirishga harakat qiladi. Qovun-qovundan rang olibdi degandek, guruh-guruh bo‘lib yig‘ilishlar shu ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilmoqda. Qarindosh urug‘lardan ortib ijtimoiy tarmoq ya’ni virtual do‘stlarga ham vaqt topayapmiz. Topmasa, bormasa bo‘lmasa...

Gap-gashtak, choyxona, to‘y, bazmlar, tug‘ilgan kun, bayramlar va ularni o‘tkazishga sabablar haddan ortiq ko‘payib ketmayaptimi? Qachon mundoq yashash uchun vaqt topamiz yoki yashamoq degani shumi?

                                                                                                                            Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring