Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv va ichimliklarni raqamli markirovkalash tanqidi ortida nima yashiringan?

Suv va ichimliklarni raqamli markirovkalash tanqidi ortida nima yashiringan?

O‘zbekistonda raqamli markirovkalash va agregatsiyalash tizimini joriy etish –muzokaralarga sabab bo‘luvchi qadamdir. Dastlab ushbu vosita iste’molchilarni himoya qilish, kontrafaktga qarshi kurashish va mahsulot bozorlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida yaratilgan. Biroq, ayrim ishlab chiqaruvchilarning fikricha, bunday innovatsiyalarning asosiy maqsadi qo‘shimcha xarajatlar va biznes uchun to‘siqlar yaratishdir. Aslida ahvol qanday va ba’zi ommaviy axborot vositalarini to‘ldirib yuborgan tanqidiy maqolalar ortida qanday manfaatlar yashiringan bo‘lishi mumkin? Bizning tahririyatimiz bu masalani oydinlashtirishga qaror qildi.

Raqamli markirovka va agregatsiya: bu nima va nima uchun kerak?

Raqamli markirovka - bu har bir mahsulotga zavoddan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lni kuzatish imkonini beruvchi noyob kod beriladigan tizim. Bu kod qadoqqa tushiriladi va markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. O‘zbekistonda raqamli markirovka tizimi operatori «CRPT TURON» hisoblanadi. U «Asl Belgisi» tizimining ishlashi va rivojlanishini ta’minlaydi, u yerdan barcha ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasiga uzatiladi.

Hozirgi kunda tizim 385 ta ishlab chiqaruvchi va 1570 ta importchidan kelib tushayotgan 67 mingdan ortiq turdagi mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Tizim 7 milliarddan ortiq tovar harakatini monitoring qilishni ta’minlaydi.

Agregatsiya, o‘z navbatida, mahsulotlarni o‘z noyob kodiga ega bo‘lgan guruhli qadoqqa birlashtirishdir. Bu kod har bir joylangan qadoqning (iste’mol) identifikatsiya kodlari va yaratilayotgan qadoqning (guruhli) kodi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi axborotni saqlaydi. Bu bir turdagi mahsulotning har bir partiyasi va uning tarkibidagi har bir tovar birligining joylashuvini ochishga hojat qoldirmasdan aniq kuzatish imkonini beradi. Chakana savdo shoxobchasida iste’molchi tovarni ham iste’mol qadog‘ida (tarada), ham to‘liq guruhli qadoqda (blokda) sotib olishi mumkin.

Biroq bunday nazorat bozorning barcha ishtirokchilariga ham foydali bo‘lavermaydi. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar «ko‘tarilmaydigan xarajatlar» va «texnik qiyinchiliklar»dan shikoyat qilishmoqda. Rostdan ham shundaymi?

Tanqidchilarning dalillari: afsonalar va haqiqat

Markirovkalash uskunalarining yuqori narxi: bozor o‘sishimi yoki inflyasiya?

Raqamli markirovka va agregatsiya tanqidchilarining ta’kidlashicha, uskunalar va sarflash materiallarga qilinadigan xarajatlar narxlarning oshishiga va ishlab chiqaruvchilar uchun yo‘qotishlarga olib keladi. Biroq «CRPT TURON» statistikasi boshqa holni ko‘rsatmoqda. Raqamli markirovka joriy etilgan bozorlarda ishlab chiqarishning sezilarli o‘sishi, «yashirin» aylanmaning qonuniylashtirilishi va qonuniy import hajmining ko‘payishi kuzatilmoqda.

Tamaki mahsulotlari (2024 yil yanvar-oktyabr):

• bozor hajmi 25,6 foizga oshdi;
• ishlab chiqarish 17,1 foizga oshdi;
• qonuniy import 2,7 barobarga oshdi.

Alkogol mahsulotlari (2024 yil yanvar-oktyabr):

• bozor hajmi 16,1 foizga oshdi;
• ishlab chiqarish 15,2 foizga oshdi;
• qonuniy import 1,6 barobarga oshdi.

Farmatsevtika (2023 yil mart - 2024 yil fevral):

• bozor hajmi 18 foizga oshdi;
600 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar, shu jumladan xalqaro kompaniyalar raqamli markirovkani muvaffaqiyatli joriy etishdi.

Ushbu ma’lumotlar raqamli markirovka nafaqat bozor rivojlanishini rag‘batlantirishidan, balki uni qonuniylashtirishidan dalolat beradi.  U kelgusida tizimni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashi mumkin. Farmatsevtika va alkogol sanoatida markirovkaning muvaffaqiyatli qo‘llanilishi O‘zbekistonda raqamlashtirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini tasdiqlaydi.

Qo‘shimcha ravishda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidentining «Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga (2024 yil 30 maydagi PQ-203-son) ko‘ra, kompaniyalar markirovkalash uskunalarini olib kirishda bojxona to‘lovlaridan 2027 yil 1 iyunga qadar ozod etiladi.

Yuqori tezlikdagi ishlab chiqarish liniyalari: chaqiruvlarga tayyormi?

«UzCarlsberg» va Rossiyaning «Ochakovo» kompaniyasi kabi ishlab chiqaruvchilarning tajribasi raqamli markirovkaning eng tezkor liniyalarda ham muvaffaqiyatli joriy etilganini tasdiqlaydi.

Misol uchun, «Ochakovo» MPAK AJ korxonasida shisha idishlar uchun soatiga 40 000 idishgacha, temir taralar uchun esa bu ko‘rsatkich yanada yuqori - soatiga 72 000 idishgacha agregatsiya muvaffaqiyatli joriy etilgan.

Mahalliy pivo ishlab chiqaruvchi «UzCarlsberg» ham turli xil qadoqlar uchun agregatsiyani joriy qildi:

• soatiga 35 000 shishagacha bo‘lgan PET-tara;
• ish unumi soatiga 43 000 donagacha bo‘lgan shishalar;
• soatiga 44 000 bankagacha ish unumiga ega bo‘lgan alyumin idishlar.

Zamonaviy texnik yechimlar ishlab chiqarishning yuqori sur’atlarini saqlab qolish va yaroqsizlik xavfini minimallashtirish imkonini beradi.

Farmatsevtika, pivo va alkogol sanoatida raqamli markirovkaning muvaffaqiyatli joriy etilishi O‘zbekistonning raqamlashtirishga tayyorligini ko‘rsatadi. Uskunalarni sotib olish uchun davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, shu jumladan, bojxona to‘lovlarining bekor qilinishi bu jarayonni yanada jozibador qiladi.

Stikerlardagi yaroqsiz, yo‘qolgan va o‘qilmaydigan markirovka kodlaridan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi: bu qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladimi?

Tanqidchilar yaroqsiz kodlardan foydalanish imkoniyati yo‘qligi sababli raqamli markirovkalash uchun qo‘shimcha xarajatlar  kelib chiqishini ta’kidlamoqda.  Biroq, mustaqil ekspertlarning ta’kidlashicha, haqiqiy muammo kodlarning o‘zida emas, balki uskunalarni montaj qilish va ishga tushirishdagi xatolarda. Agar jarayonni to‘g‘ri sozlasangiz, yuzaga keladigan qiyinchiliklarni hal qilish mumkin. Bu masalalar ishlab chiqaruvchilar mas’uliyati doirasida bo‘lib, barcha ishlab chiqarish nuqsonlari vakolatli pudratchilar bilan samarali hamkorlikda bartaraf etiladi.

Internet va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar: tizim uzilishlarni qanday bartaraf etadi?

«Asl Belgisi» markirovka tizimi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan: zaxira internet kanallari va qo‘shimcha generatorlarning mavjudligi barqaror energiya ta’minoti va uskunaning uzluksiz ishlashini kafolatlaydi.

Ishlab chiqarish liniyalarining avtonom ishlashi ma’lumotlarni oldindan yuklash orqali ta’minlanadi: ishlab chiqaruvchilar kodlarni bir kun yoki bir necha kun oldin buyurtma qilishlari, zarur hisobotlarni esa aloqa tiklanganidan keyin raqamli markirovkalash tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Raqamli markirovka operatori tizim bilan integratsiyani osonlashtiradigan API va ko‘rsatmalarni taqdim etadi. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday savollarni tezkor hal qilish uchun qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud.

Alyumin idish va qaytariladigan shisha idishlar uchun raqamli markirovka: yechimlar bormi?

2021 yil dekabr oyidan boshlab alyuminiy idishdagi pivoni raqamli markirovkalash muvaffaqiyatli joriy etildi. «UzCarlsberg» va «INTER-ROHAT» kabi yirik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini markirovka qilish uchun stikerlardan foydalanadilar. Bundan tashqari, lazerli bosib chiqarish texnologiyalari faol qo‘llaniladi: markirovka lazer yordamida alyumin idishning kalitiga qo‘llaniladi. Ushbu texnologiyadan xorijiy ichimliklar ishlab chiqaruvchilar, shu jumladan mahalliy bozorga yetkazib beruvchilar foydalanmoqda.

Markirovka kodlari uchun oldindan to‘lov: zaruriyatmi yoki noqulaylik?

Tanqidchilar raqamli markirovka kodlarini berish va kuzatib borish uchun ishlab chiqaruvchilar oldindan to‘lash masalasini ko‘tarib, buni noqulay deb hisoblashadi.

Biroq, «CRPT TURON» ning ta’kidlashicha, oldindan to‘lov tizimi sog‘lom raqobatning kalitidir, chunki kodlar uchun to‘lovlarni va ularni qabul qilishni o‘z ishlab chiqarish hajmini tushunadigan ishlab chiqaruvchilar bajaradilar. Post-to‘lov tizimi kodlarni mutlaqo barcha ishlab chiqaruvchilarga, shu jumladan bunday imkoniyatni suiiste’mol qilishi mumkin bo‘lgan shubhali tadbirkorlarga ham yuklab olish imkonini beradi.

Ularda esa qanday?

Xalqaro tajribaga murojaat qilamiz. Raqamli markirovka tizimlari ko‘plab mamlakatlarda muvaffaqiyatli ishlaydi. Masalan:

• Xitoy (XXR): Respublikada ayrim turdagi tovarlarni majburiy markirovkalash - PIATS (Product Identification, Authentication and Tracking System) tizimi amal qiladi. U 69 dan ortiq toifalarni, shu jumladan maishiy texnika, kosmetika vositalari, shaxsiy himoya vositalari, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va sut mahsulotlarini qamrab oladi;

• Turkiya dorilar, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar uchun BUIS raqamli markirovkalash tizimini joriy qildi. Natijada kontrafakt mahsulotlari hajmi 20 foizga kamaygan, qonuniy sotuvlar esa 15 foizga oshgan. Dori vositalarida markirovkalash tizimi tufayli mamlakat har yili 1 milliard dollar tejaydi;

• Rossiya: 2019 yildan buyon 20 dan ortiq toifadagi tovarlarni qamrab olgan «Chestniy Znak» tizimi amal qilmoqda. Raqamli markirovka orqali 550 ga yaqin suv, ichimliklar va sharbat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ilgari hokimiyat organlariga hisobot bermaganliklari aniqlandi. Qonuniy bozor 30 foizga oshdi;

• Qozog‘iston: analogik NAQTY ONIM raqamli markirovkalash tizimi (operator «Qozoqtelekom» AJ) dorilar, alkogol va yengil sanoat tovarlari uchun joriy etildi, bu soliq tushumlarini 18 foizga oshirish imkonini berdi;

• Yevropa Ittifoqida EMVS (European Medicines Verification System) tizimi joriy etilgan bo‘lib, u soxtalashtirilgan dori vositalarining Yevropa yetkazib berish kanallariga kirib kelishining oldini oladi. Ishlab chiqaruvchi har bir qadoqqa o‘ziga xos identifikatorni yopishtiradi va qadoqni ochishdan himoya qilishni ta’minlaydi. Dori vositasining har bir qadog‘i originalligi Data Matrix kodi yordamida tasdiqlanadi. Bemorga sotishda unikal identifikator faolsizlantiriladi.

Tanqid ortida nima yashiringan?

Raqamli markirovkalashga qarshi bo‘lganlarning ko‘plab dalillari faktlar bilan tekshirishga bardosh berolmaydi. Muammo texnik nozikliklar yoki xarajatlarda emas, balki «yashirin» daromadlarni yo‘qotishni istamaslikda bo‘lishi mumkin. Raqamli markirovkalash va agregatsiyalash mahsulot harakatining butun siklini nazorat qilish imkonini beradi, bunda ishlab chiqarish va aylanma hajmini yashirish imkoniyati istisno qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining 2024 yil avgust oyida e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda rasmiy organlardan yashirilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning umumiy hajmi 422,9 trln so‘mni tashkil etgan. «Yashirin» iqtisodiyotdan O‘zbekiston davlat budjetiga yetkaziladigan yillik zarar 30 trillion so‘mga baholangan.

O‘zbekistonda suv va ichimliklarni raqamli markirovkalashda biznesga tayyorgarligini ko‘rishi uchun vaqt berilib, jarayon ikki yilga kechiktirildi. Biroq, hatto bugungi kunda ham joriy etishga qarshi va hukumat qarorini bajarmayotgan kompaniyalar mavjud. Bu bizni o‘ylashga majbur qiladi: bu tanqidchilar kim va ular kimning manfaatlarini himoya qiladi?

Tergovimiz shuni ko‘rsatdiki, raqamli markirovka nafaqat kontrafaktga qarshi kurashish usuli, balki «yashirin» harakat qilishga o‘rganganlar uchun ham jiddiy tahdiddir. Savol raqamli markirovka biznes uchun foydali yoki foydasizligida emas, balki kim halol qoidalar bo‘yicha o‘ynashga tayyorligida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring