Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud Navoiy viloyati SSP boshlig‘iga nisbatan hukm o‘qidi

Sud Navoiy viloyati SSP boshlig‘iga nisbatan hukm o‘qidi

Joriy yilning aprelida Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyeva firibgarlik jinoyatini sodir etganlik va pora berishda ishtirokchilikda gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

M.Omonboyevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy viloyati Navbahor tumani sudida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi. U Jinoyat kodeksining 168-modda 4-qismi a-bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan mahkamaga tortilgan.  

Sud tergovi bayonnomasiga ko‘ra, sudlanuvchi Merey Omonboyeva xizmat mavqeidan foydalanib, Navoiy shahridagi tadbirkorlik sub’yektlariga o‘zini Navoiy shahar hokimiyati mansabdor shaxslari bilan yaqin munosabatda ekanligi haqida soxta tasavvur uyg‘otib, tadbirkorlik sub’yektlariga go‘yoki Navoiy shahar hokimi bilan tanishtirib qo‘yishni va’da qilgan holda, shahar hokimi nomidan qarz evaziga pul mablag‘larini so‘rab olib, ularning pul mablag‘larini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.

U, jumladan, Navoiy shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi M.R.dan o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun 2022-2023 yillar oralig‘ida jami 80 mln so‘m pul mablag‘larni qarz sifatida olgan. Biroq M.Omonboyeva ushbu qarzini qaytarib bermaslik va M.R.ning boshqa pul mablag‘lariga egalik qilish maqsadida 2023-yilning oktyabr-noyabr oylarida Navoiy shahar hokimi D.Ergashev nomidan soxta «Telegram» akkaunti yaratadi va unda yozishmalarni soxtalashtirib tadbirkorga ko‘rsatadi. Shu tariqa tadbirkordan 56 mln so‘m va 23 ming AQSh dollari (ekvivalenti 282 mln 440 ming so‘m) jami 338 mln 440 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritadi.

Yuqoridagi aniqlangan holatlardan kelib chiqib, sud, sudlanuvchi M.Omonboyevaning jabrlanuvchi M.R.dan uning ishonchiga kirib, uni ishontirish maqsadida shahar hokimi bilan yaqin munosabatda ekanligini isbotlash maqsadida u bilan bo‘lgan yozishmalarni soxtalashtirib, bu bilan M.R.ni ishontirib, firibgarlik yo‘li bilan pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan deb topdi. Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi M.Omonboyevaning qilmishlari JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.

Shuningdek, sud, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonuni talabidan kelib chiqib, M.Omonboyevaning ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmaganligi, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanayotganligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining «Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangangani, 2020-yilda «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangani, yetkazilgan zarar qoplangani jinoyatni ijtimoiy xavfliligini yo‘qotgan deb hisoblab, O‘zbekiston Respublikasi JKning 70-moddasiga asosan jazosidan ozod qilishni lozim topdi.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng sudlanuvchi M.Omonboyevaga nisbatan qo‘llanilgan «garov» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring