Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putinning Shimoliy Koreya safaridan ko‘zlangan asl maqsadi ochiqlandi

Putinning Shimoliy Koreya safaridan ko‘zlangan asl maqsadi ochiqlandi

Har ikki siyosatchi dunyoda ihotalanib qolmaganini ko‘rsatishga urinadi

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin joriy yil 18-19 iyun kunlari Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi bilan bordi. Bu Rossiya rahbarining Pxenyanga 2000-yildan keyingi ilk tashrifidir. 

Muzokaralar yakunida Putin hamda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In tomonlardan biriga hujum uyushtirilgan taqdirda o‘zaro harbiy ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida bitim imzoladi. Ushbu bitim «sovuq urush» davrida, 1961-yili SSSR va Shimoliy Koreya o‘rtasida imzolangan mudofaa sohasida o‘zaro ko‘mak to‘g‘risidagi bitimga muqoyasa etilmoqda. Ammo bitim matni hali jamoatchilik hukmiga to‘liq havola etilmagani sabab, tahlilchilar tomonlar aynan qanday majburiyatlarni olishi borasida fikr aytishga shoshilmayotir.

Shimoliy Koreya Rossiyani qurol bilan dastaklayotgan sanoqli davlatlardan biri (Emad Hajjaj)

Xalqaro hamjamiyatdan ihotalanib borayotgan ikki davlat rahbari uchrashuvi G‘arb mamlakatlarida diqqat bilan kuzatildi. Berlindagi «Fan va siyosat» markazi tahlilchisi Volfgang Rixter fikricha, Putinning Pxenyanga chorak asrlik tanaffusdan keyingi tashrifi birinchi navbatda G‘arb davlatlariga «yakkamoxov» emasligi, ittifoqchilarga ega ekanini ko‘rsatish istagi bilan izohlanadi.

«Bugun Rossiya ma’lum ma’noda ihotalanib bo‘ldi. Global Janubdan emas, ammo G‘arb dunyosidan. G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya global miqyosda yakkalanib qolmagani, ittifoqchilarga ega ekanini ko‘rsatishdan manfaatdor. Moskva shu bois ham Xitoy, Shimoliy Koreya, Vetnam, shuningdek, BRIKS (Braziliya, Hindiston, JAR va boshqalar) davlatlari bilan yaqin hamkorlikka urinmoqda. O‘ylaymanki, (Pxenyanga tashrif) ortida ham birinchi galda ana shu siyosiy maqsad yotibdi», – deydi  germaniyalik harbiy ekspert.

Tahlillarga qaraganda, Moskva va Pxenyan “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida bir-birini dastaklab kelmoqda.

«The New York Times» nashriga ko‘ra, Moskva BMT cheklovlarini chetlagan holda Pxenyanga 30 million dollarlik muzlatilgan mablag‘dan 9 millionini olish imkonini taqdim etgan.

Shimoliy Koreya esa Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun artilleriya snaryadlari va bir necha turdagi raketalar bilan ta’minlagan.

Putinning Pxenyanga so‘nggi tashrifi davomida harbiy hamkorlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Tahlilchi V.Rixter Shimoliy Koreya yetkazib berayotgan o‘q-dori va raketalar Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda qo‘l kelmoqda deb hisoblaydi.

«Rossiyaga (Shimoliy Koreyadan) kamida bir necha million artilleriya snaryadi yuborilgani haqida ma’lumotga egamiz. Bu raqam 3 millionga yetishi mumkin. Qiyos uchun: Yevropa Ittifoqi bir yilda 155 mm o‘lchamdagi 1 million snaryad ishlab chiqarish borasida qiyinchiliklarga duch keldi. Pirovardida uning yarmi ishlab chiqarildi, xolos. Bu vaziyatda (Shimoliy Koreya o‘q-dorilari) Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini dastaklashda muhim o‘rin tutadi», – deydi Volfgang Rixter.

Avval xabar berganimizdek, Putin Shimoliy Koreyaga tashrifi chog‘ida KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen Inga yangi «Aurus» avtomobili, xanjar va serviz sovg‘a qildi.

Rossiya prezidenti yil boshida ham shimoliy koreyalik hamkasbini «Aurus» rusumli limuzin bilan siylagan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring