Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Mirziyoyev xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi

Prezident Mirziyoyev xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi

Bugun, 7 mart kuni Toshkent shahridagi Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosim avvalida davlat rahbari so‘zga chiqib, O‘zbekiston xotin-qizlarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy tabrikladi.

«Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy buyuk ona siymosi, mo‘’tabar ayol zotini ulug‘lab, ularning baxt-saodati yo‘lida barchamizni fidokor bo‘lishga da’vat etgani albatta bejiz emas.

Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi», – dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash borasida to‘xtalib, bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonning davlat siyosatida yetakchi o‘ringa qo‘yilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda ayollarning turli soha va tarmoqlarda mamlakat taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganlarini minnatdorlik bilan e’tirof etdi.

Qayd etilishicha, 2017 yilda boshqaruv sohasida xodimlarning 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Davlat rahbari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand xotin-qizlar uchun ham yetarli shart-sharoitlar yaratib berish yo‘lida ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi.

«Joriy yilda ularning har biri bilan manzilli ishlab, nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 ming nafar ayolning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli va ish izlayotgan opa-singillarimiz ishga joylashtiriladi.

Shuningdek, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi. Ularga psixologik yordam ko‘rsatilib, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladi», – dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘zining nutqida, shuningdek, ayollarni ommaviy sport turlariga, tadbirkorlikka jalb qilish, ularning ta’lim olishiga ko‘maklashish, munosib ish o‘rinlarini yaratish kabi masalalarga ham to‘xtaldi.

Shu bilan birga bayram munosabati bilan mehnat faoliyati va jamoat ishlarida katta natijalarga erishgan, el-yurt o‘rtasida hurmat va e’tibor topgan ayollardan bir guruhi davlatning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangani hamda o‘zining bilimi, iqtidori va odobi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan qizlardan 28 nafari turli sohalardagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani eslab o‘tildi.

Davlat rahbari so‘zi oxirida mamlakat ayollarini yana bir bor bayram bilan tabrikladi va kelgusi ishlarida ulkan yutuq va omadlar tiladi.

«Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.

Doimo farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida yurish nasib etsin! » – deydi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Nutqning to‘liq matni ushbu havolada.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring