Ozodbek Nazarbekov: Kelgusida tom ma’noda maqom klasteri tashkil qilamiz
Bugun uchinchi kun davom etayotgan II Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida «Maqom san’atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turkiy Parlament Assambleyasi raisi Mehmet Sureyya Er janoblari hamda 30 dan ortiq davlatdan 70 nafardan ziyod olimlar ishtirok etdi.
«Kelgusida maqom klasteri tashkil qilamiz, ya’ni maqom bilan bog‘liq qanday yo‘nalish bo‘lsa, maktab, institutlarni rivojlantiramiz. Maqomchilar uchun bunday tadbirlar o‘z ustida ishlashiga, tajriba orttirishiga turtki bo‘ladi. Xalqaro festival doirasida o‘tkazilayotgan mazkur ilmiy-amaliy anjuman o‘zaro tajriba almashish, istiqbol va manfaatli rejalar ishlab chiqish, xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi g‘oya va loyihalar uchun yangi ruh beradi», — dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Ayni paytda Zominga go‘zal oqshom cho‘kdi. Dastur doirasida maqomchilar tanlovi boshlandi. Ozarbayjon, Tojikiston maqomchilarining yuraklarni sel qilar xonishlari baland tog‘larda aks-sado berib, tog‘lar bag‘riga singib-singib ketyapti. Mana, eronliklar torlarini sozlab, davradan joy olishdi. Anjumanda Eronda maqomchilik juda rivojlangan, yaxlit bir universitet bor, degan gaplar chalingandi, bejizga emas ekan, hatto konsertga kelgan Zomin aholisini-da sehrlagan ko‘rinadi..
Turib ketishga shaylanganlar qaytadan joylashmoqda. Orqaroqda bir onaxon aytadi: «Maqom ham juda yaxshi konsert ekan, ertagayam bo‘larkanmi...».
Eslatib o‘tamiz: 28-29-iyun kunlari Ӯzbekiston va boshqa mamlakatlardan qatnashgan maqomxonlar ӯrtasidagi chiqishlarni 7 kishidan iborat xalqaro hakam a’zolari baholab borishmoqda. Natijalar 30 iyun kuni — festivalning yopilish marosimida e’lon qilinadi.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter