Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!»

«Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!»

«Ma’naviyat festivali» barchani ezgu maqsad yo‘lida birlashtirmoqda

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgan bir davrda, taraqqiyotning muhim asoslari bo‘lgan ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Shu jihatdan jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, har bir fuqaroning yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, qolaversa qalblardagi shukronalik tuyg‘usini namoyon etish, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyalarni keng targ‘ib qilish, sahovat va ko‘mak, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat tuyg‘ularini umumiy ijtimoiy harakatga aylantirish orqali jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish masalalari har doimgidanda dolzarb.  

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkazilayotgan «Ma’naviyat festivali»ning maqsadlaridan bir ham samimiy, bag‘rikeng, oq ko‘ngil xalqimiz bilan diydorlashish, suhbatlashish, madaniy tadbirlarni tuhfa etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilib kelinmoqda. 

Ta’kidlash o‘rinliki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab bir necha yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan ushbu festival ko‘pchilikning qalbidan joy oldi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Festival sababli ilm-ma’rifat, san’at ahli, kinoaktyorlar eng chekka qishloq, ovul, mahallalarda bo‘lib, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashmoqda. Ularning dardu tashvishlari, quvonchu yutuqlariga sherik bo‘lishib, hamdardu hammaslak bo‘layotgani aholining kayfiyatini ko‘tarayotgani ham rost gap. Shunday muloqotlar orqali yurtdoshlarimiz orasida o‘zaro mehr rishtalari bog‘lanmoqda, yuraklarga ezgulik kurtaklarini qadamoqda.

«Ma’naviyat festivali» Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynog‘idan Andijonning Xonabodigacha, Samarqandning Nurobodiyu, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘onigacha kirib bordi. Jumladan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining eng chekka hududi tog‘li Tolli qishlog‘i, Surxondaryo viloyatining eng chekka hududlaridan biri Sariosiyo tumanidagi Kundai jo‘voz qishlog‘iga yoki Namanganning qo‘shni respublika bilan 500 metr masofa ajratib turuvchi Hazratishoh qishlog‘iga targ‘ibotchilarning borishi, xalqimiz uchun kutilmagan bo‘ldi.  Albatta bunday uchrashuvlar ko‘ngillarda izsiz ketmaydi. Zero odamlar qalbida yuksak insoniy fazilatlar, ilm-ma’rifat, mehr-sahovat, hamjihatlik, birdamlik kabi tuyg‘ularning jo‘sh urishini o‘zi ham ma’naviyatdir. 

Festival doirasidagi tadbirlar turli lokatsiyalarda, xususan, hududlardagi madaniyat va san’at maskanlari, markaziy maydon va o‘yingohlar, mehribonlik va muruvvat uylari, imkoniyati cheklanganlar va maxsus tarbiya muassasalari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar, eng chekka, olis va chegara hududlar, mahalla, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbir dasturi rang-barang bo‘lib, bir qator loyihalarni qamrab olgan. Xususan, aholi va yoshlar orasida kitobxonlik, mehr-oqibat, vatanparvarlik, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik kabi tuyg‘ularini oshirishga qaratilgan «Vatan madhi» nomli musiqiy konsert dasturi, «Mutolaa marafoni», «Eng ma’anaviyatli mahalla» tanlovi, «Ma’rifat tur», «Ziyolilar forumi», «Uch avlod uchrashuvi», «Oila ma’naviyat qo‘rg‘oni», «Ma’rifat soati», «Inson qadri», «Ajdodlarga ehtirom», «Ma’naviyat kubogi» sport musobaqasi, «Milliy birdamlik» kabi ijtimoiy loyihalar shular jumlasidan.

Tadbirlarda Respublikadan 70 nafarga yaqin ma’rifat targ‘ibotchilari, olimlar, ziyolilar, kino va teatr aktyorlari, taniqli san’atkorlar hamda 120 nafardan ziyod mahalliy targ‘ibotchilar ishtirok etishmoqda.

Bugungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Andijon, Jizzax, Xorazm viloyatlaridagi chekka qishloq, mahalla va ovullarda  targ‘ibot tadbiri, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar va gala-konsert dasturlar tashkil etildi. Tadbirlarda uyushmagan yoshlar, nuroniylar, xotin-qizlar, profilaktik va probatsiya hisobida turuvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va imkoniyati cheklangan oila vakillari ishtirok etishdi. 

Shuningdek, «Kinokarvon» loyihasi orqali milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgan «Ilhaq», «O‘zbek qizi», «Abdulla Oripov», «Evrilish», «Ayol qismati», «Bahodir Yalangto‘sh» kabi o‘ndan ziyod milliy badiiy filmlar namoyish etildi.

«Ma’naviyat festivali» doirasida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va erishilgan ijobiy natijalar aniq hayotiy misollar orqali aholiga sodda va tushunarli shakllarda yetkazilmoqda.

Eng chekka qishloq, ovul va mahallalarda o‘tkazilayotgan jonli muloqotlar, she’riyat kechalari, konsert dasturlari va ijodiy uchrashuvlar orqali aholi, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy jarayonlarga daxldorlik, o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va shukronalik kabi chin insoniy tuyg‘ular kirib bormoqda.  

Targ‘ibot-tashviqot ishlarida zamonaviy usullardan keng foydalanish orqali aholi orasida kitobxonlik, milliy qadriyatlar shuningdek, san’at, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport keng targ‘ib etilmoqda.

Chekka qishloq, ovul va mahallalarda o‘tkazilgan tadbirlar, ilm-ma’rifat, adabiyot, san’at va madaniyat namoyondalari bilan ijodiy uchrashuvlar, ma’rifiy muloqotlar aholiga o‘zgacha ko‘tarinkilik, xush kayfiyat baxsh etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi «Ma’naviyat festivali» orqali mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi aholi qalbiga tom ma’noda «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan ezgu g‘oya kirib bormoqda.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring