«O‘zmilliybank» AJ Matbuot xizmati Zominsoyda Press-tur o‘tkazdi
Jazirama yoz mavsumi salqin, betakror tabiat qo‘ynida sayohat qilish, kutilmagan taassurotlarga boy damlarni o‘tkazishu maroqli hordiq olish uchun eng qulay palla. Aksariyat yurtdoshlarimiz ayni obu havoda asosan, xorijda dam olishni afzal ko‘radilar. Ammo bugun Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lgan turistlar «O‘zbekiston Shveysariyasi» nomini olgan bu joyga qayta-qayta kelish istagi bilan qaytadilar. Sababi so‘nggi yillarda turizmga qaratilgan e’tibor mazkur hududda o‘ziga xos aks sado bermoqda.
«O‘zmilliybank» AJ Matbuot xizmati tomonidan OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan Press-turdning ilk kunida bankning turizm yo‘nalishida moliyalashtirilgan loyihalari bilan tanishildi.
Ta’kidlash joiz, Prezidentimizning 2021 yil 6 apreldagi «Zomin» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi PF-6201-sonli farmoni ijrosi doirasida tumanning tog‘li hududlaridagi turistik salohiyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, xalqaro umummavsumiy kurortlar, mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmasi ob’yektlarini barpo etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi(TRZ)da, xususan «Suffa plato»sida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir.
«O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilgan zamonaviy dor yo‘li va ko‘p qavatli avtoturagoh loyiha-smeta hujjatlariga ko‘ra, ob’yektdagi qurilish-montaj ishlari qiymati 127 milliard 900 million so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida 2022 yil iyun oyida dunyoga mashhur Shveysariya kompaniyasi «Bartolyet AG» bilan dor yo‘li uchun uskunalar yetkazib berish va montaj qilish bo‘yicha jami qiymati 6 million 720 ming yevro bo‘lgan shartnoma imzolandi.
– «Zomin» osma dor yo‘li 2023 yil 25 avgustda to‘liq foydalanishga topshirildi, – deydi «Zomin» osma dor yo‘li bosh adminstratorisi Akbarxo‘ja Gaziyev. – Bu osma dor yo‘li 12 ta minorali 11 dona ustundan tashkil topgan. Shu bilan birga, 11-sonli eng baland minoraning balandligi 35 metrni tashkil etadi. 8- va 9-sonli ustunlar orasidagi eng katta masofa 615 metrni, yerga qadar eng yuqori balandligi esa 74 metrni, dor yo‘lining eng katta qiyaligi 42 gradusni, quyi stansiyaning dengiz sathidan balandligi 1 ming 961 metrdan ziyodni, yuqori stansiyasi esa salkam 2 ming 491 metrni, stansiyalar o‘rtasidagi balandlik farqi 529 yarim metrni va dor yo‘lining uzunligi esa 2 ming 102 metrni tashkil etadi.
Mijozlarni tashish uchun «Porshe» studiyasida ishlab chiqilgan dizayndagi har biri 8 o‘rindiqli 35 ta (yana 1 dona zaxira) kabina taqdim etilgan bo‘lib, maksimal harakatlanish tezligi 6 metr sekundgachani, harakatlanish chog‘ida kabinalar orasidagi masofa 141 metrni tashkil etadi. Maksimal o‘tkazish qobiliyati (bir tomonlama) soatiga 1 ming 200 kishigacha xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Ma’lumot uchun, mazkur kabinalarning texnik sozligini tekshirish va nazorat qilish maqsadida haftaning har dushanba kuni profilaktika o‘tkaziladi.Xuddi shu kuni dor yo‘lida mijozlarga xizmat ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatilib, 45 nafar mutaxassislar kabinalarning texnik xavfsizligini nazoratdan o‘tkazadilar. Sababi turistlarning nafaqat maroqli hordiq chiqarishi, balki xavfsizligi uchun ham javobgarlik ta’minlanishi zarur.
Bundan tashqari, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqasadida, dor yo‘lining pastki stansiya hududida yig‘ma metall konstruksiyalardan foydalangan holda 365 avtomobil sig‘imiga mo‘ljallangan 5 qavatdan iborat qor-yomg‘irlardan pana qilingan avtoturargoh xalqaro andozalar asosida qurib bitkazilgan bo‘lib, sayyohlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatib kelayapti.
Ayni paytda, dor yo‘li, avtoturargoh restoran va kichik kafe qo‘shilib jami 70 ga yaqin yosh yigit-qizlar doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan. Kelgusida ushbu dor yo‘li qurilishi davom ettirilib, 2030 yilgacha yana bir necha kilometrga uzaytirilishi rejalashtirilgan. Demak hech shubhasiz yana yangi ish o‘rinlari bir necha barobarga ortadi.
«O‘zmilliybank» AJ tomonidan «Zomin» TRZ hududida «Zomin wellness» sog‘lomlashtirish (SPA) markazi loyihasining umumiy maydoni 0,65 gektardan iborat. Binoning umumiy maydoni 1 ming 694 metr kvadrat, shu jumladan, asosiy xonalar maydoni 1 ming 400, ichki hovli 127,6 va yerto‘la 166,4 metr kvadratni tashkil etadi.
«O‘zmilliybank» buyurtmasi asosida qurilgan ushbu «Zomin wellness» SPA markazida mijozlarning dam olishlari va sog‘lomlashtirish xizmatlaridan foydalanishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Sog‘lomlashtirish markazi dizayni zamonaviy uslubda ishlab chiqilgan bo‘lib, yechinish-kiyinish xonalari, dush, erkaklar, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus hojatxona, 4 ta massaj xonasi, fin saunasi, zarbli basseyn, rus va turk hammomlari, dam olish maydoni, «tuzli g‘or» xonasi, diametri 4 metr bo‘lgan bolalar basseyni bilan birlashtirilgan 10,4x22 metr hajmdagi kattalar basseyni, oftobda toblanish uchun maxsus kreslolarli zona, fito-bar hamda terraskali ochiq ichki ayvondan iborat.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchilar va ishchilar uchun xonalar hamda SPA va basseynga xizmat ko‘rsatish uchun texnik yerto‘la mavjud.
Davlat ekspertizasidan o‘tgan loyiha-smeta hujjatlariga ko‘ra, ob’yektdagi qurilish-montaj ishlari qiymati 48 milliard 700 million so‘mni tashkil etadi.
«O‘zmilliybank» AJ tomonidan loyiha qisqa muddatda amalga oshirilib, hozirgi vaqtda barcha tizimlar ishlamoqda. Shuningdek, tutash hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham amalga oshirilishi davom etmoqda. Bugungi kunda 15 nafar yoshlar faoliyat yuritayotgan «Zomin wellness» sog‘lomlashtirish markazi mijozlarni qabul qilishni allaqachon boshlab yuborgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter