Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonliklarning ichimlik suvidan qarzdorligi qariyb 1 trln so‘mga yetgan

O‘zbekistonliklarning ichimlik suvidan qarzdorligi qariyb 1 trln so‘mga yetgan

Joriy yilda aholining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 74,4 foizdan 77,2 foizga oshdi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkichni 81 foizga yetkazish belgilangan. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.

«Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay bugungi kunda respublikada iste’molchilarning debitor qarzdorligi 954 mlrd  so‘mni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy iste’molchilarning qarzdorligi 767 mlrd so‘mni tashkil etsa, 186 mlrd so‘mlik qarzdorlik yuridik iste’molchilarning hissasiga to‘g‘ri kelyapti», – deydi Murodov.

Korxona rasmiysining qayd etishicha, respublika bo‘yicha ichimlik suvi va oqova suv xizmatlaridan qarzdorlikni undirish yuzasidan tegishli huquqiy choralar ko‘rish boshlangan va muntazam davom etyapti. Jumladan, joriy yil yanvar oyi holatida debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha sudlarga jami  13,6 mlrd so‘mlik da’vo arizalar kiritildi.

Respublika bo‘yicha sudlarga eng ko‘p da’vo arizalari Toshkent shahri va Samarqand viloyati suv ta’minoti korxonalari tomonidan chiqarilgan.

Akmal Murodovning ma’lum qilishicha, tashkilotning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlardan yana biri bu – ichimlik va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish bo‘lib, joriy yil boshidan buyon 696 ta (yetkazilgan jami zarar 5,5 mlrd so‘m) bunday holat kuzatilgan.

Shuningdek, 450 ta holatda iste’molchilar tomonidan suv o‘lchagichdan foydalanish qoidalariga amal qilinmagani natijasida 2,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring